Layfstayl

Nodirabegim Ibrohimova: «Tarjima — sabr va so‘z tanlash azobi...»

Sun’iy intellektning bugungi darajasi tarjima maydoniga qulaylik olib kirdi, lekin shu bilan birga, jiddiy kasbiy

Nodirabegim Ibrohimova: «Tarjima — sabr va so‘z tanlash azobi...»

«Dunyolar jangi»ni o‘qiyotganingizda beixtiyor o‘yga tolasiz: sizni o‘ziga bog‘lab olgan narsa shunchaki fantastik voqealarmi yoki inson ruhiyatidagi pinhoniy kechinmalarmi? Xorij adabiyotining ana shunday salmoqli asarlarini o‘z tilimizda mahorat bilan so‘zlatgan ijodkorlardan biri Nodirabegim Ibrohimovadir.

1989-yilda Farg‘onada tug‘ilgan Nodirabegim Jahon tillari, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetlari hamda Ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar institutini tamomlagan. Bugungi kunda u falsafa fanlari doktori va Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Adibaning «Jodugar yoxud ming yillik hayot», «Men, dadam va Alsgeymer», «Oqdan qizilga» kabi kitoblari kitobxonlar ko‘nglidan chuqur joy olgan. Ijodiy mehnatlari evaziga u «Yilning eng yaxshi yosh ijodkori» (2017), Yozuvchilar uyushmasining mukofoti (2021) hamda Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot (2025) sovrindori bo‘ldi.

Shuningdek, u tarjimon sifatida Virjiniya Vulfning «Shaxsiy xona», «Mayoq sari», Frans Kafkaning «Milenaga maktublar», Hermann Hessening «G‘ildiraklar ostida», Kadzuo Ishiguroning «Meni qo‘yib yuborma» va Herbert Uelsning «Dunyolar jangi» kabi o‘ndan ortiq mashhur romanlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan.

Bugungi suhbatimizda Nodirabegimning ijod olami, tarjima mashaqqatlari va hayotga, adabiyotga bo‘lgan qarashlari haqida atroflicha so‘z yuritamiz.

— Tarjimonlikdan tashqari nasr va nazm yo‘nalishida ham ijod qilasiz. Boshqa yozuvchining matni bilan uzoq ishlash biron asar yozayotgan paytingizga ta’sir qiladimi?

— Tarjima va mualliflik ijodim men uchun doim bir-birini oziqlantiruvchi, ammo shu bilan birga, o‘zaro raqobatlashuvchi ikki yo‘nalish bo‘lib kelgan. Agar bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlasam, tarjima aslida ijodkor sifatida shakllanishimda katta maktab va beminnat ustoz vazifasini o‘tagan. Tarjimonlikni 15 yoshimdan boshlaganman va mutolaa, mashqlar ta’sirida 17 yoshimda mustaqil hikoyalar qoralashga havas uyg‘ongan. Tabiiyki, ilk tajribalar taqliddan boshlangan: masalan, O. Genri ijodiga ixlos qo‘yib, hikoyalarimda kutilmagan yechim, o‘ziga xos mantiqiy burilish yasashga intilardim. Boshqa qalamkashlarning matnini sinchiklab o‘girish orqali badiiyat nazokatini, puxta kompozitsiya qurishni, kulminatsiya va yechim muvozanatini, so‘z tanlash mas’uliyatini amalda o‘rgandim.

Ammo bu jarayonning ikkinchi, murakkab tomoni ham bor. Hozirgi kunga kelib tarjima vaqtimga to‘liq ega chiqdi: nashriyotlar bilan shartnomaviy ishlar deysizmi yoki ko‘ngil talabi bilan qo‘lga olingan katta asarlarmi, ularning ta’sirida shaxsiy ijod soyada qolmoqda. Tarjima muallifning ruhiga kirib borishni, uning dunyoqarashi bilan yashashni talab qiladigan ruhiy mas’uliyat. Mana shunday jarayon esa nasr yoki she’riyat uchun zarur bo‘lgan sukunatni, xotirjam mushohada maydoniga deyarli vaqt qoldirmaydi. Tarjimalar tugasa, she’r yozaman deb dilimga tugib qo‘yamanu, tarjimalar hech tugamaydigandek… Jahon adabiyoti ochilmagan qo‘riq, qancha yaxshi asarlarni umrim oxirigacha o‘zbek tiliga o‘girishga ulgursam deyman.

