«Navoiyuran» yarim yillik tushumi va sof foydasini ikki baravarga oshirdi
«Navoiyuran» DK tushumi 2026 yilning birinchi yarmida 109,2% ga oshib, 795 mln dollarni, sof foyda esa 132% ga oshib, 348 mln dollarni tashkil etdi.

«Navoiyuran» yarim yilda tushum va sof foydani ikki baravarga oshirdi
«Navoiyuran» davlat korxonasi 2026 yilning birinchi yarmida tushumni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 109,2 foizga oshirib, 795 mln AQSh dollariga yetkazdi. Sof foyda 132 foizga oshib, 348 mln dollarni tashkil etdi.
Kompaniya tomonidan maʼlum qilinishicha, bunday natijalarga tabiiy uranni sotish hajmining oshishi va oʻrtacha sotuv narxining koʻtarilishi hisobiga erishildi. Oʻrtacha sotuv narxi bir funt U3O8 uchun 68,71 dollardan 86,06 dollargacha, yaʼni 25 foizga oshdi. Bir yil avval olti oylik tushum 380 mln dollarni, sof foyda esa 150 mln dollarni tashkil etgan edi.
Yanvar–iyun oylarida yalpi foyda 93,2 foizga oshib, 219 mln dollardan 423 mln dollargacha, operatsion foyda esa 118,3 foizga oshib, 186 mln dollardan 406 mln dollargacha yetdi. EBITDA 113,8 foizga oshdi va 2025 yilning birinchi yarim yilidagi 223,2 mln dollarga nisbatan 477,2 mln dollarni tashkil etdi. EBITDA boʻyicha rentabellik 2,7 foizli punktga — 56,5 foizdan 59,2 foizga koʻtarildi.
Operatsion faoliyatdan olingan sof pul oqimi 49,6 foizga oshib, 191 mln dollardan 285 mln dollarga yetdi. Umumiy pul xarajatlari (TCC) bir funt U3O8 uchun 14,7 dollarni, jami qoʻllab-quvvatlovchi pul xarajatlari (AISC) esa 31,97 dollarni tashkil etdi.
Hisobot davrida kapital qoʻyilmalar 267,4 mln dollarga yetdi. Ushbu summaning 141,2 millioni konlarni rivojlantirishga, 91,6 millioni asosiy vositalarni xarid qilishga, 34,6 millioni esa geologiya-qidiruv va konlarni baholashga yoʻnaltirildi.
2026 yilning aprel oyida «Navoiyuran» Navoiy viloyatidagi Qizilqoq konida uranni sanoat miqyosida qazib olishni boshladi. Bu kompaniyaning kattaligi boʻyicha uchinchi koni hisoblanadi: uning loyihaviy quvvati yiliga 1200 tonnani, hisoblangan foydalanish muddati esa 15 yilni tashkil etadi. Qazib olish kisloroddan foydalangan holda yer ostida eritib olish usuli bilan amalga oshirilmoqda. Kompaniyada ishlarning rivojlanishiga qarab, umumiy ishlab chiqarish hajmida Qizilqoqning ulushi ortib borishi kutilmoqda.
«Navoiyuran» bosh direktori Jamal Fayzullayev parallel ravishda Arnasoy va Jongeldi konlarini oʻzlashtirish ketayotganini maʼlum qildi. «Biz mineral-xomashyo bazasini kengaytirish, zamonaviy qazib olish texnologiyalariga investitsiya kiritish va yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishni davom ettiramiz», — dedi u Prezident tomonidan qoʻyilgan vazifalar, «Oʻzbekiston — 2030» Strategiyasi hamda 2030 yilgacha uran qazib olish va qayta ishlashni oshirish boʻyicha davlat dasturiga havola qilgan holda.
Kelgusida kompaniya geologiya-qidiruv ishlarini va konlarni, shu jumladan istiqbolli maydonlarni oʻzlashtirishni davom ettirish, yer ostida eritib olish texnologiyalarini qoʻllashni kengaytirish va xalqaro sohaviy hamkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan.
«Navoiyuran» uran ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda olinchi oʻrinni egallaydi. Kompaniya 43 ta uran konida faoliyat yuritadi, uning mineral-xomashyo bazasi esa 151 100 tonna uranni, shu jumladan JORC standartlari boʻyicha 96 600 tonnaga yaqin zaxiralarni tashkil etadi.

