Nobud boʻlgan bolasini koʻtarib ketayotgan fil surati xalqaro fototanlovda gʻolib boʻldi
Italiyalik Federiko Veronezi nobud boʻlgan bolasini koʻtarib ketayotgan urgʻochi filni suratga olib, Wildlife Photographer of the Year 2026 xalqaro tanlovining bosh mukofotini qoʻlga kiritdi. Uning ishi «Sutemizuvchilarning xulq-atvori» yoʻnalishida ham gʻolib deb topildi.

Nobud boʻlgan bolasini koʻtarib ketayotgan fil tasviri xalqaro fototanlovda birinchi oʻrinni egalladi
Fotograf Namibiyadagi Xuab daryosi vodiysida fillarni kuzatib yurganida, qurib qolgan oʻzan qumidagi noodatiy sudralish izlariga koʻzi tushgan. Fillar toʻdasiga yaqinlashgach, bu izlar qayerdan paydo boʻlganini anglab yetgan.
Guruhdagi urgʻochi fil nobud boʻlgan bolasini olib ketayotgan edi. Bolasining oyogʻi onasining qoziq tishi va xartumi orasida qisilib qolgan.
Osiyo va Afrika fillarida oʻlim bilan bogʻliq turli xatti-harakatlar kuzatilgan. Ular oʻziga xos tovushlar chiqaradi, oʻlgan toʻdadoshlarining tanasini qoʻriqlaydi, suyaklarini tekshirib, ularga tegib koʻradi, baʼzan esa ularni koʻtarib yuradi.
Baʼzi tadqiqotchilar bu harakatlar fillarning oʻlimni anglashiga bogʻliq boʻlishi mumkinligini aytadi, boshqalari esa ularni ehtimoliy qaygʻu ifodasi sifatida talqin qiladi.