— «Sof tarjima» deganda nimani tushunasiz? Vulf, Folkner, Kafka, Nitsshe kabi uslubi bir-biridan juda farq qiladigan mualliflarnining asarlarini tarjima qilish jarayonida ularning o‘ziga xos ovozini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun nimalarga e’tibor berasiz?

— «Sof tarjima» men uchun muallif ruhiyati, matn ritmi va uslubining boshqa bir tilda soxta bezak va tarjimonning o‘zgartirishlaridan xoli tarzda qayta tug‘ilishidir. Har bir muallifning ichki ritmi bor. Virjiniya Vulf matnlarida ong oqimi, lirik evrilishlar, fikrlarning bir-biriga mayin ulanib ketishi muhim. Uilyam Folknerda polifoniya, uzun, vaqt va makon tushunchalari qorishib ketgan, gipnotik jumlalar ustuvor. Agar tarjimon uning bir sahifalik gaplarini o‘zbek tiliga moslash bahonasida besh-oltita ixcham gapga bo‘lib tashlasa, Folknerning o‘ziga xos fojiaviy va og‘ir salmog‘i yo‘qoladi. Frans Kafka uslubi esa aksincha hissiyotsiz detallar bilan berilgan absurdlik. Bu yerda badiiylashtiraman deb haddan tashqari hissiyotli sifatlar yoki rang-barang o‘zbekona iboralarni tiqishtirish muallif yaratgan sovuq karaxtlikni buzadi. Fridrix Nitssheda esa aforizmga moyillik, ohangdorlik va shiddatli quvvat bor. Uni tarjima qilish fikr zarbini uzatish demakdir.

Tarjimon lug‘at boyligini ko‘rsatishga emas, muallifning so‘z tanlash mezonlariga bo‘ysunishi shart. Muallifga sodiqlik va o‘zbek tilida tabiiylik o‘rtasidagi chegara esa ko‘pincha tilning ichki tabiatida sinaladi. Agar siz matnni haddan tashqari o‘zbekchalashtirib, masalan, XIX asr ingliz yoki nemis qishlog‘idagi qahramon tiliga to‘liq o‘zbekcha iboralarni, xalq maqollarini yoki milliy bo‘yoqdor jumlalarni kiritib yuborsangiz, bu endi tarjima bo‘lmay qoladi, qahramon o‘zining tarixiy va madaniy zaminidan uzilib, soxta qiyofaga kiradi. Bu nuqtada chegara buziladi va ish asarni qayta yozish maydoniga o‘tib ketadi. Tarjimon tilning tabiiy grammatik oqimi doirasidagina erkindir. Ya’ni, rus yoki ingliz tilining jumla tuzilishini ko‘r-ko‘rona o‘zbekchaga ko‘chirmaslik, jumlaning ravon, ifodali va tushunarli yangrashini ta’minlash erkinlikning hududi. Ammo muallifning fikrini soddalashtirish, uning murakkab metaforasini osonlashtirib berish yoki matnga o‘z qarashlarini qo‘shish xiyonat. Qachonki tarjimon muallifning tilidan qoniqmay, uni to‘g‘rilashga tushsa; qachonki matnda yozuvchining emas, tarjimonning fe’li, dunyoqarashi va shaxsiy uslubi bo‘rtib chiqa boshlasa ana shu nuqtada tarjima tugaydi va begona bir matn yuzaga keladi. Yaxshi tarjimon ko‘rinmas oyna kabi bo‘lishi lozim: u orqali kitobxon tarjimonning mahoratini emas, muallif yaratgan manzarani bor bo‘y-basti bilan ko‘ra olishi kerak.

