Boshqa

“Nizosiz chiqib ketish uchun og‘ir-bosiq bo‘lishimiz kerak”. Organ xodimlari bilan muloqotda qanday huquqlar bor?

Huquqshunos Jahongir Mutalibovga ko‘ra, huquq organi vakillari bilan suhbatni audio yoki videoga yozib olish kerak. U buni fuqaro huquqlarini talab qilishi va ehtimoliy tushunmovchilikdan qochishining samarali yo‘li deb hisoblaydi. Dalil to‘plash qanday bo‘ladi? Gazeta mutaxassis bilan mavzuni muhokama qildi.

“Nizosiz chiqib ketish uchun og‘ir-bosiq bo‘lishimiz kerak”. Organ xodimlari bilan muloqotda qanday huquqlar bor?

Tasavvur qiling, IIO xodimi sizni kutilmaganda to‘xtatib, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatni so‘rasa yoki telefoningizdagi ma’lumotlarni ko‘rmoqchi, avtomobilingizni tintuv qilmoqchi bo‘lsa, bunday paytda siz nima qilardingiz?

Huquqshunos Jahongir Mutalibov ana shunday vaziyatlarda fuqarolar o‘zini qanday tutishi mumkinligi haqida ham tavsiyalarini bildirib o‘tgan.

— Jahongir aka, avvalo podkastga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Biz huquqni muhofaza qiluvchi yoki ichki ishlar organlari deymiz. Dastlab, bu organlarga qaysi tashkilotlar kirishi haqida va ularning vazifalari haqida gapirib berolasizmi?

— Huquq tartibot organlari deganda bir nechta tashkilotlar nazarda tutiladi. Umuman olganda esa yuridik adabiyotlarda bular huquqni muhofaza qiluvchi organlar deb yuritiladi. Ya’ni ular turli sohadagi huquqlarni himoya qiladi.

Bilamiz, davlat faqat fuqarolardan iborat emas, avval shaxs, keyin jamiyat va davlat keladi. Shundan kelib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham avvalo fuqaro, turli institut, tashkilot va korxonalar, undan keyin esa davlat huquqlarini himoya qiladi. Bunday organlar bir nechta. Xalq tilida militsiya, ya’ni IIV, Bosh prokuratura, DXX, Bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiya, Soliq qo‘mitasi, MIB, Adliya vazirligini misol qilish mumkin.

O‘zbekistonda avvalo huquq siyosatini yurituvchi tashkilot Adliya vazirligi, boshqa idoralar esa huquqni tartibga soluvchilar hisoblanadi. Hammasi bir vazifani bajara olmaydi, har birining vazifasi belgilangan. Aks holda davlatda ma’lumot shakllanmaydi. Shu sabab mas’uliyatlar turli organlarga taqsimlangan.

— Bugungi kunda fuqarolar siz sanab o‘tgan tashkilotlardan aynan qaysi biri bilan ko‘proq to‘qnash keladi? Va muloqot davomida qanday muammolar yuzaga keladi, sizningcha?

— Hozir fuqarolar eng ko‘p munosabatga kirishadigan tashkilotlardan biri — IIV. Chunki IIV vakillari har bir hududga taqsimlangan. Biz ularni profilaktika inspektori, oddiy tilda “uchastkovoy” deb ataymiz. Keyin prokuratura organlari bilan ko‘proq to‘qnash kelishadi, chunki aynan ular qonunlarning ijrosini nazorat qiladi. Undan keyingisi sifatida Bojxona qo‘mitasi vakillarini aytish mumkin. Ya’ni odamlarimiz chetga chiqishi yoki O‘zbekistonga kirishi bor, bu bilan aynan bojxonachilar shug‘ullanadi. Bundan tashqari, yo‘l harakatida YPX xodimlari bilan yuzlashish mumkin.

Umuman olganda, odamlar u yoki bu joyda baribir huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan to‘qnash kelishi mumkin. Albatta, 100 foiz deyish qiyin, ammo kundalik hayotda 10−20 foiz holatda gaplashishga to‘g‘ri kelishi tabiiy. Odatda PPX xodimlari tomonidan yo‘llarda tez-tez patrullar ham amalga oshirib turiladi. Bu harakatlarni ko‘rgan inson kelgusida muayyan ishlardan tiyilishi yoki muammosi bilan murojaat qilishi mumkin. Patrullar o‘tkazilishining yana bir muhim sabablaridan biri ham shu.

