Nil Yang Trampning saylovoldi kampaniyasini mitingda «Rockin' in the Free World» qoʻshigʻini ijro etgani uchun yana sudga berdi
Kanada-amerikalik musiqachi 2020 yilda Trampni siyosiy tadbirda qoʻshigʻidan ruxsatsiz foydalangani uchun sudga bergan edi.

Nil Yang Trampning saylovoldi kampaniyasiga qarshi mitingda "Rockin' in the Free World" qoʻshigʻidan foydalanilgani sababli yana bir bor daʼvo arizasi berdi.
Rok afsonasi AQSh prezidenti Donald Trampni qoʻllab-quvvatlovchi mablagʻ yigʻish qoʻmitasiga qarshi 10 million dollarlik daʼvo arizasi berib, uni 1989 yildagi qoʻshigʻidan ruxsatsiz foydalanganlikda aybladi.
Kanadalik va amerikalik musiqachining taʼkidlashicha, "Trump 47 Committee" 12 oktyabr kuni Ogayo shtatida boʻlib oʻtgan mitingda Tramp sahnaga chiqishidan oldin ushbu trekni qoʻyib, uning mualliflik huquqini buzgan. Daʼvo arizasida qoʻshiqning qoʻyilishi "ruxsatsiz ommaviy ijro" sifatida tavsiflangan.
Yang avvalroq 2020 yilda Trampning qayta saylanish kampaniyasini xuddi shu qoʻshiq va "Devil's Sidewalk"dan foydalangani uchun sudga bergan edi. Uning aytishicha, nizo biroz vaqt oʻtib hal qilingan.
Yang oʻzining "Silver Fiddle Music" kompaniyasi orqali 12 oktyabr kuni Ogayo shtatining Yangstaun shahrida boʻlib oʻtgan siyosiy tadbirda ushbu qoʻshiq litsenziyasiz yoki uning ruxsatisiz ijro etilganini bildirdi.
AQShda saylovoldi mitinglarida tomoshabinlar uchun musiqa qoʻyish uchun, hatto kampaniya yozuv nusxasini qonuniy ravishda sotib olgan boʻlsa ham, koʻpincha ommaviy ijro litsenziyasi talab qilinadi.
AQSh Kongressining bildirishicha, ovoz yozuvlari umumiy ommaviy ijro huquqiga ega boʻlmagani sababli, ruxsat faqat musiqiy asarning mualliflik huquqi egalaridan talab qilinadi va buni bevosita ushbu huquq egalaridan yoki ijrochilik huquqlari tashkilotlari orqali olish mumkin.
Besh sahifalik federal shikoyatda aytilishicha, Tramp "mitinglarda qoʻshiqni qoʻyish uchun litsenziya talab qilinishini shaxsan bilgan" va Yang "talab qilingan litsenziyani bermagan va bermaydi ham". shuningdek, qoʻshiq "boshqa mitinglarda koʻp marotaba" qoʻyilgani taʼkidlanadi.
Azaliy Tramp siyosatiga qarshi chiqib kelgan 80 yoshli "Gremmi" mukofoti sohibi bu qoʻshiqni "Amerika siyosiy ritorikasining quruq vaʼdalarini kambagʻallar, uysizlar va unutilganlar duch kelayotgan achchiq haqiqatlar bilan qarama-qarshi qoʻyadigan oʻtkir madhiya" deb taʼriflaydi.
Yangning aytishicha, bu qoʻshiq "Donald J. Tramp himoya qiladigan hamma narsaning qarama-qarshisidir".
2020 yilda Yang Trampning qayta saylanish kampaniyasini xuddi shu qoʻshiq, shuningdek, "Devil's Sidewalk" uchun mualliflik huquqini buzganlikda ayblab sudga bergan edi.
Yangi daʼvo arizasida aytilishicha, kampaniya oʻshanda "hech qanday himoyani bildirmagan va daʼvo topshirilganidan keyin tezda kelishib olgan" hamda qoʻshiqdan boshqa hech qachon ruxsatsiz foydalanmaslikka vaʼda bergan.
Yang seshanba kuni oʻzining veb-saytida ushbu ish haqida yozib, Trampga 1980 va 1990 yillarda uning koʻplab shoularida qatnashgani uchun minnatdorchilik bildirdi, ammo bu u musiqadan foydalanishi mumkinligini anglatmasligini aniq aytdi.
"Ish shu darajaga yetganidan afsusdaman, lekin pul va bitimlar siz tushunadigan narsadir", deb yozdi u.
Yang, "The Rolling Stones", Rianna, Adel, "REM" va Prinsning merosxoʻrlari avvalroq prezidentning saylovoldi tadbirlarida ularning musiqalaridan foydalanishiga qarshi chiqishgan.

