Namanganda ishlamagan bog‘chalarga 1,3 mlrd so‘m subsidiya ajratilib, mablag‘lar talon-toroj qilingani aniqlandi
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul shaxslari faoliyat yuritmagan bog‘chalar uchun soxta ma’lumotlar asosida 1,3 mlrd so‘m subsidiya olib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Namanganda faoliyat yuritmagan bog‘chalarga 1,3 mlrd so‘m subsidiya ajratilib, mablag‘lar talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida amalda ishlamagan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini rasmiylashtirish orqali 1,3 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul shaxslari hamda boshqalar o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.
Ular Mehnatobod va Dehqonobod mahallalaridagi xonadonlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan. Biroq bu MTTlar amalda faoliyat yuritmagan.
Shunga qaramay, rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritilib, ushbu tashkilotlarga 1,3 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘lari ajratilgan. Bu mablag‘lar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Samarqand viloyatida 1,1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentga ko‘ra, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xodimlari 90,8 ming dona suyuq sovunni oshirilgan narxlarda xarid qilgan.