— Yo‘lda ketayotganingizda IIO xodimi sizni to‘xtatib, so‘roq qilishi mumkin dedingiz-ku. IIO xodimi bunga haqlimi? O‘zi nega bunday qilinishini huquqiy jihatdan tushuntirib berolasizmi?

— Har qaysi davlatda ham muayyan hududdagi jamoaning xavfsizligi, tinchligini ta’minlash uchun muayyan posbon qo‘yiladi. Bizning bu holatimizda uchastka noziri, ya’ni profilaktika inspektori yoki boshqa maxsus xodimlar bo‘lishi mumkin. Mana shu xodimlarga yo‘lda shubhali ko‘ringan fuqarolarni tekshirish, suhbatlashish vakolati berilgan. Jamiyat orasida muayyan qidiruvda bo‘lgan shaxslar bo‘lishi mumkin, xodimlar ularni topib, ushlab kelishi kerak. Qidiruvdagilarga o‘xshatgan yoki shubha paydo bo‘lgan vaqtda yo‘lda ketayotgan fuqaroni to‘xtatishga haqqi bor. Biz unga “to‘xtatishga nima haqqing bor, yo‘limdan to‘g‘ri ketyapman-ku” deya olmaymiz.

— Shu jarayonning tartibini tushuntirib berolasizmi? Deylik, IIO xodimi bir fuqaroning oldiga kelib, avvalo nima qilishi kerak? O‘zini tanishtirishi, guvohnomasini ko‘rsatishi kerakmi? Fuqaro bunga nima deyishi mumkin?

— Nafaqat IIO, umuman Milliy gvardiya, PPX — jamoat tartibini saqlash bilan shug‘ullanuvchi barcha organlar fuqarolarni to‘xtatib, gaplashishi mumkin. Bunga sabab nima deyilsa, bugungi dunyodagi geosiyosiy vaziyatdan barchaning xabari bor. Shu sabab hukumat xodimlarga hushyorlikni oshirish bo‘yicha tez-tez topshiriq berib turadi. Hushyorlikni oshirish esa, albatta, kuzatuv, so‘rab-surishtirish bilan bo‘ladi. Endi xodimlarning fuqarolarga murojaat qilish tartibiga keladigan bo‘lsak, har bir organ xodimining ichki tartib-qoidalari, kasbga oid odob-axloq normalari bor. Unda fuqarolar bilan qanday gaplashish, ularga qanday murojaat qilish tartiblari belgilangan va hammasida ham muloyimlik bor.

Buning ustiga organ xodimlarining ham o‘ziga yarasha salobati, jiddiyligi bo‘ladi, fuqaroning oldiga kelib tabassum bilan murojaat qilmaydi. Har holda bizning amaliyotda bunaqasi yo‘q. Masalan, Yevropa mamlakatlari: Buyuk Britaniya yoki Amerika davlatlarida tabassum bilan gaplashishi mumkin. Ularning ichki qoidalarida shunday belgilangan bo‘lsa kerak. Ammo, menimcha, bizning yurtimizda bunday qoida yo‘q. Buni ham to‘g‘ri tushunish kerakdir, balki. Hamma xodim ham kelib tabassum qilib “kechirasiz, keling, tanishib olaylik” demaydi. Bunday desa biz o‘zimiz ham noto‘g‘ri tushunib qolamiz-da. Xuddi shilqimlik qilayotgandek his qilishimiz mumkin.

Shuning uchun jiddiy ohangda salomlashib, avval sizning hujjatlaringizni so‘rashi mumkin. Shu vaqtda fuqaroning o‘zi xodimdan o‘zini tanishtirishini, hujjatini so‘rashi kerak bo‘ladi. Deylik, kelgan odam maxsus formada, belgilari ilingan, 99 foiz holatda uning xodim ekani ma’lum bo‘lganda ham fuqaro uning guvohnomasi va kim ekanini so‘rashga haqli. Sizni to‘xtatib, ism-familiyangizni so‘rayaptimi, siz ham undan oldin shunday talab qo‘yishingiz mumkin. Ammo telefon orqali gaplashganda o‘zining kimligini aytmaydiganlari ham bor. U IIOda ham, prokuraturada ham, sudda ham bor. Shaxsan o‘zim kuzatganman.

