Mahalliy

“Nega bularga hech kimning kuchi yetmaydi?” — Toshkentda aholi qurilish shovqinidan norozi

Gazeta’ga murojaat qilgan Yunusobod tumani 'Shayx Shibliy' MFY ahli mahallada qurilayotgan 22 qavatli turar joy obyektida qurilish ishlari tuni bilan davom etayotganidan norozi. 2023-yildan buyon qurilishga qarshilik qilib keladigan mahalla ahli 'kechalari uxlolmayapmiz' deydi. Gazeta holatni o‘rgandi.

“Nega bularga hech kimning kuchi yetmaydi?” — Toshkentda aholi qurilish shovqinidan norozi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi “Shayx Shibliy” mahallasida, Chingiz Aytmatov ko‘chasi 37-uy manzilida, 22 qavatli, pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilmoqda.

Qurilish hujjatlariga ko‘ra, hududning umumiy maydoni 3 gektardan oshadi, shundan bir gektarida qurilish ishlari olib boriladi. Hujjatlarda majmuada 44, 33, 22 va 16 qavatli binolar bo‘lishi qayd etilgan.

Mazkur qurilishning buyurtmachisi “HILLS GROUP” MCHJ, loyihachisi “ARX-DIZAYN SAN’ATI” MCHJ, pudratchisi esa “ZIYO-SAN`AT” MCHJ hisoblanadi.

Obyekt 2023-2024-yillarda sobiq Vaksinatsiya va zardoblar tadqiqot instituti o‘rnida qurilayotgani bilan ham ko‘pchilikning yodida qolgan. O‘shanda mahalla ahli hududda avvallari hayvonlar ustida tajriba o‘tkazilgani va ularning shu yerda ko‘milgani sababli qurilish xavfli ekanini, yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi borligini ta’kidlab, qarshilik ko‘rsatgan. Biroq aholi vakillari sudda uch marta yutqazgan. Gazeta bu haqda o‘z surishtiruvlarida bir necha bor yozgan edi.

Bugungi kunda Shayx Shibliy mahallasi aholisi uzluksiz qurilish sababli kunning kechki qismida ko‘tarilayotgan shovqindan shikoyat qilmoqda.

Qurilish hududidan 10 metr narida, 36-uyda yashovchi Olimjon Obidov Gazeta’ga murojaat qilib, qurilish ishlari kechayu kunduz olib borilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shovqin sababli atrofda yashovchilar tunlari uxlolmayapti.

“Qurilish 2024-yilda boshlangan. Avvaliga kechasi ishlashmas edi. Keyin bu holat boshlandi. Kechasi projektor yoqib, bo‘yinlariga ham chiroq ilib ertalabgacha ishlashadi. Yarim kechasi taraqa-tuqur qilib, baqir-chaqir, bir-birlarini so‘kkan bo‘ladi. Bolalarim kechasi bilan uxlolmay yig‘lab chiqadi”, — deydi 34-uyda yashovchi Abduhamid Bozorboyev.

2025-yil 12-aprelida Olimjon Obidovning Yunusobod tumani IIBga yozgan arizasiga ko‘ra, to‘rt nafar quruvchiga nisbatan tungi vaqtda shovqin ko‘targani uchun ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

2026-yil iyul oyi boshlarida mahalla ahli “Mening Yurtim” telekanaliga ushbu masala yuzasidan murojaat qilgan. Telekanal jurnalisti qurilishni olib borayotgan “Hills Blue” kompaniyasi rahbari Azamat Ziyoyevdan holat bo‘yicha izoh olganida, u ish vaqti soat 07:00 dan 23:00 gacha ekanini aytgan.

“23:00 dan o‘tib ketgan bo‘lsa, bu texnik sabab bilan bo‘lishi mumkin. Agar rostdan ham kechasi bilan ishlashayotgan bo‘lsa, chorasini ko‘raylik”, — deya ta’kidlagan qurilish kompaniyasi rahbari.

“Kechayu kunduz ishlashayotganiga sabab, quruvchi xonadonlarni o‘z egalariga vaqtida topshira olmayapti. Muddat o‘tgandan keyin, penya ham to‘lashi kerak. Menimcha, shuning uchun 24 soatlik ish rejimiga o‘tishgan”, — deydi Gazeta’ga intervyu bergan shu mahallada yashovchi fuqaro.

Olimjon Obidovning tahririyatga yuborgan bir necha videolarida tungi soat 03:00 bo‘lishiga qaramay qurilish ishlari davom etayotganini ko‘rish mumkin.

U aynan shu qurilish sabab o‘zi yashaydigan xonadon devorlari darz ketganini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, quruvchi Olimjonning uyini ham ta’mirlab berishini aytgan. Biroq “shundan keyin quruvchini hech ham topib bo‘lmayapti”.

