Layfstayl

«Nima dard?» aslida kimning dardi? Jurnalistlarsiz podkast haqida

Kitob oʻqimaydigan jamiyat, vaksinadan qoʻrqayotgan ota-onalar, insonning oʻzini oʻrganayotgan sunʼiy intellekt va hamon eski standartlardan qutula olmayotgan yoʻllar... Bu gal «Nima dard?»ning avvalgi toʻrt soni tomoshabinlarning fikrlari, eʼtirozlari va takliflari tahlil qilindi.

«Nima dard?» aslida kimning dardi? Jurnalistlarsiz podkast haqida

«Nima dard?» podkastining ilk toʻrt sonida turli mavzular muhokama qilindi. Bu gal esa mehmon chaqirilmadi: Jamshid Muslimov va Odilxon Alixonov oʻzaro suhbatda avvalgi dasturlarga qaytib, ulardan qanday xulosalar chiqargani, tomoshabinlarning eʼtirozlari hamda podkast nega aynan shu shaklda yaratilgani haqida soʻz yuritdi.

«Nima dard?»ning beshinchi soni odatdagidan boshqacha boshlandi. Bu safar studiyaga mutaxassis taklif etilmadi. Boshlovchilar Jamshid Muslimov va Odilxon Alixonovning oʻzi suhbat markaziga chiqdi.

Buning sababi ham bor. Dastlabki sonlardan keyin tomoshabinlardan «jurnalist emasligingiz bilinib qoldi», «adabiy tilda gapiringlar», «ruscha soʻzlarni aralashtirmanglar» mazmunidagi eʼtirozlar kelib tushgan.

Boshlovchilar esa hech qachon jurnalist ekanini daʼvo qilmaganini aytadi. Odilxon Alixonov shifokor, Jamshid Muslimov esa moliya va iqtisodiyot sohasi vakili. Ularning taʼkidlashicha, podkastning vazifasi professional jurnalistik intervyuni takrorlash emas.

Maqsad — jamiyatdagi muammolarni oʻzining shaxsiy dardidek qabul qiladigan ziyoli va mutaxassislarni topish, ularning fikrini eshitish, muammoni muhokama qilish va imkon qadar yechim tomon qarash.

Boshlovchilar birinchi suhbat — «Farengeyt» nashriyoti muharriri Xurshid Yoʻldoshev bilan kitob va kitobxonlik haqidagi muloqotga qaytdi.

Undagi bir voqea Jamshid Muslimovning ayniqsa yodida qolgan. Kitob yarmarkasida bir bola oʻzbek tiliga tarjima qilingan ilmiy-ommabop fizika kitobini yoqtirib qoladi. Ammo otasi uning oʻrniga arzonroq ertak kitobini olib beradi. Xuddi shu kitobning rus tilidagi, hatto qimmatroq nusxalarini esa rusiyzabon ota-onalar xarid qilayotgani aytilgan edi.

Bu oddiy kitob savdosidan kattaroq savolni yuzaga chiqaradi: nega oʻzbek tilidagi sifatli ilmiy-ommabop adabiyotga talab kutilgan darajada emas?

Suhbatda buning ildizlari taʼlim, oʻqish madaniyati va avloddan avlodga oʻtib kelayotgan qarashlarga borib taqalishi mumkinligi haqida fikr bildirildi. Boshlovchilar bu bahsli mulohaza ekanini alohida taʼkidlab, tomoshabinlarni ham muhokamaga chorladı.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.