Navoiy viloyatida kovrakdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyasi xodimlari tomonidan Navoiy viloyatida o‘simliklardan noqonuniy foydalanish holatlarini

Navoiy viloyatida kovrakdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyasi xodimlari Navoiy viloyatida o‘simliklardan noqonuniy foydalanishni aniqlash va oldini olish maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazdi. Ushbu reyd davomida Nurota tumanining "Qizilcha" mahallasidagi tog‘ massivida sassiq kovrakni noqonuniy yig‘ib olish holati aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyati Uzun tumani fuqarosi Ch.X. rahbarligida fuqarolar Ch.A. va E.B. yollanma ishchilar guruhi bilan birgalikda yovvoyi o‘simliklarni noqonuniy kesish va ularning shirasini yig‘ish bilan shug‘ullangan. Natijada jami 7 500 tup sassiq kovrak o‘simligiga zarar yetkazilgan.
Huquqbuzarlardan elektron tarozi, o‘simliklarni kesish va shirasini yig‘ish uchun mo‘ljallangan 9 dona o‘tkir pichoq, shuningdek, tarkibida qum aralashmasi bo‘lgan 2 070 gramm shira va 220 gramm toza shira ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Olib qo‘yilgan ashyolar bo‘yicha tegishli dalolatnoma tuzildi.
Qonunchilikka muvofiq hisob-kitoblarga ko‘ra, yovvoyi holda o‘suvchi tojik kavraklarining noqonuniy zararlantirilishi natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 3 milliard 90 million so‘mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, tekshiruv davomida "F.E. K." MChJ hududida huquqbuzar Ch.X. tomonidan vaqtincha yashash uchun mo‘ljallangan 9 ta yengil konstruksiya noqonuniy o‘rnatilgani aniqlandi. Nurota tumani ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida mazkur konstruksiyalar qonunchilikda belgilangan tartibda hududdan olib chiqildi.
Reyd tadbirlari davomida to‘plangan materiallar holatga huquqiy baho berish va chora ko‘rish maqsadida tegishli tashkilotlarga yuborildi.

