Mahalliy

Navoiyda firibgarlik uchun 8 yilga qamalgan xususiy korxona rahbari yana sudlandi

Navoiyda firibgarlik uchun 8 yilga qamalgan xususiy korxona rahbari yana sud oldiga tortildi

Navoiy viloyatida firibgarlik jinoyati uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan xususiy korxona rahbari uch nafar jabrlanuvchiga oid boshqa epizod yuzasidan yana sudlandi.

Aniqlanishicha, 2001-yilda tug‘ilgan M.O. o‘ziga tegishli xususiy korxonaga rahbarlik qilib, fuqarolarga pullarini treyding orqali ko‘paytirib, daromad olishni va’da qilgan. Biroq korxona ustavida bunday faoliyat turi nazarda tutilmagan va buning uchun tegishli litsenziya ham bo‘lmagan. Fuqarolardan jalb qilingan mablag‘lar esa shaxsiy ehtiyojlarga sarflab yuborilgan.

Jabrlanuvchilardan biri — B.Sh. 2023-yil yozida M.O. haqida qo‘shnisidan eshitib, Zarafshon shahridagi ofisga borgan. U yerda ayolga treyding orqali daromad topish taklif qilinib, rasmiy shartnoma tuzilgan. B.Sh. dastlab 11 million so‘m bergan. Ko‘p o‘tmay Telegram guruhida boshqa fuqarolarga pul to‘lanayotgani haqidagi xabarlarni ko‘rib, yana 47 million so‘m topshirgan. Biroq belgilangan muddatda na daromad berilgan, na asosiy pul qaytarilgan. Keyinchalik ayol ofisga borganida bino yopiq bo‘lgan, M.O. esa qo‘ng‘iroqlarga javob bermagan. Shundan so‘ng u huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

M.O.ning aldovidan jabr ko‘rganlar orasida uning qarindoshi ham borligi aniqlangan. Jabrlanuvchi turli vaqtlarda unga jami 13,5 ming dollar bergan. Hatto Navoiy shahridagi bir xonali kvartirani ham sotib, undan tushgan 307 million so‘mni pul M.O.ga bergan. Sud ushbu holat bo‘yicha yetkazilgan zararni 465 million 841 ming so‘m deb baholagan.

Uchinchi jabrlanuvchi esa tanishidan 5 ming dollar qarz olib, uning “bu firibgarlik bo‘lishi mumkin” degan ogohlantirishiga qaramay, mablag‘ni M.O.ga topshirgan va evaziga korxona muhri bosilgan shartnoma olgan. Sud ushbu qarz summasini 58 million 830 ming so‘m zarar sifatida belgilagan.

Mazkur uch nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan jami moddiy zarar miqdori 582 million 671 ming so‘mni tashkil etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur jinoyat ishi ko‘rilayotgan paytda M.O. boshqa jinoyati uchun qamoqda bo‘lgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudining 2025-yil 22-apreldagi hukmi bilan u firibgarlik uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Ushbu sud muhokamasida ko‘rib chiqilgan holatlar esa o‘sha hukmdan avval sodir etilgan. Avvalgi hukm bo‘yicha jazoning bir qismi qo‘shilib, unga uzil-kesil 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud M.O.dan uch nafar jabrlanuvchi foydasiga moddiy zarar undirilishi belgilandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.