Nega harbiylarga Starlink oʻrniga Starshield kerak?
SpaceX’ning Starlink tarmogʻi keng ommaga sunʼiy yoʻldosh internetini taqdim etsa, Starshield davlat va harbiy buyurtmachilarning himoyalangan aloqa, razvedka hamda kuzatuv vazifalariga moʻljallangan. Ular ayrim texnologiyalar va infratuzilmadan birgalikda foydalansa-da, qoʻllanish qoidalari va boshqaruvi farq qiladi.

Nega harbiylarga Starlink emas, Starshield kerak?
Ukrainaning sunʼiy yoʻldosh aloqasiga qoʻyilgan cheklovlar haqidagi bayonotlari bu ikki tizim orasidagi farqlarga yana diqqatni qaratdi. Kiyevning aytishicha, cheklovlar dronlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari ishini murakkablashtirgan.
Ilon Mask esa Starlink va Starshield bir-biridan alohida tizimlar ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Starshield tizimlari AQSH hukumatiga tegishli va uning nazoratida boʻlib, ulardan foydalanish bo‘yicha cheklovlarni Amerika harbiylari yoki prezidenti belgilaydi.
Starlink — SpaceX’ga tegishli tijoriy sunʼiy yoʻldosh internet xizmati. Undan uy xoʻjaliklari, sayyohlar, kemachilik kompaniyalari va aviakompaniyalar foydalanadi. Internetga ulanish uchun maxsus qabul qiluvchi terminal zarur.
Tarmoqning ilk sunʼiy yoʻldoshlari 2019-yilda uchirilgan. Ular past Yer orbitasida ishlagani sababli, ancha balandda joylashgan anʼanaviy aloqa sunʼiy yoʻldoshlariga nisbatan signal kechikishini kamaytirishga imkon beradi.
Maskning izohiga ko‘ra, Starlink SpaceX nazoratidagi tijoriy xizmat bo‘lib, undan fuqarolik yoki mudofaa maqsadlarida foydalanish mumkin. U kompaniya hujumkor harbiy operatsiyalarda Starlink’dan foydalanishga ruxsat bermasligini aytgan.
Starshield esa SpaceX’ning davlat, jumladan, milliy xavfsizlik sohasidagi buyurtmachilar uchun sunʼiy yoʻldosh tizimlarini ishlab chiqish yoʻnalishidir. Uning vazifalari internetga ulashdan kengroq bo‘lib, himoyalangan aloqa, Yerni kuzatish hamda sunʼiy yoʻldoshlarga maxsus datchiklar va boshqa uskunalarni joylashtirishni qamrab oladi.
SpaceX maʼlumotiga ko‘ra, Starshield Starlink’ni yaratishda to‘plangan texnologiyalar va muhandislik tajribasiga tayanadi. Himoyalangan aloqa xizmatlarida kuchaytirilgan shifrlash, maxsus terminallar va alohida tarmoq shlyuzlari qo‘llanadi.
Shu bilan birga, Starshield’ni faqat Starlink’ning harbiy tarif rejasi sifatida tushunish to‘g‘ri emas. Dastur doirasida maxsus sunʼiy yoʻldoshlar va alohida buyurtmalarga mos tizimlar ham ishlab chiqiladi.