— Bugun texnologiya rivojlangan zamonda sun’iy intellekt matnni bir necha soniyada tarjima qilib berayapti: variantlar taklif qiladi, uslubni ham moslaydi. Bu borada yosh tarjimonlar tayyor natijaga suyanib qolishi mumkinmi? Qachon sun’iy intellekt tarjimonga yordamchi, qachon esa uning o‘rniga ishlay boshlaydi?

— Sun’iy intellektning bugungi darajasi tarjima maydoniga qulaylik olib kirdi, lekin shu bilan birga, jiddiy kasbiy xatarlarni ham paydo qildi. Yosh tarjimonlarning tayyor natijaga suyanib qolish xavfi nafaqat mavjud, balki bu hozirgi kunda ochiq kuzatilayotgan jarayon. Sun’iy intellekt taklif qilayotgan matn sirtdan qaraganda silliq, grammatik jihatdan benuqson va ravon ko‘rinadi. Bu silliqlik yosh qalamkashda aldamchi xotirjamlik uyg‘otadi. Ammo aynan shu yerda katta yo‘qotish boshlanadi: muallifning uslubi, ruhiyati tushib qoladi. Sun’iy intellekt tilni mantiqiy-statistik algoritmlar asosida yig‘adi, tarjima esa mantiqdan tashqari his-tuyg‘u, madaniy xotira va hayajon talab qiladi. Tayyor variantni olib, faqat kosmetik tahrir qilishga odatlangan tarjimon asta-sekin matnning ichki tabiatini his qilish, so‘z tanlash azobini tortish va o‘z kasbiy intuitsiyasini charxlash imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Sun’iy intellekt yordamchi, virtual lug‘at va assistent. Agar undan sinonimlar spektrini kengaytirish, notanish idiomaning kelib chiqish ildizini qidirish, tarixiy yoki tor ixtisoslikka oid detallarni tezkor tekshirish yoki ko‘z ilg‘amagan imlo xatolari uchun foydalanilsa, u jarayonni tezlashtiradi. Bu holatda tashabbus ham, yakuniy badiiy qaror ham tarjimonning qo‘lida qoladi. San’atni faqat inson yuragi ilg‘ay oladi.

— Til bilishning o‘zi yaxshi tarjimon bo‘lish uchun yetarlimi? Yaxshi tarjimonni va oddiy matn o‘giruvchi o‘rtasidagi farq nimada?

— Til bilish — tarjimonlikning ish quroli xolos. Faqat xorijiy tilni mukammal bilish kishini tarjimon qilib qo‘ymaydi, xuddi lug‘atni yod olgan odam yozuvchi bo‘lib qolmaganidek. Tarjima san’atida ikkita til ishtirok etadi va ko‘pincha katta oqsoqlik aynan o‘z ona tilini chuqur his qilmaslikdan kelib chiqadi. Chet tilini S2 darajasida bilgan mutaxassis o‘zbek tilining nazokatini, sinonimlar boyligini, maqol va matallarining o‘rnini, milliy ohangini tushunmasa, u hech qachon yaxshi badiiy tarjimon bo‘lolmaydi. Oddiy matn o‘giruvchi so‘zlarni va gaplarni tarjima qiladi. Haqiqiy tarjimon esa gaplar ortidagi sukunatni, muallifning kinoyasini, qahramonning ichki dramatizmini va yozilmagan ma’nolarni ko‘ra oladi. U muallif yashagan davrni, falsafani, asardagi ramzlarni his qiladi. Oddiy tarjimada jumlalar shunchaki grammatik qoidaga bo‘ysunadi. Tajribali tarjimonda esa matn musiqaga aylanadi. Eng og‘riqli nuqta yosh tarjimonlar o‘zbek mumtoz va zamonaviy nasrini kam o‘qishlari. Til zaxirasi tor bo‘lgani uchun ular chet tilidagi iboralarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kalka qilib olishga, tilimizga yot bo‘lgan sun’iy konstruksiyalarni yaratishga moyil bo‘lib qolishmoqda. Tarjima — sabr va so‘z tanlash azobi demak. Bugungi tezkor zamonda ko‘pchilik yoshlar bir so‘zning munosib muqobilini topish uchun kunlab izlanishdan, lug‘atlar titishdan qochadi. Sun’iy intellekt yoki tayyor tarjima dasturlari taqdim etgan birinchi variantga qanoat qilib ketish holatlari juda ko‘p. Badiiy asar faqat syujetidan iborat emas. Unda mifologiya, din, san’at tarixi, falsafa va psixologiya qorishib ketgan bo‘ladi. Agar tarjimonning umumiy bilim doirasi tor bo‘lsa, u muallifning nozik ishoralarini payqamay, matnni shunchaki yuzaki bayon qilib qo‘yadi.

