Nepaldagi fojiadan 10 kun o‘tib, xitoylik erkak tunnel ichidan tirik topildi

Nepaldagi fojiadan 10 kun o‘tib, xitoylik erkak tunnel ichidan tirik topildi
Nepalda yuz bergan tabiiy ofat tufayli tunnel ichida qolib ketgan xitoylik fuqaro voqeadan 10 kun o‘tib qutqarildi. Nepal armiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Lu Haitao 26-avgust kuni yuz bergan toshqinlar sabab Upper Trishuli-1 gidroelektr stansiyasi loyihasining 225 metrlik tunnelida qolib ketgan.
U tabiiy ofat oqibatida tunnelga qamalib qolgan yagona odam emas edi. Taxminlarga ko‘ra, toshqinlar va tuproq ko‘chkisi paytida yuzlab insonlar tunneldan chiqishga ulgurmagan. Lu Haitao esa shunday holatda tirik topilgan uchinchi shaxsdir. Voqeadan bir necha kun oldin qutqaruvchilar aynan shu daryodagi Upper Trishuli 3A gidroelektr stansiyasi tunnelidan yana ikki kishini olib chiqqan edi.
Rasmiylar Lu tanasida ko‘zga tashlanadigan og‘ir jarohatlar aniqlanmaganini aytishdi. Uning hayotiy ko‘rsatkichlari barqaror bo‘lgan. Biroq xitoylik erkakda yengil gipotermiya alomatlari qayd etilgan. Shu sababli Lu vertolyotda harbiy gospitalga olib ketilgan.
26-avgust kuni Himolay hududidagi ulkan muzlik qulashi ortidan kuchli toshqin yuzaga kelgan. Nepal tabiiy ofatlarni boshqarish idorasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda kamida 1 344 kishi halok bo‘lgan, yana 4 887 kishi bedarak yo‘qolgan. Ular orasida 583 nafar xorij fuqarosi bor.
Xitoy davlat axborot agentligi Sinxua xabariga ko‘ra, Tibetda ham tabiiy ofat oqibatida 31 kishi halok bo‘lgan, 531 kishi bedarak yo‘qolgan. Ro‘yxatda 261 nafar xorij fuqarosi bor.
Shanba kuni Nepal armiyasi Chandika Kumari Shrestha ismli ayolni ham Betravatidagi suv bosgan uyidan tirik holda qutqargan. Hozirda qutqaruvchilar tunnellarda qolib ketgan boshqa odamlarni izlashda davom etmoqda.

