Niderlandiya sobiq vazirining poverbanki samolyotda portlab ketdi

Niderlandiyaning sobiq vaziriga tegishli poverbank samolyotda portlab ketdi
Atlantika okeani ustidan uchib borayotgan samolyotda Niderlandiyaning sobiq transport vaziri Kamiel Eyrlingsga tegishli poverbank portlab ketdi va buning natijasida bortda yong‘in chiqdi. Shu sabab ekipaj samolyotni favqulodda tarzda ortga qaytarishga majbur bo‘ldi.
KLM aviakompaniyasiga qarashli Boeing Amsterdamdan Karib dengizining janubidagi Kyurasao oroliga yo‘l olgan edi.
Parvoz boshlanganidan 5,5 soat o‘tgach, samolyot Atlantika ustidan uchayotgan paytda biznes-klass salonida poverbank yonib ketdi. Guvohlarning aytishicha, Eyrlings qurilmani zaryadlashga qo‘ygan va o‘zi uxlab qolgan.
Aviakompaniya qoidalariga ko‘ra, parvoz vaqtida poverbankdan foydalanish yoki uni quvvatlash taqiqlanadi. Ekipaj yong‘inni tezda bartaraf etdi, biroq samolyot komandiri xavfga bormasdan, Amsterdamga qaytish haqida buyruq berdi.
Ma’lumot uchun, 53 yoshli Kamiel Eyrlings 2007—2010-yillarda Niderlandiyaning Transport, jamoat ishlari va suv xo‘jaligi vazirligini boshqargan. 2013–2014-yillarda esa u KLM aviakompaniyasiga rahbarlik qilgan. Qizig‘i, hodisa yuz bergan samolyot aynan shu aviakompaniyaga tegishli.