— Shunday vaziyatda fuqaro javob bermaslikka ham haqlimi?

— Sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni kim so‘rayotganini bilmasangiz, telefonda kim bilan gaplashayotganingiz noma’lum bo‘lsa, “sizning kimligingizni bilmayapman, shunga to‘g‘ri tushunasiz, men ma’lumotlarimni bermayman” deb muomala qilishga huquqingiz bor. Lekin men fuqarolarimizga taklif sifatida aytib o‘tgan bo‘lardim, ya’ni muloqotda sabrli va xushmuomala bo‘lgani ma’qul.

— Lekin davlat xizmatchisining o‘zi qo‘pol munosabatda bo‘lsa-chi?

— Organ xodimlari baribir davlatning muayyan sohadagi mansabdor shaxsi hisoblanadi. “Menga qarshilik ko‘rsatyapti” deb fuqaroga nisbatan hujjat rasmiylashtirib yuborishi hech gap emas. Shunda dodini kimga aytishadi?

— Shunda ham fuqaro sabr qilishi kerak deysizmi?

— Fuqaroning sabrsizligi sabab qo‘pol munosabat yuzaga kelib, xodim bu harakatlarni bo‘ysunmaslik deb baholab, bayonnoma qilib, muayyan chora ko‘rgandan ko‘ra, sabrliroq bo‘lgan yaxshi, menimcha. Ozgina sabr qilib, xushmuomalalik bilan xodimga qarata “ism-familiyangizni ayting, bo‘lmasa, ustingizdan shikoyat qilaman” deyish ham mumkin. Shu o‘rinda fuqarolar organ xodimining qo‘pol munosabatda bo‘lganini dalillar bilan mustahkamlab turishi kerak. Chunki ertaga biror tashkilotga shikoyat qilinsa, o‘sha video yoki audio ko‘rinishidagi dalilning foydasi tegishi mumkin. Qonun fuqarolarning dalil to‘plashiga qarshilik qilmaydi.

Layfhak deb aytsak ham bo‘ladi. Hozir hammada deyarli smartfonlar bor, buning imkoniyatlari keng. Vaziyatni audio yoki videoga xotirlab borsa bo‘ladi. Fuqaro suhbat yozib olinayotganini bemalol bildirsin, organ xodimi nega unday qilayotganini so‘rasa, “siz menga qo‘pol muomala qilsangiz, ertaga shikoyat qilishim uchun dalil bo‘lsin” deyishi kerak. Shunda uni to‘xtatgan xodim sergak tortadi. “Men unday qilmayman, o‘chiring” desa, “xafa bo‘lmang, o‘rtoq inspektor, men shunday tajovuzlarga ko‘p uchraganman, bu — mening huquqim” degan yaxshi. Istalgan xodim fuqarodan qo‘rqmasa ham, audio yoki video yozuvdan qo‘rqadi. Hozir aqlli ko‘zoynaklar chiqyapti, chunki zamon shuni talab qilyapti. Borgan sari odamlar ehtiyotkorlikni talab qilishyapti.

— Xo‘p, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari qaysi holatlarda telefonni yoki fuqaroning shaxsiy buyumlarini tekshirishi mumkin?

— O‘zi umuman Konstitutsiyamiz bo‘yicha inson va uning mol-mulki daxlsiz. Shuning uchun qonuniy asos bo‘lmasdan turib biror narsangizni biror kim tekshirishga haqqi yo‘q. Maxsus formali mansabdorlarning hammasiga ham bir xil vakolat berilmagan. Lekin berilganlari ichida fuqarolarda ma’muriy huquqbuzarlikka oid predmet bor yoki yo‘qligini ko‘zdan kechirish huquqi bor. Bugungi kunda o‘tkir tig‘li jismlar qatorida pichoq ham ma’muriy huquqbuzarlik predmetiga kiritilgan. Yoningizda pichoq bormi yoki yo‘q, shuni bilish uchun xodim cho‘ntagingizdan hamma narsani chiqarishingizni so‘rashi mumkin. Endi fuqaro uni yashirib qo‘yganligiga oid gumon ham bo‘lishi mumkin. Shunda tintuv masalasi ko‘tariladi. U qanday qilinadi? Mana shu yerda aniq chegaralar bor.

