Namanganda oʻqituvchi topshiriqni oʻqiy olmagani uchun birinchi sinf oʻquvchisining yuziga bir necha bor urdi. Video

Namanganda pedagog topshiriqni oʻqiy olmagani uchun birinchi sinf oʻquvchisining yuziga bir necha bor urdi. Video
Ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchi dars paytida bolaning yuziga bir necha bor urgani aks etgan video tarqaldi. Maʼlum boʻlishicha, voqea Namangan viloyatida sodir boʻlgan, viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi esa allaqachon xizmat tekshiruvini boshlagan.
Hodisa 16 sentyabr kuni taxminan soat 10:30 da, uchinchi dars paytida, Kosonsoy tumanidagi 39-sonli maktabning 1-«B» sinfida yuz bergan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, oʻqituvchi bola kitobdagi topshiriqni oʻqiy olmaganidan keyin unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan.
Yuz bergan voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilgan. Hozirda xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda, uning yakunlari boʻyicha sodir boʻlgan voqea va masʼul mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Tekshiruv natijalariga koʻra, maktab rahbariyati va oʻqituvchiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrilishi mumkin.
Viloyat boshqarmasi taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish hamda zoʻravonlikning har qanday shakliga yoʻl qoʻymaslik zarurligini taʼkidladi.
Ushbu holat pedagoglarning bolalarga nisbatan zoʻravonligi uchun javobgarlik kuchaytirilgan bir paytda yuz berdi. Oʻzbekistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zoʻravonlik uchun BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima koʻzda tutilgan, maʼmuriy javobgarlikka tortilgan pedagoglar esa bir yilga bolalar bilan ishlashdan chetlashtiriladi.

