Mahalliy

Navoiyda to‘y korteji haydovchilari jazolandi

Videoda ayrim avtomobillar faralarini miltillatib, turli xavfli manyovrlarni amalga oshirgani ko‘ringan

Navoiy viloyatining Nurota tumanida to‘y korteji ishtirokchilari bo‘lgan haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini buzgani va boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit bergani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bir guruh haydovchilarning to‘y korteji tarkibida yo‘lni to‘sib, harakatlanayotgani aks etgan. Kadrlarda ayrim avtomobillar faralarini miltillatib, xavfli manyovrlar qilgani ko‘rinadi.

Ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan surishtiruv o‘tkazilib, qoidabuzar haydovchilarning shaxsi aniqlangan. Voqea Nurota tumanidagi «Qizilcha» qishlog‘ida sodir bo‘lgan.

Tekshiruv davomida haydovchilardan birining Gentra rusumli avtomobiliga ishlab chiqaruvchi tomonidan ruxsat etilmagan LED chiroqlari o‘rnatilgani aniqlangan.

Qoidabuzar avtomobillar vaqtincha jarima maydoniga joylashtirilgan. Haydovchilar ichki ishlar organiga chaqirtirilib, ularning xatti-harakatlari yo‘l-transport hodisasiga va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntirilgan. Shuningdek, ularga yo‘l harakati qoidalarini buzish oqibatlarini aks ettiruvchi ta’sirchan videorolik namoyish etilgan.

Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Fayozjon Qosimovning ta’kidlashicha: «To‘y va boshqa ommaviy tadbirlarda kortej bo‘lib harakatlanish yo‘l harakati xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Avtomobillar bilan yo‘lni to‘sish, xavfli manyovrlar qilish, me’yorlarga javob bermaydigan yoritish vositalaridan foydalanish nafaqat qonunbuzarlik, balki inson hayoti va salomatligiga tahdid solishi mumkin».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shunga o‘xshash holat Buxoroda ham sodir bo‘lgan edi. O‘shanda to‘y kortejini tashkil qilgan kuyov jo‘ralar jazolangan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.