Amaliyotda muayyan shaxs shubha tug‘dirganida IIO xodimi ikkita xolisni olib kelib, fuqarodan gumon qilganini va nega gumonlanganini aytib, cho‘ntaklari bilan birga tintib chiqishi mumkin. Faqat ikkita xolis bilan. Qonun bo‘yicha bu jarayon protokollashtirilishi lozim. Lekin buni kimdir erinib qilmaydi. Ertaga ikki tomonda ham tuhmat va tushunmovchiliklar bo‘lmasligi uchun aslida shu vaziyat rasmiylashtirib qo‘yilgani yaxshi. Bugungi kunda amaliyotda tergovchining yoki yuqori turuvchi mansabdor shaxsning qarori bo‘lmasa-da avtomashinalar titilyapti, narkotik moddalar chiqyapti. Aniqlangan oqibat huquqbuzarlikni yopib ketyapti. Aslida bunday bo‘lishi kerak emas. Men bunga qarshiman, lekin amaliyotdan kelib chiqib savol berayotganingiz uchun amaliyotdan kelib chiqib gapiryapman. Shu holatda hujjatlarni talab qilishni ham bilishimiz kerak.

Ya’ni xodimlar biror fuqaro yoki uning mulkini tintuvdan o‘tkazishni so‘rashsa, jarayon rasmiylashtirilishi, xolislar ishtirokida o‘tishi muhim. “Men sizga to‘liq hamma narsani ko‘rsataman. Sumkam yoki mashinamni shunday ochib ko‘rsataman, faqat ikkita xolis ko‘rib tursin, menga bayonnomaning bir nusxasini berasiz. Keyin bu bo‘yicha tegishli organga borib murojaat qilaman. O‘zi bu xatti-harakatlar to‘g‘ri bo‘ldimi yoki yo‘q, shu bo‘yicha murojaat qilaman” deb chiroyli muomalada so‘rash mumkin. “Mayli, borsin, yozaversin, men haqman” deydiganlar ham bor. Shuning uchun ozgina hujjatbozlikdan qo‘rqish kerak emas.

“Yuring, siz bilan birga idoramizga boramiz” deydigan bo‘lsa, MJtKga ko‘ra, organ xodimining bunga haqqi yo‘q. Qachonki shaxsning shaxsi noaniq bo‘lsagina, shunday bo‘lishi mumkin. Deylik, mening yonimda shaxsni tasdiqlovchi hujjatim yo‘q, internet orqali ham topib bo‘lmayapti yoki yuzimni fiksatsiya ham qilib bo‘lmayapti. Mazkur vaziyatda profilaktika inspektori xonasida yoki mahalla idorasida 2 soatcha ushlab, men haqimda oydinlik kiritish huquqi paydo bo‘ladi.

Lekin sizning shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bor, hech bo‘lmasa haydovchilik yoki talabalik guvohnomasi bo‘lsa, elektron ko‘rsata olgan taqdiringizda borishga majbur emassiz. Sizni sababsiz olib ketishga ham hech kimning haqqi bo‘lmaydi. Agar shunda ham xodim bilan ketishdan boshqa chora bo‘lmasa, majburan olib ketilsangiz ham telefon orqali advokatingizni chaqirishingiz, uydagilaringizga xabar berishingiz mumkin. Ya’ni fuqaro qayerda ekanini xabar qilishga huquqi bor. Sizni izsiz hech kim olib keta olmaydi.

— Fuqaro ketishga ko‘nmasa-chi? “Idorangizga bormayman” deb ham turib olishi mumkinmi?

— Olib ketishda sizning telefon qilib olishga oid murojaatingizga ham qaramay, sharoit yaratib bermasdan olib ketsa, qonun buzilishi boshlanadi. Lekin fuqaro borishni istamasa ham topshiriqni bajarishga majbur. Bajarmasdan nima qiladi, qochib ketadimi? Mayli, dod-faryod solsin, yordam so‘rasin, “meni noqonuniy olib ketishyapti” deb baqirsin, ammo o‘sha holatni dalil bilan o‘zida mustahkamlab qo‘ysin.

