Nigeriyada oʻgʻirlab ketilgan 20 nafar bitiruvchidan iborat guruh qutqarildi
Guruh shu oy boshida jamoatchilik xizmati dasturi uchun sayohat qilayotgan vaqtida oʻgʻirlab ketilgan edi

Nigeriyada oʻgʻirlab ketilgan 20 nafar bitiruvchi qutqarildi
Politsiyaning maʼlum qilishicha, oʻtgan hafta Nigeriya janubi-sharqida oʻgʻirlab ketilgan 20 nafar yoshlardan iborat guruh qutqarilgan.
Bitiruvchilar 1 oktyabr kuni mamlakat janubidagi Abiya va Akva-Ibom shtatlarida milliy jamoatchilik xizmati dasturida ishtirok etish uchun yoʻlga chiqqan vaqtlarida qoʻlga olingan edi.
Ular politsiya tomonidan boshqa xavfsizlik idoralari koʻmagida ozod qilindi.
Chorshanba kuni politsiya matbuot kotibi Ani Iniyedu oʻz bayonotida guruh uzoq davom etgan qidiruv-qutqaruv operatsiyasidan soʻng Imo shtatidagi Amakoxia Ubi hududida qutqarilganini aytdi. Guruh aʼzolariga gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda va ular tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun olib ketilgan.
Uning soʻzlariga koʻra, politsiya, harbiylar va boshqa xavfsizlik idoralari razvedka maʼlumotlari asosida oʻrmonlar va gumon qilinayotgan yashirinish joylarida qidiruv ishlarini olib borgan, biroq toʻlov toʻlangani yoki biror kishi hibsga olingani haqida maʼlumot bermadi.
Yoshlar Nigeriyadagi aksariyat universitet bitiruvchilari uchun majburiy boʻlgan bir yillik jamoatchilik xizmati dasturi — Milliy yoshlar xizmati korpusida (NYSC) ishtirok etayotgan edi, unda odamlar mamlakatning turli hududlariga yuboriladi.
Qurollangan shaxslar transport vositalariga hujum qilgan vaqtda, ular ikkita avtobusda mamlakat janubi-gʻarbidagi Oyo shtatining Ibadan shahridan Abiya va Akva-Ibom shtatlaridagi NYSC yoʻnalish lagerlariga katta shosse orqali ketayotgan boʻlgan.
Ushbu hodisa Janubi-Sharqdagi yoʻllarda xavfsizlik va odam oʻgʻirlash bilan bogʻliq xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
Ular ozod etilishidan oldin, oʻgʻirlab ketilganlardan birining otasi Omotosho Adevale BBC’ga bergan intervyusida odam oʻgʻirlovchilar 50 million nayra (37 680 dollar; 28 440 funt sterling) miqdorida toʻlov talab qilganini, bunga uning qurbi yetmasligini aytgan edi.
«Koʻnglim joyida emas. Uch kundan beri ovqatlanganim yoʻq», dedi u koʻz yoshlarini tiya olmay.
Toʻlov evaziga odam oʻgʻirlash Nigeriyadagi jinoiy guruhlar va qurolli toʻdalar ishtirok etadigan asosiy xavfsizlik muammosi hisoblanadi. Rasmiylar hujum qilganlarning shaxsi haqida hech qanday maʼlumot bermagan.

