New York Times 50 yil ichida ilk bor tuhmat boʻyicha sud ishini yutqazdi
Hakamlar hayʼati The New York Times (AQSH) nashrini Alabama universiteti basketbol jamoasining sobiq oʻyinchisi Kay Spirsga maʼnaviy zarar uchun 9,25 million dollar tovon puli toʻlashga hukm qildi. Gazeta 2023-yilda universitetdagi otishma haqidagi nashrida uning ismini yanglishib tilga olgan edi.

New York Times nashri 50 yildan ziyod vaqt ichida birinchi marta tuhmatga oid sud ishida magʻlubiyatga uchradi.
Voqea 2023-yil 15-yanvar kuni Alabama universiteti kampusiga yaqin joyda sodir boʻlgan otishma bilan bogʻliq. Ushbu hodisada universitet basketbol jamoasi aʼzosi Darius Maylz ishtirok etgan boʻlib, natijada 23 yoshli ayol vafot etgan, bir qancha talabalar esa jarohatlangan. Mart oyida NYT anonimlik sharti bilan guvohlar bilan suhbatlashgan muxbirning reportajini chop etdi. Jurnalistning suhbatdoshlaridan biri, otishma vaqtida yana bir basketbolchi Kay Spirs kampus yaqinida toʻxtab turgan mashinada boʻlganini aytgan. Koʻp oʻtmay, nashr oʻz xatosini tan olib, matndagi noaniqlikni koʻrsatib oʻtdi.
Shunga qaramay, Spirs NYT nashrini tuhmatda ayblab, gazeta uning shaxsiy hayotiga tajovuz qilganini va unga kuchli hissiy zarba yetkazganini daʼvo qildi. Hakamlar hayʼati daʼvogar tomonini qoʻllab-quvvatladi.
NYT hukm haqidagi reportajida qayd etilishicha, gazeta 50 yildan ortiq vaqt davomida birorta maqolasi yuzasidan tuhmat daʼvosida yutqazmagan edi. Nashr avvalgi shov-shuvli ishlarda, jumladan, Sara Peylin va Donald Trampning daʼvolarida ham gʻolib chiqqan edi.
NYT vakili Charli Shtadtlander bu holatni "begʻaraz xato" deb atadi va nashr hukmdan hafsalasi pir boʻlganini, uni asossiz deb hisoblashini hamda apellatsiya berish imkoniyatini koʻrib chiqayotganini maʼlum qildi.

