Namanganda shilqimlikka uchragan 18 yoshli qiz jarima to‘laydigan bo‘ldi

Namanganda 18 yoshli qiz jamoat avtobusida o‘ziga shilqimlik qilgan erkakni urgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Voqea 2026-yil 27-iyul kuni sodir bo‘lgan. 1959-yilda tug‘ilgan erkak 2007-yilda tug‘ilgan qizning son qismidan ushlab, unga shahvoniy shilqimlik qilgan. Qiz esa bunga javoban erkakni urgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, erkak olgan jarohatlar sog‘lig‘iga zarar yetkazmagan yengil tan jarohati hisoblanadi.
Sud erkakni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari — 824 ming so‘m jarima tayinladi.
Qiz esa MJtKning 52-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Unga yengillashtiruvchi holatlar va shaxsiy holati inobatga olinib, BHMning yarim baravari — 206 ming so‘m jarima tayinlandi.
Avvalroq Farg‘onada hamkasbiga shahvoniy shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamalgan edi. Sirdaryoda sobiq o‘quvchisiga shilqimlik qilgan murabbiy ham 5 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan. Qizga nisbatan tayinlangan jarima jazosi esa apellyatsiya instansiya sudi qarori bilan bekor qilingan edi.
**Shahvoniy shilqimlik uchun jazo**
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasiga ko‘ra, shahvoniy shilqimlik qilish, ya’ni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol ravishda yoki bir necha marta sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

