Dunyo

Nigeriya politsiyasi noqonuniy konchilikda gumonlanib hibsga olingan 37 kishining oʻlimi boʻyicha tergov olib bormoqda

Rasmiylar oʻlim holatlarini kasallik bilan bogʻlashdi, biroq rasmiy tushuntirish razvedka maʼlumotlari va ayblanuvchilarning yaqinlari tomonidan shubha ostiga olindi.

Nigeriya politsiyasi noqonuniy konchilikda gumonlanib hibsga olingan 37 kishining oʻlimi yuzasidan tergov boshladi

Nigeriya shimoli-gʻarbida noqonuniy konchilikda ayblanib hibsga olingan 37 kishi hibsxonada vafot etdi, deb xabar berdi mahalliy rasmiylar.

Politsiya oʻlim holatlari yuzasidan tergov boshladi. Nigeriya Xavfsizlik va fuqarolik mudofaasi korpusi (NSCDC) ushbu oʻlimlarga kasallik tarqalishi sabab boʻlgan boʻlishi mumkinligini maʼlum qildi.

Biroq, AFP axborot agentligi ixtiyoridagi razvedka hisobotida guruh Nigeriyaning Niger shtatidagi hibsxonada tirbandlik va havo yetishmasligi oqibatida vafot etgani koʻrsatilgan.

Shtat gubernatori Muhammad Umaru Bago payshanba kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida ushbu oʻlimlarni "mahzun va fojiali" deb atadi.

Bago, shuningdek, oʻlim holatlaridan keyin NSCDC komandiri hibsga olinganini aytdi.

U uch kunlik motam eʼlon qildi va yanvar oyida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan saylovlaroldi kampaniyasi boshlanishini kechiktirdi.

Mutasaddilar seshanba kuni foydali qazilmalarga boy Niger shtatining Borgu shahri yaqinida noqonuniy konchilikda gumon qilib, bir guruh yosh yigitlarni hibsga olgan edi. Bu hudud kichik hajmdagi oltin qazib olish bilan mashhur.

Ikki kun oʻtgach, noqonuniy faoliyatga aloqadorlikda gumonlanib ushlangan 37 kishi NSCDC tomonidan boshqariladigan hibsxonada oʻlik holda topildi.

NSCDC hibsga olinganlar oʻlimga olib kelishi mumkin boʻlgan jiddiy bakterial infektsiya — difteriya (boʻgʻma) kasalligi qurboni boʻlgan boʻlishi mumkinligini bildirdi.

Biroq, halok boʻlganlarning yaqinlari rasmiy talqinni rad etib, ular qasddan oʻldirilganini daʼvo qilmoqda.

Niger politsiyasi boshligʻi "NSCDC hibsxonasida noqonuniy konchilikda gumon qilinganlarning fojiali oʻlimi" yuzasidan zudlik bilan tergov oʻtkazishga buyruq berdi, dedi matbuot kotibi Vasiu Abiodun oʻz bayonotida.

Qurbonlarning jasadlari tekshiruv uchun yaqin atrofdagi Minna shahridagi markaziy shifoxonaga olib borilgan.

Rasmiylar va ekspertlarning fikriga koʻra, Niger shtatidagi noqonuniy konlardan oltin qazib olishga boʻlgan intilish jinoiy guruhlar tomonidan zoʻravonliklar avj olishiga zamin yaratgan.

SwissAid tashkilotining 2024 yilgi hisobotida mintaqadagi oltinning katta qismi global taʼminot zanjirlari orqali noqonuniy ravishda olib oʻtilishi aniqlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.