Nigeriya prezidenti masjiddan o‘g‘irlab ketilgan yuzlab odamlarni qutqarish bo‘yicha topshiriq berdi

Nigeriya Prezidenti Bola Tinubu mamlakatning markaziy qismidagi Niger shtatida yuzlab odamlar o‘g‘irlab ketilganidan so‘ng, ularni tezkorlik bilan qutqarish bo‘yicha operatsiya boshlashni buyurdi.
Bu holat 21-avgust kuni Niger shtatidagi masjidga qilingan hujumdan keyin yuz bergan. Qurollangan shaxslar avval Gidan-Zana va Kpenya qishloqlariga hujum qilib, so‘ngra mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida Dekara tumanidagi Kpenya masjidiga bostirib kirgan.
23-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda hujum paytida olib ketilgani aytilgan qariyb 600 nafar ayol, bola va keksa odam aks etgan video tarqatildi. Reuters bu raqamni mustaqil tasdiqlay olmadi. Mahalliy rasmiylardan birining xabar berishicha, hujum vaqtida 30 kishi halok bo‘lgan.
Prezident Tinubu xavfsizlik kuchlariga o‘g‘irlab ketilganlarni qutqarish bo‘yicha zudlik bilan operatsiya o‘tkazishni va uning borishi haqida muntazam ma’lumot berib borishni topshirdi. Mahalliy hokimiyat vakillari esa bedarak yo‘qolganlar sonini aniqlashga harakat qilmoqda. Hujumdan so‘ng kamida 2 ming kishi qo‘shni Benin hududiga qochgani aytilmoqda.
Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy va markaziy hududlarida qurolli jinoiy guruhlar tomonidan odamlarni to‘lov evaziga o‘g‘irlash holatlari tez-tez uchrab turadi.