Bu vaziyatda istamasa ham bormasligi mushkul. Chunki fuqaroni bo‘ysunmadi deb topib, baribir olib ketish mumkin. Buning nozik jihatlari ko‘p. Fuqaro va mansabdor shaxs bir taroziga tortilganda, tan olish kerak, mansabdorning pallasi og‘irroq kelyapti. Ko‘proq uning gapiga ishonishyapti. Bu — fakt. Buni yashiradigan joyi yo‘q. Fuqaro haq ekanini isbotlab berishiga to‘g‘ri kelyapti.

— Deylik, ko‘chada emas, telefon orqali IIO idorasiga chaqirilsa, qanday bo‘ladi? Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, so‘rov yuborilishi kerakmasmi?

— Biror fuqaro muayyan maqomdagi shaxs bo‘lsagina, u davlat idorasiga chaqiriladi. Bu vaziyatda IIO idorasiga qachonki, guvoh yoki gumondor yoki biror vaziyat haqida tushuntirish berilishi lozim bo‘lsa chaqiriladi. Yoki bo‘lmasam, sudga sudlanuvchi sifatida chaqirilyaptimi, tergovga aybdor sifatidami — bu holatda fuqaroning maqomi muhim rol o‘ynaydi.

Aytaylik, siz organga gumonlanuvchi sifatida chaqirilayotgan bo‘lsangiz, sizda gapirmaslik huquqi bor, o‘zingiz bilan advokat olib borishga haqlisiz. Siz o‘zi nimada gumonlanayotganingizni ham bilmasligingiz mumkin. Sizga gumonlanuvchi sifatida chaqirilayotganingiz haqida xabar keldi. “Men nimada gumonlanyapman?” deb so‘rasangiz, “endi telefonda hammasini aytmaymiz, kelsangiz bilib olasiz, shuning uchun sizga ochiq-oydin aytdim”, desa, bu xato.

Istalgan chaqiruv qog‘ozi yoki so‘rovda fuqaroning maqomi ko‘rsatilishi kerak. Shu vaziyatda fuqaro “chaqiruvni qog‘oz shaklida yubormaguningizcha, bora olmayman” deyishga haqqingiz bor. Jinoyat-protsessual kodeksi yoki boshqa tegishli qonunlarga ko‘ra, fuqaro muayyan bir idoraga chaqirilyaptimi, yozma shaklda chaqiruv xati yuborilishi lozim.

“Tushuntirish, izoh berib keting” deydigan bo‘lsa, qonunchiligimizda tushuntirish berish uchun majburiyat yo‘q. Tushuntirish olmoqchi bo‘layotgan odam aslida sizning yoningizga kelishi kerak. Masalan, kinolarda IIO xodimi falon joyga borib, kimdandir tushuntirish so‘rab, “nima bo‘ldi” deb so‘raydi-ku, shunga o‘xshab hayotda ham borilishi kerak.

— Tushunarli. Telefonni tekshirish masalasida qanday?

— Bugungi kunda telefon odamlarning ko‘p sirlaridan boxabar matohga aylanib qoldi. Uning ichida ham bank, oilaviy sirlarga oid, ham sha’n va qadr-qimmatingizni kamsituvchi ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Shu sabab hukumat qonunchiliklarga o‘zgartirish kiritib, sudning ajrimi bo‘lmaguncha, fuqaroning telefonini olishni imkonsiz qilib qo‘ydi.

Ya’ni sudning ajrimisiz hech kim telefoningiz parolini so‘ray olmaydi yoki ko‘zdan kechirolmaydi. Hatto sud ham “parolni ochib berasan” deb buyruq bera olmaydi. Sud biror ish uchun ahamiyatli bo‘lsa, faqatgina telefoningizni olib qo‘yishga ajrim chiqarishi mumkin. Lekin ichini titkilash, ochish bo‘yicha biror majburiyat qo‘ya olmaydi. Bunga majbur emassiz.

