Nikolas Keyj “Millat xazinasi” filmining uchinchi qismida suratga tushadi

Nikolas Keyj "Millat xazinasi" filmining uchinchi qismida ishtirok etadi.
Disney kinostudiyasi "Millat xazinasi" sarguzasht filmlari seriyasining uchinchi qismini suratga olishga ruxsat berdi. Loyiha rejissyori Jon Tertltaubning ma'lumotiga ko'ra, kompaniya ssenariydan mamnun bo'lgan va Nikolas Keyj boshchiligidagi asosiy aktyorlar tarkibini loyihaga qaytarish niyatida, deb yozadi Layfxaker nashri.
2022-yilda Nikolas Keyj bir nechta muvaffaqiyatsiz loyihalardan so'ng yirik kinostudiyalar uni hamkorlikka chaqirmay qo'ygani sababli mazkur franshizaga qaytishiga shubha bildirgan edi. Aktyor keyinchalik uchinchi qism umuman suratga olinmasligini ham aytgan. Biroq ayni paytda vaziyat o'zgargan va yangi qism ikkinchi film namoyishidan qariyb 20 yil o'tib ekranlarga chiqishi kutilmoqda.
"Millat xazinasi" franshizasiga 2004-yilda asos solingan. Unda Keyj oilasi sharafini himoya qilish maqsadida tarixiy jumboqlarni yechuvchi va davlat sirlarini fosh etuvchi arxeolog Ben Geyts rolini ijro etgan. Kinotanqidchilarning turlicha qarashlariga qaramay, birinchi film prokatda 347 million dollar to'plab, tomoshabinlar orasida ommalashgan. 2007-yilda taqdim etilgan "Sirlar kitobi" deb nomlangan ikkinchi qism esa dunyo bo'ylab 460 million dollar daromad keltirgan.
Rejissyor Jon Tertltaub kinoindustriyada 40 yillik tajribaga ega bo'lib, u faoliyati davomida "Sehrgarning shogirdi", "Tik burilishlar" va "Katta o'ylash" kabi filmlarni suratga olgan. Rejissyorning hozircha oxirgi to'liq metrajli ishi 2018-yilda chiqqan, bosh rolni Jeyson Steytem ijro etgan "Meg: Chuqurlik maxbusi" filmi hisoblanadi.

