Nega 500 emas, 350 kWh? Vazir oʻrinbosari izoh berdi
Gazsiz aholi uchun isitish mavsumida elektr energiyasining oshirilgan bazaviy meyorini 350 kWh deb belgilash taklif etilmoqda. Kun.uz muxbiri nega 500 kWh emas, degan savol bilan iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Xurshid Mustafoyevga yuzlandi. Uning aytishicha, gazlashmagan hududlardagi 60 foiz aholi qish paytida oyiga 300 kWh'gacha elektr energiyasi ishlatadi va shu sababli 350 kWh taklif etilmoqda.

Nega 500 emas, 350 kWh? Vazir oʻrinbosari izoh berdi
Oʻzbekistonda gazlashtirilmagan va tabiiy gaz yetib borishi qiyin hududlarda yashovchi aholi uchun elektr energiyasining bazaviy meyorini amaldagi 200 kWh dan isitish mavsumida 350 kWh ga oshirish taklif qilinmoqda. Shu haqdagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan.
Kun.uz muxbiri 14-oktabr kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida nega aynan 350 kWh taklif etilayotgani, meyorni 500 kWh gacha oshirish masalasi koʻrib chiqilganmi-yoʻqmi, deb soʻradi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Xurshid Mustafoyev tanlangan taklifga ikki sababni keltirdi:
“Hozirgi kunda ehtiyojmand oilalar uchun 200 kWh dan keyin yana 150 kWh gacha energiya isteʼmolining bazaviy narx bilan farqi Ijtimoiy himoya agentligi tomonidan qoplab beriladi. Aynan shu kam taʼminlanganlarga berilgan huquqdan kelib chiqib, [gazlashmagan hududlar uchun isitish mavsumida] 350 kWh koʻzda tutilmoqda.
Ikkinchi sababi, biz har bir gazlashmagan hududda har bir xonadon boʻyicha qish paytida elektr energiyasi sarfini tahlil qildik. Unga asosan, gazlashmagan hududlarda yashovchi 60 foiz aholi qish paytida oyiga 300 kWh gacha elektr energiyasidan foydalanadi. Shundan kelib chiqqan holda, bir oylik bazaviy meyor sifatida 350 kWh belgilash taklif qilinyapti”.
Kun.uz muxbiri chegirma qoʻllaniladigan aholi doirasi haqida ham savol berdi.
“Hozirgi kunda tabiiy gaz olmaydigan xonadonlar soni 4 millionga yaqin, ular suyultirilgan gaz oladi. Bundan tashqari, gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarda 600 mingdan koʻproq isteʼmolchi mavjud – ularga qish paytida gaz bir maromda berilmaydi: misol uchun, gaz bugun boʻlishi mumkin, ertaga pasayadi, uchinchi kuni yana boʻlmaydi. Shundan kelib chiqib ular uchun ham elektr energiyasining bazaviy normasini isitish mavsumida 350 kWh etib belgilash taklif etilgan”, dedi vazir oʻrinbosari.
Eslatib oʻtamiz, hozirda aholining oyiga 200 kWh gacha isteʼmoli 650 soʻmdan, 201–500 kWh oraligʻidagi isteʼmoli esa 900 soʻmdan tarifikatsiya qilinadi.