— Tarjimonlikda yana bir og‘riqli masala, mehnatning qadrlanishi. Tarjimonning mehnat haqi, mualliflik huquqi, nashriyot bilan munosabati kabi masalalar sizga bugun qay darajada muammoli ko‘rinadi?

— So‘nggi yillarda xususiy nashriyotlar ko‘payib, kitob bozori jonlangandek ko‘rinsa-da, tarjimon mehnatining huquqiy va iqtisodiy qadri hali ham to‘laqonli shakllanmagan. Badiiy tarjima — yuqori intellektual mehnat, oylab, ba’zan yillab diqqat va sog‘liq talab qiladigan og‘ir jarayon. Afsuski, bizda haligacha tarjimonga to‘lanadigan haq uning asarga sarflagan vaqti va ruhiy mashaqqatini qoplamaydi. Qonunan tarjimon yaratilgan hosila asarning muallifi hisoblanadi. Ammo amaliyotda tarjimon hamon kitob muqovasi yoki titul varag‘ida nomi kichkina harflar bilangina eslanadigan texnik xodim maqomida qolmoqda. Kitobning qayta nashrlaridan tarjimonga royalti (foiz) to‘lash tizimi deyarli ishlamaydi, ko‘pchilik nashriyotlar bir martalik gonorar bilan mualliflik huquqini butunlay sotib olishga intiladi. Kitob o‘n minglab nusxada qayta sotilsa ham, tarjimon ilk olgan puli bilan qolib ketaveradi. Qachonki nashriyotlar tarjimonni shunchaki buyurtmaga matn o‘giruvchi emas, kitobning teng huquqli hammuallifi sifatida ko‘rishni boshlasa, bozorda sifatli tarjima va chalasavod tarjimaning narxi keskin farqlansagina sohada sifat portlashi bo‘ladi. Tarjimon mehnati ortidan munosib yashay oladigan darajaga chiqmas ekan, badiiy tarjima kasb emas, faqatgina fidoyilarning ko‘ngil talabi bo‘lib qolaveradi. Masalan, mening doimiy ishim – tarjimonlik. Uyda kun davomida o‘tirib faqat shu bilan mashg‘ul bo‘laman. Azbaroyi sifatli chiqishi uchun boshqa joyda ishlamayman, chalg‘imayman. Albatta, shunga yarasha oylik daromad bo‘lishini istayman, nashriyotlar tarjimani qabul qilib olgach, 1-2 oy o‘tib, ba’zan yil o‘tib gonorarni to‘lab beradi. Hartugul, gonorarlar oldingi yillarga nisbatan ancha yaxshi, kitoblar sotuvi oshgan. Xalq qancha ko‘p kitob sotib olsa, tarjimon ham shuncha yaxshi daromad ko‘radi.

— O‘ndan ortiq asar tarjima qilgansiz. Ular orasida sizga eng qiyin bo‘lgani qaysi? Bugun o‘sha asarga yana qaytib tarjima qilish imkoni bo‘lsa, nimanidir boshqacha qilarmidingiz?

