Nega ayrimlar chet tilini oson oʻrganadi? Olimlar tovushlarni farqlashda muhim xususiyatni aniqladi
Tovushlar orasidagi nozik farqlarni yaxshi eshitadigan odamlar xorijiy til tovushlarini aniqroq ajrata olishi mumkin. London universitet kolleji va Yaponiyaning Toxoku universiteti olimlari oʻtkazgan tadqiqot bu xususiyat notanish talaffuzni oʻzlashtirishda muhim oʻrin tutishini koʻrsatdi.

Nega ayrimlar chet tilini oson oʻrganadi? Olimlar tovushlarni ajratishda muhim omilni aniqladi
Tadqiqotda ingliz tilini oʻrganayotgan 67 nafar yapon ishtirok etdi. Avval olimlar ularning nutqqa aloqador boʻlmagan tovushlardagi balandlik, davomiylik va boshqa nozik farqlarni qanchalik yaxshi ilgʻashini sinovdan oʻtkazdi.
Shundan soʻng ishtirokchilarga ingliz tilidagi cat va cup soʻzlarida uchraydigan /æ/ hamda /ʌ/ unlilarini farqlash vazifasi berildi. Yapon tilida bu tovushlarning bevosita muqobili yoʻq. Topshiriq bajarilayotgan paytda funksional magnit-rezonans tomografiyasi orqali miya faolligi kuzatildi.
Natijalarga koʻra, eshitish aniqligi yuqori boʻlgan ishtirokchilar xorijiy tovushlarni tinglaganda miyaning nutqni qayta ishlashga masʼul chap sensomotor sohasini kamroq faollashtirgan. Ularning miya faolligi nutqqa aloqador boʻlmagan tovushlarni tahlil qilishdagi holatga oʻxshagan.
Olimlarning izohiga koʻra, bunday odamlar notanish tovushlarni darhol ona tilidagi tanish tovushlarga moslashtirishga urinmaydi. Ular tovushning oʻz xususiyatlariga koʻproq eʼtibor qaratadi. Bu esa ona tilida shakllangan talaffuz odatlarining taʼsirini kamaytirishi mumkin.
Eshitish aniqligi pastroq ishtirokchilar esa notanish tovushlarni ajratishda ona tilining fonetik qoliplariga koʻproq tayangan.
Mualliflar xorijiy til oʻrganishda lugʻat va grammatika bilan birga tovushlar orasidagi mayda farqlarni eshitish qobiliyatini ham rivojlantirish foydali boʻlishi mumkinligini taʼkidlagan.
Biroq tadqiqot asosan xorijiy nutq tovushlarini farqlashga qaratilgan. U til oʻrganishdagi barcha qobiliyatlar tugʻma ekanini yoki eshitish mashqlari lugʻat va grammatikani oʻrganish oʻrnini bosishini isbotlamaydi.

