Netanyahu partiyasi soʻrovlarda ortda qolmoqda - Tramp unga toʻliq qoʻllov bildirdi
AQSH prezidenti Donald Tramp Isroildagi parlament saylovlari oldidan bosh vazir Binyamin Netanyahuni «toʻliq va soʻzsiz» qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Ayni paytda soʻrovlarda Netanyahuning «Likud» partiyasi Gadi Ayzenkot boshchiligidagi «Yashar»dan ortda qolmoqda.

Netanyahu partiyasi soʻrovlarda ortda qolmoqda, Tramp esa unga toʻliq qoʻllov bildirdi
Isroil parlamenti — Knessetga saylovlar 27-oktabrga belgilangan.
AQSH prezidenti Netanyahuni qoʻllashini Eron masalasidagi hamkorlik bilan bogʻladi. Uning aytishicha, Isroilga boshqa rahbar keladigan boʻlsa, Vashington Eronga mustaqil ravishda qarshi turishga majbur boʻladi. Tramp bunday yoʻlni tanlash niyati yoʻqligini taʼkidladi.
Shuningdek, u Netanyahu hukumati bilan birga Eron rejimiga harbiy va moliyaviy zarba berilayotganini daʼvo qildi. Tehron oʻz siyosatini oʻzgartirmasa, bosim davom etishini bildirdi.
The Jerusalem Post eʼlon qilgan soʻrov natijalariga koʻra, «Likud» saylovda 19 ta, Isroil armiyasining sobiq bosh qoʻmondoni Gadi Ayzenkotning «Yashar» partiyasi esa 22 ta mandat olishi mumkin. Shunga qaramay, hukumat tarafdorlari va muxolifat bloklarining umumiy imkoniyatlari bir-biriga yaqinligicha qolmoqda.
Knessetda koʻpchilikni tuzish uchun 120 oʻrindan kamida 61 tasini birlashtirish kerak. Shu sababli alohida partiyaning birinchi oʻrinni egallashi uning hukumat tuzishini avtomatik tarzda kafolatlamaydi.
AP agentligiga koʻra, ehtimoliy ssenariylardan biri — muxolifatning soʻl, markazchi va oʻng partiyalarni bir koalitsiyaga birlashtirishga urinishi. Ikkinchi variant esa Netanyahu partiyasining oʻta oʻng siyosiy kuchlar bilan ittifoqini davom ettirishidir.
Bunday vaziyatda arab partiyalari muhim rol oʻynashi mumkin. Ular manfaatlarini ifodalaydigan arab aholi mamlakatda ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning taxminan 20 foizini tashkil etadi. Soʻrovlarda arab partiyalariga 13–15 ta mandat prognoz qilinmoqda.
Biroq siyosiy kuchlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar koalitsiya tuzishni qiyinlashtirishi mumkin. AP bahosiga koʻra, agar hech bir tomon parlament koʻpchiligini shakllantira olmasa, Isroilda siyosiy inqiroz choʻzilishi va yana saylov oʻtkazilishi ehtimoli bor.

