Nigeriyadagi masjidda namozxonlar o‘g‘irlab ketildi

Nigeriyada masjidda namoz o‘qiyotganlar o‘g‘irlab ketildi
Nigeriyada juma namozi vaqtida qurollangan shaxslar masjidga bostirib kirib, bir nechta namozxonni o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda Reuters agentligi politsiya matbuot kotibi Vasiu Abiodunga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisa 21-avgust kuni Niger shtatida sodir bo‘lgan. Qurollangan guruh avval Gidan-Zana va Kpenya qishloqlariga hujum qilgan. Shundan so‘ng, mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida Dekara tumanidagi Kpenya masjidiga bostirib kirgan.
Abiodunning 22-avgustdagi bayonotida aytilishicha, dastlabki hisobotlarda qurbonlar yo‘qligi ko‘rsatilgan va hozirda vaziyatni baholash hamda qutqaruv ishlarini olib borish uchun hududga qo‘shma xavfsizlik otryadi yuborilgan.
Politsiya o‘g‘irlab ketilganlarning aniq sonini ma’lum qila olmagan. Biroq, mahalliy aholining Reuters agentligiga bildirishicha, 60 dan ortiq namozxon o‘g‘irlab ketilgan.
Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy va shimoliy-markaziy hududlarida pul talab qilish maqsadida ommaviy odam o‘g‘irlash holatlari tez-tez uchrab turadi. Bu yerda mahalliy aholi "banditlar" deb ataydigan qurollangan jinoiy guruhlar qishloqlar, maktablar va magistral yo‘llarga muntazam hujum qiladi. Misol uchun, 3-avgust kuni Nigeriyaning Zamfara shtatida qurollangan shaxslar qishloq va harbiy bazaga hujum qilib, kamida 52 kishini, jumladan, bolalarni o‘g‘irlab ketgandi.

