Namanganda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bog‘cha bolasi haqida tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslik so‘raldi

Namanganda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bog‘cha bolasi haqidagi tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslik so‘raldi
“Mazkur jinoyat ishi voyaga yetmagan shaxsga hamda uning sha’ni va qadr-qimmatiga oid ekani bois, bu holat haqida har qanday tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatish bolaning manfaatiga zid bo‘lib, uning huquqlariga putur yetkazadi”, deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.
Bolaga nisbatan sodir etilgan mazkur jinsiy zo‘ravonlik holati bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 12-sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) va 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bunday qilmish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
“Bunday toifa jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo o‘tash bilan bog‘liq hech bir yengillik qo‘llanilmaydi”, deyiladi xabarda.
Shu kunning o‘zida jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs K.M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda ushbu jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ijtimoiy himoya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hududning “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari tomonidan voyaga yetmagan jabrlanuvchiga zudlik bilan zarur psixologik, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatilgan, hozir esa bolaga va uning oilasiga ko‘mak berish jarayoni davom etmoqda.

