Namangandagi bog‘chada ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizni zo‘rlagani ma’lum bo‘ldi

Namangandagi bog‘chada ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizni zo‘rlagani aniqlandi
Namangan viloyatidagi davlat bog‘chalaridan birida ishlagan ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizga nisbatan zo‘rlash jinoyatini sodir etgani ma’lum bo‘ldi.
Bu holatni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati hamda Bolalar ombudsmani vakili tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, bolaga nisbatan sodir etilgan ushbu jinsiy zo‘ravonlik yuzasidan Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 12-sentyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Shu kunning o‘zida gumonlanuvchi K.M. protsessual tartibda darhol ushlangan bo‘lib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan . Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi Bolalar ombudsmani axborotida.
Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) va 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, Bolalar ombudsmani mazkur ish yurituvida vakolatlari doirasida jabrlanuvchi bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishini kuzatib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 3-mart kuni prezident ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik va tazyiq holatlariga chek qoʻyish nazarda tutilgan farmonni imzolagandi. Unda qonunchilikka o‘zgartirish kiritish orqali 2026-yil 1-noyabrdan boshlab Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritish belgilangandi.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar hamda ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish, 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlarini sodir etganda ularga tegishincha umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash taklifiga rozilik bildirilgan. IIV, Bosh prokuratura, Oliy sud, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda buni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritishi topshirilgan.

