Texnologiya

NASAʼning X-59 samolyoti tovush tezligidan oshdi

NASAʼning X-59 eksperimental tovushdan tez uchuvchi samolyoti 25-sinov parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Parvoz vaqtida samolyot 15 kilometr balandlikda soatiga 1200 kilometrdan yuqori tezlikka erishdi.

NASAʼning X-59 samolyoti tovush tezligidan yuqori tezlikka chiqdi

Sinov jarayonida X-59 nafaqat yuqori tezlikka erishdi, balki uning barqarorligi, boshqaruvchanligi va konstruksiyaga tushadigan yuklamalar bo‘yicha hisob-kitoblarda belgilangan asosiy ko‘rsatkichlar ham tasdiqlandi.

Ammo ushbu parvozdagi eng muhim natija samolyotning tezligi emas. NASA uchun asosiy masala X-59 tovushdan tez uchganda yerda qanchalik past shovqin hosil qilishi hisoblanadi.

Odatda samolyot tovush tezligidan oshganda zarba to‘lqinlari paydo bo‘ladi va yerda juda kuchli portlashga o‘xshash ovoz — “sonik bum” eshitiladi. Aynan shu kuchli shovqin aholi yashaydigan hududlar ustidan tijoriy tovushdan tez samolyotlar parvoziga to‘sqinlik qilib kelgan asosiy omillardan biri sanaladi.

X-59 esa shu muammoni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan. Muhandislar samolyot konstruksiyasini shunday yaratganki, an’anaviy kuchli tovush zarbasi o‘rniga yerda ancha past, yengil bo‘g‘iq zarbaga o‘xshash ovoz eshitilishi kerak.

Sinov natijalari X-59 uni ishlab chiquvchilar belgilagan hisob-kitob ko‘rsatkichlarini bosqichma-bosqich tasdiqlayotganini ko‘rsatmoqda.

Keyingi muhim bosqich samolyotning akustik izini aniq o‘lchash bo‘ladi. Bu sinovlarni 2026-yilning keyingi oylarida boshlash rejalashtirilgan.

Buning uchun tadqiqotchilar yerda maxsus datchiklar tarmog‘ini o‘rnatadi. Shuningdek, havodagi platformalarga mikrofonlar joylashtiriladi. Ular X-59 tovushdan tez harakatlangan paytda yuzaga keladigan zarba to‘lqinlarini o‘lchaydi.

To‘plangan ma’lumotlar mutaxassislarga X-59ʼning tovushdan tez parvoz paytidagi aniq akustik xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi.

NASAʼning Quesst missiyasi doirasidagi akustik sinovlar bo‘yicha texnik rahbar Larri Kliattning aytishicha, bu bosqich nafaqat samolyotning o‘zi, balki uni yaratishda qo‘llangan muhandislik usullari va vositalari uchun ham muhim sinov bo‘ladi.

Uning fikricha, ushbu texnologiyalar kelajakda tijoriy tovushdan tez uchuvchi samolyotlarni loyihalashda asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, X-59 oldida hali murakkab sinov parvozlari turibdi. Ularning asosiy vazifasi samolyot haqiqatan ham uni yaratishdan ko‘zlangan maqsad — an’anaviy “sonik bum”ga nisbatan ancha past tovush hosil qila olishini isbotlashdan iborat.

Agar yerda o‘tkaziladigan akustik sinovlar X-59 hosil qiladigan zarba tovushi aholi yashaydigan hududlar ustidan parvoz qilish uchun yetarlicha past ekanini ko‘rsatsa, NASA keyingi bosqichga o‘tadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.