Nobel mukofoti sohibi sunʼiy intellekt mehnat bozorini yoʻq qilib yuborishidan ogohlantirdi
Uning soʻzlariga koʻra, sunʼiy intellektning rivojlanishi hozirgi surʼatlarda davom etadigan boʻlsa, yaqin oʻn yil ichida faqat ishchilar, tor ixtisoslikdagi muhandislar yoki tadbirkorlar qoladi.

Nobel mukofoti sohibi sunʼiy intellekt mehnat bozorini yoʻq qilib yuborishi mumkinligi haqida ogohlantirdi
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Daron Ajemoʻgʻlu sunʼiy intellekt rivoji hozirgi tezlikda davom etsa va oʻta yuqori intellekt yaratilsa, yaqin o‘n yil ichida mehnat bozori yo‘qolib ketishi mumkinligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sunʼiy intellekt sanoatining yakuniy maqsadi inson imkoniyatlaridan ustun turadigan oʻta yuqori intellekt yaratishdir. Ajemoʻgʻlu insoniyat bunday texnologiyaga yaqinlashsa, nafaqat ishchi kuchi, balki demokratiya ham yo‘qolib ketishi mumkinligini taʼkidladi.
«Agar biz bunday oʻta yuqori intellektga hatto yaqinlashsak ham mehnat bozori qolmaydi - faqat ishchilar, tor ixtisoslikdagi muhandislar yoki tadbirkorlar qoladi... Bu tahdid bugun yoki ertaga paydo boʻlmaydi, ammo yaqin oʻn yil ichida yuzaga kelishi mumkin», - dedi u.
Ajemoʻgʻlu sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishini tubdan o‘zgartirib, ularni xodimlar ehtiyojlariga moslashtirishga chaqirdi.
Ajemoʻgʻlu 2024-yilda Saymon Jonson va Jeyms Robinson bilan birgalikda «institutlarning qanday shakllanishi va farovonlikka qanday taʼsir koʻrsatishini tadqiq etgani uchun» iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

