Mahalliy

Navoiyda bolalarni kaltaklagan xususiy bog‘cha tarbiyachisi 3 yildan ortiqqa qamaldi

**Navoiyda bolalarni kaltaklagan xususiy bog‘cha tarbiyachisi 3 yildan ortiqqa qamaldi**

Navoiy shahridagi xususiy bog‘chalardan birida 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni kaltaklab kelgan tarbiyachiga nisbatan sud hukmi chiqarildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2003-yilda tug‘ilgan N.E. 2025-yil dekabrdan 2026-yil aprelgacha bog‘chada 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar guruhida tarbiyachi sifatida ishlagan. U guruhdagi besh nafar bolani urib, ularga zo‘ravonlik ishlatib kelgan. Natijada bolalarga sog‘liqning buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohatlari yetkazilgan.

Joriy yilning 7-aprel kuni ishga yordamchi tarbiyachi bo‘lib kelgan xodim vaziyatni videoga olib, fosh qilgan. Uning aytishicha, mashg‘ulot vaqtida ikki bola urishib qolganidan jahli chiqqan N.E. ularning yuziga urgan, yerga uloqtirgan va tepgan. Xodim barcha holatlarni videoga olishga ulgurmaganini, bolalar uxlamagan paytda ham tarbiyachi asabiylashib ularga qo‘l ko‘targanini bildirgan. Keyin bu videolar ota-onalardan biriga yetib borgan.

Sudda jabrlanuvchi bolaning onasi farzandidagi o‘zgarishlarni videolar tarqalishidan ancha oldin sezganini, ammo bunga jiddiy e’tibor bermaganini aytgan.

“Oxirgi ikki oyda farzandim bog‘chaga borishni xohlamay, injiqlik qilardi. Buni odatiy xarxasha deb o‘ylaganman. Bir kuni oyog‘ida ko‘karish paydo bo‘ldi. Nima bo‘lganini so‘raganimda, hali to‘liq gapira olmasa ham, ‘urdi’, dedi. Videolar tarqalgach, tarbiyachining suratini ko‘rsatganimda uni ko‘rsatdi. Shunda nega bog‘chaga borishni xohlamay, yig‘laganini tushundim”, degan bolaning onasi sudda.

Boshqa ota-onalar ham farzandlarining tanasida ko‘karish va shilingan joylarni ko‘rganini aytgan. Ayrim bolalar bog‘chaga borishni istamay, yig‘laydigan va qo‘rqadigan bo‘lib qolgan.

Bolalardan biri tinmay yig‘lagani sabab nevropatologga olib borilgan. Onasining aytishicha, keyinchalik bola boshqa bolalarga qo‘shila olmay, baland ovoz eshitganda quloqlarini yopib, qo‘rqadigan bo‘lib qolgan. Ayol hozir u bilan psixolog va logoped muntazam shug‘ullanayotganini bildirgan.

Ota-onalar bolalardagi jarohatlar haqida so‘raganida, tarbiyachi buni ularning yiqilgani yoki o‘zaro urishgani bilan izohlab kelgan.

Sudlanuvchi N.E. sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan. U bolalarni urganini tan olgan, biroq bunday holat muntazam bo‘lmaganini aytgan.

“Guruhdagi bolalardan biri doim shovqin qilib, boshqa bolalarni tishlardi. Bu haqda onasiga aytganimda, u ‘Agar aytganingizni qilmasa, oyoqchasidan uring’, degandi. O‘sha kuni ayrim bolalarni urib, tepganman, qulog‘idan tortganman. Oilaviy kelishmovchiliklar sabab asabiy edim. Biroq bolalarni muntazam urib kelmaganman”, degan sudlanuvchi.

Holat yuzasidan tayinlangan psixologik tekshiruv xulosasida bolalarda tarbiyachi bilan bog‘liq o‘ta og‘ir travmatik holat, qo‘rquv va jismoniy zo‘ravonlik alomatlari borligi tasdiqlangan. Mutaxassis tarbiyachining surati ko‘rsatilganda bolalar cho‘chib, ota-onasiga intilganini bildirgan.

Sud jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalari, videotasvirlar, sud-tibbiy ekspertiza xulosalari hamda psixologik tekshiruv natijalarini N.E.ning aybini tasdiqlovchi dalillar sifatida baholagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi N.E.ni Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari (qiynash) bilan aybli deb topib, unga 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Shuningdek, u 2 yil muddatga maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyachi vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.