Novorossiyskka zarbadan so‘ng don terminallari ishini to‘xtatdi
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Novorossiyskka uyushtirilgan tungi hujum natijasida Rossiya Harbiy-dengiz kuchlarining to‘rtta kemasi turli darajada shikastlanganini ma’lum qildi. Ukraina tomoniga ko‘ra, ular orasida «Kalibr» qanotli raketalarini tashuvchi «Admiral Makarov» va «Admiral Essen» fregatlari ham bor. Rossiya tomoni bu da’volarni hozircha tasdiqlamagan.

Novorossiyskdagi don terminallari hujumdan so‘ng faoliyatini to‘xtatdi.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi 12-avgust kuni Novorossiyskka tungi hujum natijalari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi. Ukraina Bosh shtabining xabariga ko‘ra, hujum natijasida Rossiya Harbiy-dengiz kuchlarining to‘rtta kemasi turli darajada shikastlangan. Bular "Admiral Makarov" va "Admiral Essen" fregatlari, "Buyan-M" kichik raketa kemasi hamda "Vasiliy Bykov" patrul kemasidir.
Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) "Admiral Makarov" va "Admiral Essen" fregatlari "Kalibr" qanotli raketalarini tashish imkoniyatiga ega ekanligini ta’kidladi. Ukraina tomoni Rossiya ushbu turdagi raketalardan Ukraina hududiga zarba berishda foydalanib kelayotganini ma’lum qildi.
UXX ma’lumotlariga ko‘ra, 12-avgustga o‘tar kechasi Novorossiyskda kemalardan tashqari yana bir qator ob’yektlar ham nishonga olingan. Ular orasida S-300 zenit-raketa tizimi tarkibiga kiruvchi radiolokatsiya stansiyasi, "Grushovaya" neft bazasi, mobil o‘t ochish guruhi hamda uchta prichal infratuzilmasi bor.
Ukraina maxsus xizmati hujumda uchuvchisiz uchish apparatlari, "Palyanitsa" reaktiv dronlari, "Neptun" raketalari va dengiz platformalaridagi zarba tizimlaridan foydalanilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, UXX bayonotida Ukraina Bosh shtabi tilga olgan "Buyan-M" kichik raketa kemasining shikastlangani haqida ma’lumot keltirilmagan.
"Vedomosti" va Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, tungi hujum oqibatida Novorossiyskdagi don infratuzilmasi ham zarar ko‘rgan. Novorossiysk don terminali va Novorossiysk non mahsulotlari kombinati (NNMK) ishini to‘xtatgani xabar qilingan. NNMKga tegishli don terminali ham shikastlangani aytilmoqda.
Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratyev hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgani va 24 kishi jabrlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Novorossiyskda 60 ga yaqin turar joy binosiga zarar yetgan. Mahalliy hokimiyat vakillari dron qoldiqlari Gelenjik, Anapa va Temryuk tumanidagi uylarga ham shikast yetkazganini bildirgan.
Rossiya mahalliy rasmiylariga ko‘ra, Krasnodar o‘lkasi tomon "yuzlab" dronlar uchirilgan.
Ukraina tomoni zarba berilgan ob’yektlar qatorida tilga olgan "Grushovaya" neft bazasi avval ham hujumga uchragan. ASTRA Telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, ob’yekt 8-iyundagi hujumdan keyin yongan. "Grushovaya" quvurlar tizimi orqali "Shesxaris" dengiz terminali bilan bog‘langan. U yerda neft tankerlarga yuklanadi. Mazkur majmua Krasnodar o‘lkasidagi "Transneft" magistral neft quvurlarining yakuniy nuqtalaridan biri hisoblanadi.