Ammo bu yerda ham bir e’tiborli tomoni bor. Ya’ni telefonning ichidagi biror ma’lumot kerak bo‘lsa, aynan o‘sha qismi uchun ochilishi mumkin. Bu qanday bo‘ladi? Deylik, biror guvoh “men falonchining Telegram’ida shu ma’lumot borligini bilaman, ko‘rgandim” deb guvohlik bersa, tergov organi yoki muayyan organ sizning telefoningizni olib ko‘zdan kechirish kerak bo‘ladi. Albatta, o‘zingizdan so‘rasa bermaysiz. Bu bo‘yicha baribir sudning ajrimi talab qilinadi.

Ajrim chiqarilgach, telefon ochilib, faqat Telegram’dagi o‘sha yuqorida aytilgan ma’lumot bor qismi tekshiriladi. Hamma joyini titkilab tashlash mumkin emas. Bunday joyi yo‘q. Bugungi kunda odamlarimiz huquqiy savodxonligi yetmayotganligi uchun telefonini o‘zi ochib beryapti. Bundan foydalangan organ vakillari esa uning ichidan xohlagan ma’lumotini olyapti, o‘ziga ishlatyapti. Vaholanki, fuqaroda telefonini bermaslik huquqi bor.

Qachonki, tergov qarori chiqarilib, prokuror sudga iltimosnoma kiritadi, sud ajrim chiqaradi, shundan keyin telefonni olish mumkin. Ungacha telefoningizni hech kim olishga haqqi yo‘q. Toki huquqiy savodxonlik bo‘lmas ekan, buni talab qilishga jasorat yetishmaydi. Ya’ni ong ostida bunday xatti-harakatlarning noto‘g‘riligini baribir his qilib turish kerak.

Mabodo, telefoningizni majbur olib qo‘yishsa, darrov borib shikoyat qiling. “Mening telefonimni falonchi xodim olib qo‘ydi, hozir uning qo‘lida turibdi” deyish kerak. Uning uchun dalil bo‘lishi kerak ekan. Ko‘ryapsizmi, dalil yig‘masangiz uni ham isbotlab bera olmaysiz. Shuning uchun dalil bilan ishlashni o‘rganishimiz, huquqiy savodxonligimizni oshirishimiz kerak. Ularga o‘zimizning huquqlarimizni chiroyli tushuntirishni o‘rganishimiz lozim.

“Endi nima uchun men unga chiroyli gapirishim kerak, u menga qo‘pol gapirsa” deyishingiz mumkin. Vaziyat shuni taqozo qilyapti-da. Organ xodimiga qattiq gapirsangiz, chora ko‘rishyapti. Aybsiz holda aybdor bo‘lib qolishyapti, undan ko‘ra, vaziyatdan chiroyliroq chiqish muhim emasmi?! Xodimning qo‘polligini muayyan dalillar bilan o‘zining tashkilotiga yoki ichki xavfsizligi sohasi bilan shug‘ullanadigan organga ko‘rsatib, talab qilgan ma’qulroq.

“Haq olinur, berilmas” deb bekorga ancha avvalroq aytilmagan. Hech kim o‘zidan-o‘zi sizga haqqingizni bermaydi, siz uni olasiz. Talab qilasiz, sudga, prokurorga borasiz, kerak bo‘lsa, qayta-qayta murojaat qilasiz, yillar davomida kurashasiz, keyin ish hal bo‘ladi. Bunga baribir huquqiy savodxonlik bilan erishiladi. Bunga ham ilm kerak. deb aldab qo‘l qo‘ydirib olgan.

Yoki bo‘lmasam, profilaktik suhbatlar yoki ko‘rsatma berish uchun chaqiruvlar haqida gaplashsak. Borgan joyingizda xodimdan suhbatni audio yoki video shaklda yozib olishni so‘rashingiz yaxshiroq. Shundan keyin xodimning savollariga javob berilishi kerak. Chunki shunisi fuqaroga foydaliroq. Yoki zararga ham ishlashi mumkin. Ya’ni har bir aytilayotgan gapni tekshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. U rost yoki yolg‘on ekanini isbotlash osonroq.

