Mahalliy

Navoiyda “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Navoiyda “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Navoiy viloyatida “yashil” iqtisodiyot uchun malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashga ixtisoslashgan texnikum ish boshlaydi. Bu Vazirlar Mahkamasining 8-sentyabrdagi qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorga muvofiq, Navoiy viloyati “yashil” texnikumi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi tizimida davlat muassasasi shaklidagi kasbiy ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Texnikum Karmana tumanidagi Do‘rmon mahallasida, Yangihayot ko‘chasi 1a-uydagi bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Mazkur texnikumda mehnat bozori talablari hamda “yashil” iqtisodiyot uchun zarur mutaxassislar tayyorlanadi. O‘quvchilarda energiya samaradorligi, resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish va ekologik madaniyat bo‘yicha ko‘nikmalar shakllantiriladi. “Yashil” ko‘nikmalarga oid mavzular o‘quv dasturlariga kiritiladi.

Shuningdek, “yashil” texnologiyalarni joriy etgan korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Ta’lim jarayoniga soha korxonalari mutaxassislari, oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, nufuzli xorijiy ta’lim tashkilotlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Texnikumga umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilari davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. O‘quv jarayoni boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi. Shuningdek, mehnat bozori ehtiyojlari va ish beruvchilar taklifidan kelib chiqib, qisqa muddatli kasb, mutaxassislik, malaka va xorijiy tillar bo‘yicha kurslar tashkil etiladi.

Texnikumning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv-metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ta’lim sifatini oshirish maqsadida u Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga — Green University’ga biriktiriladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga bir oy muddatda texnikumda o‘quv jarayonini tashkil etish va ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish topshirildi. Texnikumning ustavi 2026-yil 15-sentyabrga qadar tasdiqlanishi kerak.

2026/27-o‘quv yilidan “yashil” iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash boshlanadi. 2026/27-o‘quv yili uchun abituriyentlarni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish muddati esa 1-oktyabrgacha uzaytirildi.

Bundan tashqari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi texnikumda o‘qitiladigan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha hududdagi korxona va tashkilotlarni sanoat hamkori sifatida biriktiradi. 2027/28-o‘quv yilidan texnikumda xalqaro ta’lim dasturini joriy qilish choralari ko‘riladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.