Norvegiyada yangi qirol qasamyod qildi

Norvegiyada yangi qirol Haakon VIII 1-sentyabr kuni poytaxt Oslodagi parlamentda mamlakat konstitutsiyasiga sodiqlik qasamyodini qabul qildi. U o‘tgan haftada vafot etgan otasi Harald V o‘rnini egalladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
31-avgust kuni qirol Haraldning tobuti qirollik saroyi cherkoviga keltirilgan edi. Fuqarolar 9-sentyabrdagi dafn marosimigacha marhum qirol bilan xayrlashishi mumkin.
Marosim Oslodagi Storting, ya’ni parlamentda bo‘lib o‘tdi. Parlament spikeri Masud Garaxani Haraldning vafoti va Haakonning taxtga o‘tirishi haqidagi rasmiy e’lonni o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng yangi konstitutsion monarx qasamyod keltirdi.
“Men Norvegiya Qirolligini uning Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq boshqarishga va’da beraman va qasamyod qilaman. Menga qodir va barchasini bilguvchi Xudo madadkor bo‘lsin”, dedi 53 yoshli monarx.
**Qirolicha Mette-Marit marosimda qatnashmadi**
Marosim oldidan saroy administratsiyasi qirolning rafiqasi qirolicha Mette-Marit unda ishtirok etmasligini bildirdi. U qirolicha unvonini olganidan beri 31-avgust kuni birinchi marta jamoatchilikka ko‘rinish bergan edi. Lekin u iyun oyidagi o‘pka ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasidan keyin hali tiklanmoqda.
Saroy bayonotiga ko‘ra, a’zo ko‘chirib o‘tkazilgandan keyin asoratlar yuzaga kelishi tez-tez uchrab turadi. Mette-Maritda ham bunday holat bir necha bor, jumladan, 1-sentyabr kuni ham kuzatilgan.
“Shu sababli qirolicha kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lishi kerak. Afsuski, buning ortidan qirolicha bugun Stortingdagi qasamyod marosimida qatnasha olmaydi”, dedi qirollik shifokori.
**Ramziy monarxiyaning roli qanday?**
Norvegiya qirollik oilasining ildizlari IX asrga borib taqaladi. Mamlakat 1905-yilda Shvetsiyadan o‘z mustaqilligini qaytarib olgan edi. O‘shanda o‘tkazilgan umumxalq ovoz berishida saylovchilarning to‘rtdan uch qismi ramziy konstitutsiyaviy monarxiyani tiklash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.
Asosiy siyosiy hokimiyat saylanadigan hukumat va parlament qo‘lida jamlangan. Biroq Norvegiya qirollik oilasi vakillari diplomatiyada va mamlakatni dunyoga tanitishda “yumshoq kuch” rolini saqlab qolgan.

