Namanganda talabalarga nisbatan talonchilik qilgan talabalar ushlandi
Namangan shahridagi texnikumning 7 nafar talabasi 4 nafar talabaning yonidagi pul, soat va telefonlarini zoʻrlik ishlatib olib qoʻyishgan.

Namanganda talabalarga nisbatan talonchilik sodir etgan talabalar ushlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahrida bir guruh yigitlar boshqa yigitlarning buyumlarini zoʻrlik bilan olib qoʻygan holat aks etgan videotasvirlar tarqaldi.
Ushbu holat Namangan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan oʻrganildi.
Aniqlanishicha, 19-sentabr kuni Namangan shahrining “Dashtbogʻ” mahallasi hududida 2-sonli kasb-hunar texnikumining 1-bosqichida tahsil olayotgan 7 nafar talaba shu texnikumning 1-bosqichida oʻqiydigan 4 nafar talabaning yonidagi pul, soat va telefonlarini zoʻrlik ishlatish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv davomida videotasvirda aks etgan barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlashtirildi. Shuningdek, mazkur holat oqibatida biror-bir shaxsga tan jarohati yetkazilmagani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

