NBC: AQSH Yevropadagi qo‘shinlarining qariyb yarmini olib chiqib ketishi mumkin

NBC: AQSH Yevropadagi qo‘shinlarining qariyb yarmini olib chiqib ketishi mumkin
Pentagon Yevropadagi amerikalik harbiylarning qariyb uchdan bir qismini olib chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi NBC News. Telekanal yetti nafar amaldagi va sobiq AQSH rasmiylari hamda G‘arb amaldorlariga tayanib yozishicha, Yevropadan 25 mingdan ortiq amerikalik harbiy vataniga qaytarilishi mumkin.
Jurnalistlar suhbatlashgan ikki manbaga ko‘ra, qisqartirish bundan ham kattaroq bo‘lishi ehtimoldan xoli emas — Yevropadan 40 minggacha amerikalik harbiy olib chiqilishi mumkin. Bu AQSHning Yevropadagi harbiy kontingentining qariyb yarmiga teng.
AQSH rasmiylari va g‘arblik amaldorning aytishicha, harbiylar sonining kamaytirilishi, katta ehtimol bilan, Germaniya, Italiya va Ispaniyaga ta’sir qiladi.
Yevropadagi Amerika harbiy kuchlarining asosiy qismi aynan shu uch davlatda joylashgan. Shu bilan birga, bu mamlakatlar rahbarlari Eron bilan bog‘liq urush masalasida AQSH prezidenti Donald Tramp bilan ziddiyatga borgandi.
AQSHning Yevropadagi harbiy ishtirokini keskin qisqartirish rejasi harbiy samolyotlar, kemalar va qurol-yarog‘larni ham olib ketishni nazarda tutadi.
Agar reja amalga oshsa, bu Sovuq urush tugaganidan beri Yevropadagi 80 ming kishilik AQSH harbiy kontingentining eng yirik qisqarishi bo‘ladi.
NBC Pentagondagi yuqori martabali rasmiy va yana ikki amaldorga tayanib yozishicha, bu masala bo‘yicha hozircha hech qanday qaror qabul qilinmagan.
Telekanal ta’kidlashicha, NATOdagi ittifoqchilar Yevropada Rossiya agressiyasi xavfi ortib borayotgani haqida ogohlantirayotganiga qaramay, AQSH shunday keng ko‘lamli choralarni ko‘rib chiqmoqda.
Bu qadam AQSHning asosiy ittifoqchilari bilan munosabatlarini keskin o‘zgartirishi va Ukraina hamda Yaqin Sharqdagi urushlar sabab beqarorlik kuchaygan bir paytda Yevropa davlatlarini yangi hamkorlar izlashga majbur qilishi mumkin.
Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri u va yordamchilari Yevropa o‘z mudofaasini ta’minlashda asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidlab keladi. Bunda Yevropani qo‘llab-quvvatlovchi omil sifatida faqat AQSHning yadroviy arsenali qolishi kerak, degan qarash ilgari surilmoqda. Ularning fikricha, AQSH asosiy e’tiborni Xitoy, Eron va G‘arbiy yarimshardagi narkokartellardan kelayotgan tahdidlar bilan kurashishga qaratishi lozim.
So‘nggi oylarda Tramp Yevropadagi hamkorlarini Eron bilan urushda AQSHga qo‘shilmagani uchun keskin tanqid qildi.
18-sentyabr kuni NATO Birlashgan kuchlari oliy bosh qo‘mondoni va AQSH Yevropa qo‘mondonligi rahbari Aleksus Grinkevich AQSHning Yevropadagi harbiy ishtiroki bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijalarini mudofaa vaziri Pit Hegsetga taqdim etishi kutilmoqda.
Pentagon bunday tahlil o‘tkazilayotgani haqida iyun oyida ma’lum qilgandi.
NBC News hisob-kitobiga ko‘ra, Grinkevich hisobotida to‘rtta ehtimoliy yo‘nalish ko‘rib chiqiladi: AQSH harbiy aviatsiyasi, dengiz kuchlari va quruqlik qo‘shinlari sonini qisqartirish, shuningdek boshqa turdagi kuch va vositalarni kamaytirish yoki kontingentning bir qismini Yevropa ichida NATOning sharqiy qanotidagi davlatlarga ko‘chirish.
AQSHning Yevropadagi qo‘shinlarini qisqartirishga qarshi bo‘lganlar bunday qadam NATO ittifoqchilarini yanada zaiflashtirishi, Rossiyaning agressiv harakatlarini esa kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ularning fikricha, bu AQSHning boshqa qit’alardagi hamkorlariga salbiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, Amerika armiyasi Yaqin Sharq yoki Afrikaga qo‘shinlarni zudlik bilan jo‘natish imkonini beradigan muhim logistika markazlaridan ayrilishi mumkin.
Hozir Germaniyada qariyb 36 ming, Italiyada esa 12 mingga yaqin amerikalik harbiy bor. Ispaniyaning janubida esa AQSH harbiy-havo va harbiy-dengiz kuchlarining muhim bazalari joylashgan.