Shuning uchun avvalo o‘zimizga to‘g‘ri bo‘laylik, shunda adashmaymiz. Agar noto‘g‘ri bo‘lsak, albatta, yolg‘on gapirishga harakat qilamiz. Yuqoridagi kabi suhbatlarda advokat qatnashmasligi ham mumkin, shu sabab uning yozib olinishini talab qilish va tushuntirish xatida ham kiritib ketish foydali. Ya’ni so‘roq qilinuvchining yoki tushuntirish beruvchining iltimosiga binoan suhbatimiz audio tasma yoki videoga yozib olindi deb kiritish kerak. Mayli, fuqaro aybdormi yoki yo‘q, u — keyingi masala. Lekin shu jarayonda qilingan tazyiqning oldini olish uchun ham mazkur amaliyot muhim.

— Shu o‘rinda voyaga yetmagan shaxslar bilan ishlanishi haqida gaplashsak, ular bilan qanday muloqot qilinishi kerak?

— Voyaga yetmagan shaxslar o‘z nomi bilan hali mukammallikka yetib kelmagan, hali u yoki bu munosabatni to‘liq anglay olmaganligi uchun ular bilan ota-onasi yoki pedagog ishtirokida suhbat olib borilishi barcha qonunchilikda belgilab qo‘yilgan. Buni barcha xodimlar biladi. Agar xodimlar buni bilmagan taqdirida ham voyaga yetmaganlar bilan ularning ota-onasi, vasiysi yoki biror pedagog ishtirokisiz gaplashish, ulardan ko‘rsatma olish mumkin emas, olinganda ham u dalil sudda nomaqbul deb topiladi.

— Tushunarli. Podkastning so‘nggida asosiy 3 ta tavsiyangiz bilan bo‘lisha olasizmi?

— Avvalo, birinchi maslahatim davlat idorasining xodimi bilan jahlda gaplashmaslik kerakligi haqida bo‘ladi. Tushunaman, realda har xil vaziyat bo‘ladi, ular haddidan oshadi, amaliyotda ko‘ryapmiz. Lekin uning odobsizligiga qarshi odobsizlik bilan javob berishingiz bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Buni tan olaylik. Yaxshisi, biz og‘irroq bo‘lib, jarayonni dalillab boraylik. Ijtimoiy tarmoqlarda ham og‘irroq bo‘lib, video tasvirga olgan fuqarolar yutib chiqyapti, tarmoqqa yuklangan videoni ko‘rib, odamlarning o‘zi kim xato qilayotganini bilishyapti, fikr bildirishyapti. Ya’ni shunchaki tashlash emas, qo‘pol munosabatlar boshlansa uni fiksatsiya qilish kerak. Fiksatsiya qilib dalil to‘plash lozim.

Ikkinchidan, sizga taqdim qilinayotgan hujjatlarni o‘qib o‘rganmasdan turib qo‘l qo‘ymang. Uchinchidan, organ xodimi sizdan biror bir ish qilishni talab qilyaptimi, unga siz yo‘q deyishingiz qarshilik ko‘rsatayotganlik bilan baholanayotgan bo‘lsa, demak, bilingki, u sizga bo‘ysunmaslik haqida hujjat rasmiylashtirish masalasini ko‘zda tutayotgan bo‘ladi. Hamma odam o‘ziga bo‘ysunishni xohlaydi, hech kim menga bo‘ysunmasa, mayli, demaydi.

Bu vaziyatga kelib qolmaslik uchun xushmuomala bo‘lish ham zarar qilmaydi. Ishingiz bormi, to‘xtang, so‘rayaptimi, avval maqsadi va qaysi qonunchilik asosida ekaniga to‘xtalib, keyin javob bering. Shaxsingizga doir sirni so‘rasa, bunda qanday harakatlanish lozimligini yuqorida tushuntirdik. Davlat xodimining g‘azabiga qarshi g‘azab bilan javob bergan odam baraka topganini hali biror marta ko‘rmadim.

Bizda azaldan o‘z huquqini talab qilgan odamni “o‘zingcha haqqingni talab qilib qopsanmi?” degan qarash bilan kutib olishadi. Bu yangilik emas.

— Tushunarli. Bugun yana bir muhim mavzu haqida gaplashdik. Menimcha, ko‘pchilikka foydali bo‘ladi. Jahongir aka, kelganingiz uchun rahmat yana bir bor.

— Taklif qilganingiz uchun rahmat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.