Notarius ijro xatini bekor qilish tartibi o‘zgardi
O‘zbekistonda notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish va bekor qilish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, qarzdor ijro xati nusxasini olgan yoki uning yozilganidan xabar topgan kundan boshlab 10 kun ichida e’tiroz bildirib, notariusdan ijro xatini bekor qilishni so‘rashi mumkin.

Notarius ijro xatini bekor qilish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirining 2026-yil 7-avgustdagi 26-mh-son buyrug‘i bilan Notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar ma’lum qiladi. Hujjat 7-avgust kuni 3757-1-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qarzdor ijro xatiga nisbatan e’tirozlarini bildirib, uni yozgan notariusga bekor qilishni so‘rab murojaat qilish huquqiga ega. Buning uchun ijro xati nusxasi olingan yoki uning yozilgani ma’lum bo‘lgan kundan boshlab 10 kunlik muddat belgilangan.
Bunday holatda notarius ijro xatini bekor qilib, tegishli qaror chiqaradi. Qarorda undiruvchiga o‘z talabini da’vo ishini yuritish tartibida taqdim etishi mumkinligi tushuntiriladi.
Ijro xatini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror nusxasi undiruvchi va qarzdorga yoki qarzdorning oila a’zolaridan biriga topshiriladi. Shuningdek, hujjat pochta yoki boshqa aloqa vositalari, jumladan elektron pochta yoxud mobil telefon orqali yuborilishi mumkin.
Agar ijro xati Majburiy ijro byurosining tegishli bo‘linmasiga yuborilgan bo‘lsa, uni bekor qilish haqidagi qaror ham qabul qilingan kunning o‘zida mazkur organga yuboriladi.
Qarzdor belgilangan 10 kunlik muddatni uzrli sabablarsiz o‘tkazib yuborsa, notarius ijro xatini bekor qilishni rad etadi. Biroq kasallik, yaqin qarindoshining vafoti, O‘zbekistondan tashqarida bo‘lish kabi uzrli sabablar bundan mustasno. Notariusning rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga murojaat qilish mumkin.
Shuningdek, ijro xati yozilishiga asos bo‘lgan qarzdorlik elektron tizimlardagi texnik nosozlik tufayli yuzaga kelgani yoki hisoblangani aniqlansa, undiruvchi yoki qarzdorning murojaati asosida ijro xati bekor qilinadi.
O‘zgartirishlar identifikatsiya jarayoniga ham taalluqli. Fuqaroning jismoniy nuqsoni sababli barmoq izlarini maxsus moslamalar orqali skaner qilish imkoni bo‘lmasa, uning shaxsi Face-ID orqali verifikatsiya qilinadi.

