Mahalliy

Navoiydagi Yaylov qishlog‘ida maktab filiali ochildi, u yerda hozir 3 o‘quvchi o‘qimoqda

Navoiy viloyatidagi chekka Yaylov qishlog‘ida maktab filiali ochildi: 14 o‘rinli muassasada hozir 3 nafar bola tahsil olmoqda. Gazeta 2025-yil noyabrida aynan shu qishloqdan reportaj tayyorlagan, unda qishloqda maktabdan tashqari, elektr va gaz ham yo‘qligi aytilgandi. Bu ta’minot hali ham yetib borgani yo‘q.

Navoiydagi Yaylov qishlog‘ida maktab filiali ish boshladi, hozir u yerda 3 o‘quvchi ta’lim olmoqda

2026-yil 3-sentabrda Navoiy viloyatining Xatirchi va Nurota tumanlari oralig‘ida joylashgan, 60 dan ortiq xo‘jalik istiqomat qiladigan Yaylov qishlog‘ida (aholi uni Jaylov ham deydi) uzoq kutilgan maktab filiali ochildi. Bu tumandagi 52-maktabning filiali hisoblanadi.

Muassasa kirish qismidan tashqari yana 1 xonadan iborat bo‘lib, 14 o‘ringa mo‘ljallangan. Ayni paytda u yerda 3 nafar o‘quvchi — biri birinchi, ikkitasi uchinchi sinfda — tahsil olmoqda. Ularga 3 nafar o‘qituvchi barcha fanlardan, jumladan rus va ingliz tillaridan ham dars beradi.

Masalaning mohiyati shundaki, Yaylov xaritada Nurota tumani hududida ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, u yerda yashovchilar xatirchilik hisoblanadi. Shu vaqtgacha aholi o‘z muammolarini bildirish uchun qaysi tuman hokimligiga bormasin, “Siz yashaydigan joy Nurotaga qaraydi” yoki “Siz Xatirchida ro‘yxatdan o‘tgansiz” kabi javoblarni eshitib kelganini aytadi.

Gazeta muxbiri Otabek Turdiyev 2025-yil noyabrida aynan shu Yaylov qishlog‘iga borib, reportaj tayyorlab kelgan edi. Unda qishloqqa olib boruvchi yo‘lning yomon ahvoli, gaz, elektr energiya va maktab yo‘qligi haqida so‘z borgandi (u yerda hanuz gaz va elektr yo‘q, odamlar buning o‘rniga quyosh panellaridan foydalanadi — tahr.).

Reportaj chop etilishi bilan Xatirchi hokimi Umidjon Adizov Yaylovga borib, u yerda maktab qurilishi haqida va’da bergan. Shunga ko‘ra, maktab 2025-yil oxirigacha qurilib, foydalanishga topshirilishi kerak edi.

Ammo kutilgan maktab qariyb bir yil o‘tib ochildi.

Ungacha o‘quvchilar shu qishloqdagi muallim Bahriddin Mustafoyevning uyida ta’lim olishardi. Mustafoyevning Gazeta`ga aytishicha, qishloqda 90-yillarda qurilgan eski maktabda, ayniqsa qish kunlari dars o‘tish qiyin bo‘lgani uchun u qishloq bolalariga o‘z uyidan joy bergan. Endi esa ustozning o‘zi har kuni yangi maktabga 3−4 km yo‘l bosib boradi.

Maktabni elektr bilan ta’minlash uchun 5 kilovatli quyosh panellari o‘rnatilgan, ichkarida bolalar uchun bitta kompyuter ham ishlamoqda. Tikuv mashinasi esa qishloqdagi xotin-qizlar tikuvchilikni o‘rganishi uchun berilgan. Maktab kutubxonasi uchun 100 dona badiiy kitob ham taqdim etilgan.

Bahriddin Mustafoyevning aytishicha, Yaylovdagi boshlang‘ich sinfdagi boshqa bolalar uchun maktab hanuz uzoq.

Bundan tashqari, ularning ota-onalari farzandlarini Nurota tumanidagi ixtisoslashgan maktablarda o‘qitishni ma’qul ko‘radi. Shuningdek, 15 nafarga yaqin yuqori sinf o‘quvchilari ham boshqa joylardagi maktab-internatlarda tahsil oladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.