Noqonuniy qurilgan binolar faqat sud qarori bilan buzilishi mumkin - Qurilish vazirligi
Noqonuniy qurilgan binolar tegishli talablarga javob bermasa, ularni buzish masalasi faqat sud tartibida hal etiladi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakili Javohir Ergashboyev Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Qurilish vazirligi maʼlumotiga koʻra, noqonuniy qurilgan inshootlar faqat sud qarori asosida buzilishi mumkin.
Vazirlik vakilining soʻzlariga koʻra, agar hukumat amnistiya eʼlon qilib, obʼyekt tegishli roʻyxatga kiritilsa, bino avval instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkaziladi. Bu tekshiruvda obʼyektning belgilangan talablarga muvofiqligi hamda uni mustahkamlash imkoniyati bor-yoʻqligi aniqlanadi. Agar bino texnik talablarga javob bersa va zarur kamchiliklar bartaraf etilsa, u foydalanishga qabul qilinishi mumkin. Shundan soʻng davlat dalolatnomasi rasmiylashtirilib, mulk huquqi eʼtirof etiladi. Vazirlik vakili taʼkidlashicha, talablarga javob bermaydigan binolarni buzish vakolati biror davlat organiga toʻgʻridan-toʻgʻri berilmagan.
Javohir Ergashboyev shunday dedi: "Agarda bino hech qanday talabga javob bermasa yoki boshqa sabablarga koʻra qurilishi toʻxtatilgan obʼyekt boʻlsa, buni toʻgʻridan-toʻgʻri hech qaysi organ buzish vakolatiga ega emas. Bu faqat sud tartibi orqali amalga oshiriladi".
**Eskrou tizimi qurilishi tugallanmagan uylarga pul toʻlash xavfini kamaytiradi**
Qurilish vazirligi vakili suhbat davomida yangi eskrou tizimi haqida ham maʼlumot berdi.
Uning taʼkidlashicha, tizimning asosiy maqsadi – fuqarolarning qurilayotgan uylarga toʻlagan mablagʻlarini himoya qilish va quruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilmay qolishi xavfini kamaytirish.
Yangi tartibga koʻra, obʼyekt boʻyicha loyihalash ishlari amalga oshirilgandan keyin qurilishni boshlash uchun zarur mablagʻning belgilangan qismi maxsus hisobraqamga joylashtirilishi kerak boʻladi. Vazirlik vakili bu mexanizm orqali fuqarolarning pul toʻlab, keyin qurilishi tugallanmagan yoki boshqa sabablarga koʻra foydalanishga topshirilmagan uy bilan muammoga duch kelishining oldini olish maqsad qilinganini aytdi.
"Fuqarolar pulini toʻlab, aldanib qolib ketaveradimi, bino buzilib ketsa nima boʻladi – mana shuning oldini olish maqsadida bu tizim yaratildi", – dedi u.
Uning maʼlum qilishicha, eskrou tizimini ishga tushirish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

