Nemis jurnalisti feyk akkaunt ochib, Putinni maqtagach, Rossiya agentlaridan topshiriqlar oldi

Nemis jurnalisti soxta akkaunt ochib, Putinni maqtaganidan so‘ng Rossiya agentlaridan topshiriqlar oldi
Nemis jurnalisti Angelike Geray Rossiyaning Germaniyadagi yashirin agentlari qanday ishlashini aniqlashga qaratilgan surishtiruv doirasida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini Vladimir Putin muxlisi sifatida ko‘rsatdi. Bu haqdagi film sentyabr oyi boshida Germaniyaning “RTL” telekanalida namoyish etildi.
Geray bir necha oy davomida raqamli soxta shaxs yaratish ustida ishladi. “Katya” taxallusi ostida u o‘zini rossiyaparast inflyuenser sifatida ko‘rsatib, ijtimoiy tarmoqlarda auditoriyani tabiiy yo‘l bilan to‘plash va aloqalar o‘rnatishga urindi.
“Katya” telnyashka (Rossiya Qurolli kuchlari formasi) kiyib, Putindan hayratlanishini bildirgan va Bundestag atrofida Rossiya bayrog‘i bilan yurgan videolar joylagan. Tez orada unga Rossiya agentlari chiqib, topshiriqlar bajarishni taklif qilgan, buning uchun to‘lov bitkoinlarda amalga oshirilgan.
Surishtiruv davomida Geray va “RTL”ning boshqa jurnalistlari agent yollash jarayonining ichiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Boshlang‘ich darajadagi yangi agentlarga oddiy topshiriqlar berilgan, jumladan, suratga olish, pochtani qabul qilish, SIM-karta olish. Biroq keyinchalik yanada jiddiyroq vazifalar yuklangan. Boshlang‘ich darajadagi agentlar bu topshiriqlarning faqat bir qismidan xabardor bo‘lgan.
Operatsiya boshlanganidan biroz vaqt o‘tgach, “Katya”ning profili “Sara Vagenknext ittifoqi” a’zosi Yovitsa Yovichning e’tiboriga tushgan. “RTL” telekanali uni “Germaniyadagi rossiyaparast sahnadagi eng mashhur shaxslardan biri” deb ataydi. U “Katya”ga uchrashishni taklif qilgan va uchrashuvda o‘zining rossiyaparast faoliyati haqida gapirgan. Yovich Rossiya maxsus xizmatlari bilan ishlashiga ishora qilgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini Moskvadagi maxsus xizmatlar muvofiqlashtirib turadimi, degan savolga Yovich quyidagicha javob bergan:
“Buni hech kim bilmaydi. Nazariy jihatdan bilmayman. Amalda esa bilaman”.
Keyinchalik Angelike Geray u bilan muxbir sifatida, o‘zining haqiqiy ismi bilan suhbatlashganida, u Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi kampaniyada ishtirok etishini rad etgandi. “RTL”ning ta’kidlashicha, Geray “Katya”ning soxta shaxs ekanini ochiqchasiga tan olganida, unga ovozli pochta orqali “Qochishga urinsang, o‘q yeysan!” degan tahdidli xabar kelgan.
Germaniyada so‘nggi paytlarda Rossiya tomonidan uyushtirilgan qo‘poruvchilik va dezinformatsiya kampaniyalariga e’tibor kuchaymoqda. So‘nggi haftalardagi eng mashhur voqea Leypsigda sodir bo‘ldi, o‘shanda portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan dronlar Ukraina transport samolyotiga hujum qilishga uringandi. Germaniya rasmiylari mas’uliyatni rasman Rossiya zimmasiga yuklagan va bunga javoban Berlindagi “Rus uyi” hamda Bonndagi Rossiya konsulligini yopgan.