— Tarjimalarim orasida eng murakkabi Gerbert Uellsning «Dunyolar jangi» romani bo‘lgan. Ko‘pchilik ilmiy fantastikani shunchaki, shiddatli voqealar rivojidan iborat deb o‘ylaydi. Aslida esa bu janr tarjimondan katta lug‘aviy va ilmiy tayyorgarlikni talab qiladi. Uells biologiya va tabiiy fanlarni chuqur bilgan mutafakkir edi. Shu sababli romanda o‘sha davr ilm-faniga xos maxsus atamalar, fizik va astronomik tavsiflar, ayniqsa, flora va faunaga oid noyob nomlar uchraydi. Aynan shu asar ustida ishlaganimda o‘zbek tilining tabiiy fanlar, botanika va zoologiyaga oid ixtisoslashgan lug‘at bazasi badiiy adabiyot kontekstida naqadar sust va tarqoq ekaniga to‘qnash keldim. Ko‘plab o‘simlik va hayvonot olamiga, biologik tuzilmalarga tegishli so‘zlar yo lug‘atlarimizda umuman yo‘q edi yoki faqat ilmiy termin sifatida berilgan bo‘lib, ularni badiiy jumlaning oqimiga singdirish og‘ir kechgan. Har bir detalning o‘zbekcha muqobilini topish, lozim bo‘lganda ma’no va ruhni saqlagan holda tabiiy yangi birikmalar hosil qilish katta mehnat degani. Tarjima shunday cheksiz jarayonki, oradan yillar o‘tib qachonlardir o‘girgan asaringizga qaytsangiz, unga butunlay yangi ko‘z bilan qaraysiz. Haligacha har bir tarjima kitobimni qo‘lga olsam, qayta o‘zgartirish kerak bo‘lgan jumlalarga to‘qnashaman.

— Tarjima qilgan asarlaringiz orasida o‘zingizga ham nimanidir o‘rgatgan, dunyoqarashingizga ta’sir qilgani bormi?

— Tarjima qilgan har bir asarim menda ma’lum iz qoldirgan, ammo dunyoqarashimni o‘zgartirib, nafaqat ijodkor, balki ona sifatida ham hayotimga bevosita ta’sir qilgan kitob bu Herman Hessening «G‘ildiraklar ostida» romani bo‘lgan. Asar ustida ishlash jarayoni men uchun farzandlarimga bo‘lgan munosabatimni taftish qilish fursati bo‘ldi. Hesse jamiyatning, ta’lim tizimining va ayniqsa ota-onalarning xudbin orzulari yosh, nozik ruhiyatni qanday qilib tegirmon toshidek yanchib tashlashini beshafqat darajada ko‘rsatib bergan. Qahramon Hansning fojiasi faqat a’lo baholar, tinimsiz muvaffaqiyatlar va kattalarning yuksak talablari qurboni bo‘lgan minglab bolalarning fojiasidir. Aynan shu kitobni tarjima qilganimdan so‘ng bolalarimga nisbatan tarbiya uslubimni, ularga qo‘yadigan talablarimni qayta ko‘rib chiqdim. Farzandni tunu kun faqat kitob o‘qishga, yuqori natijalarga, tinimsiz musobaqaga undash, ularning yelkasiga ota-onaning amalga oshmagan armonlarini yuk qilib ortish xavfli xato ekanini anglab yetdim. Bolaga muvaffaqiyatdan ko‘ra ko‘proq yashash quvonchi, erkin nafas olish va shunchaki bola bo‘lish huquqi kerakligini tushundim. Bolalarimga xayol surish, dam olish, zerikish va o‘z xobbilari bilan mashg‘ul bo‘lish uchun ko‘proq bo‘sh vaqt qoldiradigan bo‘ldim. Ular bilan ko‘proq tabiat qo‘yniga chiqish, sayohat qilish, madaniy joylarga, ko‘rgazma va teatrlarga borishga urg‘u berayapman. Eng muhimi, ularga «falonchi bo‘lishing kerak» degan bosimni yuklamayman. Kelajakda qaysi kasbni tanlash, hayotda o‘z o‘rnini qanday topish borasida ularga erkinlik berishga qaror qilganman. Hesse menga bir haqiqatni o‘rgatdi: bola biz shakllantirib, o‘z qolipimizga solishimiz kerak bo‘lgan plastilin emas, u parvarishga muhtoj, o‘z vaqtida ochilishi lozim bo‘lgan nozik nihol. «G‘ildiraklar ostida» kitobi farzandlarimning hayotini tizim va kutilmalar g‘ildiragi ostida qolib ketishidan asrab qolishga ko‘maklashgan katta dars bo‘ldi.

— Mazmunli suhbat uchun rahmat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.