NASA'ning X-59 samolyoti soatiga 1 625 kilometrga chiqdi
NASA'ning X-59 eksperimental tovushdan tez samolyoti bir haftada oltita sinov parvozini bajarib, oʻz dasturidagi eng yuqori natijani qayd etdi. Parvozlardan birida apparat soatiga taxminan 1 625 kilometr tezlikka erishib, shaxsiy tezlik rekordini ham yangiladi.

NASA'ning X-59 samolyoti soatiga 1 625 kilometr tezlikka chiqdi
NASA maʼlumotiga koʻra, X-59 samolyoti 22, 24 va 25-sentabr kunlari ikki martadan havoga koʻtarilgan. Shu bilan bir haftadagi parvozlar soni avvalgi rekorddan ikkitaga oshgan.
Ushbu seriyadan soʻng samolyotning jami sinov parvozlari soni 38 taga yetdi.
Jadal sinovlar X-59'ning parvoz imkoniyatlarini bosqichma-bosqich kengaytirish dasturi doirasida olib borilmoqda. Mutaxassislar samolyotning turli tezlik, balandlik va manyovrlarda qanday ishlashini tekshirmoqda. Sinov sharoitlari apparat kelgusida ishlashi rejalashtirilgan rejimlarga yaqinlashtirilmoqda.
Parvozlardan birida X-59 Max 1,53 — soatiga taxminan 1 625 kilometr tezlikka erishgan. Bu samolyotning hozirgacha qayd etilgan eng yuqori tezligidir. Natija uning odatiy parvozlari uchun moʻljallangan Max 1,4 kreyserlik tezligidan ham yuqori.
X-59 NASA'ning Quesst missiyasi doirasida sinovdan oʻtkazilmoqda. Loyihaning maqsadi — tovushdan tez uchishda hosil boʻladigan kuchli zarb tovushini ancha yumshoq tovushga aylantirish texnologiyasini namoyish etish.
Keyingi bosqichlarda samolyotning aholi yashaydigan hududlar ustidan parvozlariga odamlar qanday munosabat bildirishi oʻrganiladi. Toʻplangan maʼlumotlar quruqlik ustidagi tijoriy tovushdan tez parvozlarga oid shovqin meyorlarini belgilashda foydalanish uchun taqdim etiladi.
Sinovlarga boy haftadan soʻng X-59 rejali texnik xizmatga yuborilgan. Bu jarayon taxminan uch hafta davom etishi kutilmoqda.
Texnik xizmat yakunlangach, mutaxassislar samolyot tizimlarini navbatdagi tekshiruvdan oʻtkazadi. Shundan keyin jamoa parvozlarni tiklash va jadal sinov dasturini davom ettirishni rejalashtirgan.

