Nomus uchun jang. 17 yoshli qiz qanday qilib Italiya qonunlarini oʻzgartirgan edi?
1965-yil Italiyada keyinchalik butun boshli mamlakat qonunlari oʻzgarishiga sabab boʻlgan hodisa sodir boʻladi. 17 yoshli qizni turmushga uzatmoqchi boʻlishganda u koʻnmaydi. Masala qizning yoshi bilan emas, shunchaki italyan jamiyatida qonuniy tus olgan noxush anʼana bilan bogʻliq edi. Koʻp oʻtmay qonunlar oʻzgaradi, yoqimsiz anʼana barham topadi.

Nomus uchun kurash: 17 yoshli qiz Italiya qonunlarini qanday oʻzgartirdi?
Har bir xalqning oʻziga xos urf-odatlari va anʼanalari bor, ularning baʼzilari boshqalar uchun gʻalati tuyulishi mumkin. Masalan, Markaziy Osiyo va Kavkazdagi ayrim xalqlarda qiz olib qochish, kelin oʻgʻirlash odatlari mavjud.
Hozirgi kunda qizlarni oʻgʻirlab, ularni turmushga chiqishga majburlash qonunan taqiqlangan boʻlib, bunday holatlar endi ramziy maʼnoda, yaʼni ikki tomonning roziligi bilan amalga oshiriladi. Biroq, bu odatlar paydo boʻlgan vaqtlarda yigitlar qizlarning roziligini soʻramasdan ularni oʻgʻirlab, turmushga chiqishga majburlaganlar. Majburiy qiz olib qochish holatlari hanuz uchrab turadi, ammo bunday zoʻravonlarga qonunan chora koʻrilayotgani sababli vaziyat ijobiy tomonga oʻzgargan.
XX asrning 70-yillarigacha Italiyada ham qiz olib qochishga oʻxshash odat mavjud boʻlgan. Qonunda bu ish amalda taqiqlanmagan edi. Agar yigit qizni oʻgʻirlab, zoʻrlasa va unga uylanishni talab qilsa, qiz qonunan hech narsa qila olmagan. Tabiiyki, qizni zoʻrlagan yigit javobgarlikdan qutulib qolgan. Aynan shu jazosizlik qiz oʻgʻirlashni anʼanaga aylantirgan.
Biroq, 1965-yilda 17 yoshli Franka Viola bu bemaʼni odatga qarshi chiqib, barchasini oʻzgartirib yuboradi. Qiz uni oʻgʻirlab ketib, zoʻrlagan yigitga turmushga chiqishdan bosh tortadi. Qizga bosim oʻtkaziladi, ammo ota-onasi uning yonida boʻlgani uchun Franka oʻz qarorida qatʼiy turadi. Oxir-oqibat, zoʻravon yigit jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Bu voqeadan soʻng Italiya parlamenti tegishli qonunlarni qayta koʻrib chiqadi. Deputatlar oʻz qurboniga uylangan yigitlarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi qonunni bekor qiladi.
**Franka Violaning oʻgʻirlanishi**
Franka Viola Italiya mafiyasining "vatani" boʻlgan Sitsiliya orolidagi Alkamo shahrida tugʻilgan. Oʻsha paytlarda Italiyada ayolning taqdiri koʻp hollarda oʻziga bogʻliq boʻlmagan. Sitsiliyada oila shaʼni va qizlarning nikohgacha boʻlgan obroʻsiga jiddiy qarashgan. Yaʼni, qizlar zoʻravonlik qurboni boʻlsa ham, jamiyat ularning huquqini himoya qilish, jinoyatchini jazolashdan koʻra, oila shaʼnini ustun qoʻyardi. Franka ana shunday jamiyatda ulgʻayadi.
17 yoshli goʻzal Frankaga yigitlar sovchi qoʻya boshlaydi, biroq qiz ularning hech biriga rozilik bermaydi. 1965-yil 26-dekabr kuni ana shunday rad etilganlardan biri Filippo Melodiya sheriklari bilan qizni oʻgʻirlab ketadi. Yigit Frankani sakkiz kun tutqunlikda saqlab, muttasil zoʻrlaydi. Qizning ota-onasi avvaliga Frankani kim oʻgʻirlab ketganini bilolmaydi. Koʻp oʻtmay, uni Filippo oʻgʻirlagani haqida gap-soʻzlar tarqaladi. Bir necha kun oʻtib, politsiya qizni ozod qiladi, zoʻravon hibsga olinadi.

