Mahalliy

Namanganda taʼlim sohasida Yaponiya bilan hamkorlik kengaytirilmoqda

Namangan viloyatida Yaponiya taʼlim yondashuvlarini sinovdan oʻtkazish kengaymoqda. Loyihada 17 ta maktab va 18 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti ishtirok etmoqda.

Namanganda taʼlim sohasida Yaponiya bilan hamkorlik kengaytirilmoqda

Namangan viloyatida yapon taʼlim modelini bosqichma-bosqich sinovdan oʻtkazish doirasida Yaponiya taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish davom etmoqda. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati xabar beradi.

Pilot loyihalar taʼlim sifatini oshirish, oʻquvchilarda zamonaviy koʻnikmalarni rivojlantirish va taʼlim jarayoniga xorij tajribasini joriy etishga qaratilgan.

Hozirgi vaqtda ushbu tashabbusga 17 ta umumtaʼlim maktabi va 18 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti jalb etilgan. Ularda Yaponiya taʼlim tizimining ayrim elementlari joriy etilmoqda. Loyihaga, shuningdek, ushbu sohada katta tajribaga ega boʻlgan yapon mutaxassisi Goto Mikako ham jalb qilingan.

Hamkorlikning yangi bosqichi Yaponiyaning Kawaijuku Group tarkibiga kiruvchi KEI Advanced taʼlim kompaniyasi ishtiroki bilan bogʻliq. Kompaniya taʼlim sifatini baholash, test tizimlarini ishlab chiqish, pedagoglar malakasini oshirish va Yaponiya taʼlim tajribasini xorijda ommalashtirish bilan shugʻullanadi.

Namanganga KEI Advanced va kompaniyaning Oʻzbekistondagi asosiy hamkor tashkilotlaridan biri — Nippon Global Education and Assessment (NGEA) menejeri Nobuaki Kimura tashrif buyurdi. Yapon tomoni vakillarini Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov qabul qildi.

Uchrashuv avvalida viloyat rahbari Goto Mikakoga hududda taʼlim tashabbuslarini amalga oshirish borasidagi ishlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Nobuaki Kimura 2023 yilda Toshkentda tashkil etilgan NGEA faoliyati haqida soʻzlab berdi. Tomonlar, shuningdek, kompaniyaning Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirish davomida toʻplagan tajribasini muhokama qildilar.

Xususan, 2021–2023 yillarda JICA loyihasi doirasida bilimlarni baholash va matematikani oʻqitishga doir yaponcha yondashuvlar mamlakatning 14 ta hududidagi 40 ta maktabda sinovdan oʻtkazilgan.

Muzokaralar davomida ishtirokchilar Namangan viloyatida hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab oldilar.

Uchrashuv yakunida zamonaviy yaxlit taʼlim modeli masalalari boʻyicha notijorat muzokaralar olib borish, axborot almashish, hamkorlikning potentsial yoʻnalishlarini oʻrganish va kelgusidagi sheriklikni tayyorlash uchun umumiy asoslarni belgilovchi memorandum imzolandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.