Olimjon Obidov 2026-yilning iyunida Bosh prokuraturaga yozgan arizasida qurilish sabab o‘zi yashaydigan uyning ichki va tashqi devorlarida yoriqlar hosil bo‘lgani va buni quruvchi tomon qoplab berishini, shuningdek, qurilish obyektining hujjatlari, ekspertiza xulosalarining qonuniyligini tekshirishni so‘ragan.

Toshkent shahar Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan yuborilgan javob xatida “HILLS GROUP” MCHJga tegishli “Ko‘p qavatli turar joy binosini qurish” obyektida qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma 2026-yilning 23-aprelida berilgani aytiladi. Biroq obyektning rasmiy pasportida qurilishga ruxsat 2024-yil 5-fevralda berilgani ko‘rsatilgan.

“Inspeksiya tomonidan mazkur qurilish bloki bo‘yicha monitoring ishlari o‘tkazish jarayonida aniqlangan holatlar bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan hamda yozma ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bartaraf etilmaganligi yuzasidan jamiyat mas’ul mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan”, — deyiladi javob xatida.

Prokuratura xabarnomasida Obidovga uyining ta’mirlab berilishi yuzasidan sudga murojaat qilish tavsiya etilgan.

“24 soat qurilish ishlari olib borilganligi to‘g‘risida foto-video dalillarni ham jo‘natyapmiz, bizga o‘rganish jarayoni haqida aniq ma’lumot berilmayapti. Shunchaki qurilish qonun doirasida olib borilyapti, deya javob berildi. Vaholanki, mahalla fuqarolarining IIBga berilgan arizalarida ish jarayoni 24 soat davom etayotgani keltirib o‘tilgan”, — deydi Obidov.

Shayx Shibliyda yashovchilardan biri Qudrat Yunusov qurilajak binoning balandligidan ham norozi.

“Ertaga tepangizda tog‘ turgandek bo‘ladi-da. Tepangizda odamlar yashaydi, tashqariga qaraydi. Bir tomon Shanxay, bir tomon hovli. Keyin nima bo‘ladi, buzish ishlari bu yoqqa ham o‘tadi-da”, — deydi u.

Qurilish bo‘layotgan joyda ilgari futbol va bolalar maydonchalari bo‘lgan. Quruvchilar u yerdagi o‘yin jihozlarini biroz teparoqqa ko‘chirgan.

“Ko‘rinib turibdiki, hozirgi bolalar maydonchasining ahvoli achinarli. Eng yomoni, bu yerda katta kuchlanishli tok bor, kim ham bu yerda bolasining o‘ynashini istaydi”, — deydi Olimjon Obidov.

Google Earth dasturi orqali qurilish maydoni o‘rnida 2023-yil aprelida ko‘p sonli daraxtlar bo‘lganini ko‘rish mumkin. 2024-yil apreliga qaytilsa, daraxtlarning asosiy qismi yo‘qolib qolgani aks etadi.

2023-yil 30-aprel.

2024-yil 30-aprel.

Olimjon Obidov 2024-yil avgustida Ekologiya vazirligiga qurilish maydoni hududida daraxtlar kesilgani yuzasidan ham murojaat qilgan.

Ekologiya vazirligi Toshkent shahri boshqarmasi “HILLS GROUP” MCHJ direktori o‘rinbosari Jamilbek Kamolovga nisbatan qurilish olib borilayotgan maydon hududida 29 tup qimmatbaho turga mansub daraxtlarni ruxsatsiz tag qismidan olib tashlagani yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirgan.

6-sentyabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi mazkur holat bo‘yicha “HILLS GROUP” MCHJ direktori o‘rinbosari Jamilbek Kamolovni MJtKning 79-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topgan.

Sud Kamolovga 3,4 mln, “HILLS GROUP” MCHJga (Ekoboshqarma foydasiga) 32 mln 640 ming so‘m jarima qo‘llagan.

Hozirda mahalla ahlining asosiy talabi — qurilish ishlarini tungi soatlarda to‘xtatish, bolalar maydonchasining xavfsiz va qulay qilib ta’mirlanishi.

“Shuncha kurashganimning natijasi bir uyum qog‘oz bo‘ldi. Men ariza yozaveraman, o‘rniga „jarima qildik“, „tushuntirish ishlari olib borildi“, „hammasi qonun doirasida“ degan javoblar bo‘laverdi. Nega bularga hech kimning kuchi yetmaydi? O‘z uyimizda tinch holatda dam olishga haqimiz bor-ku, shuni ta’minlab berishsin, xolos”, — deydi Olimjon Obidov.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.