Namanganda 2,8 mlrd so‘mlik noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosiga chek qo‘yildi

Namanganda 2,8 mlrd so‘mlik noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosiga chek qo‘yildi
Namangan viloyatida 2026-yilning o‘tgan davrida aksiz markalarisiz olib kirilgan, qiymati 2,8 milliard so‘mdan ortiq tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga qarshi choralar ko‘rildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi o‘tkazgan davra suhbatida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq 46 ta holat aniqlangan. Ularda umumiy qiymati 2 mlrd 832 mln so‘mlik 230 351 quti tamaki mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Huquqbuzarliklarning 32 tasi O‘zbekiston chegarasidan o‘tish chog‘ida (140 948 quti), 14 tasi esa viloyat ichki hududida (89 403 quti) qayd etilgan. Ushbu holatlar yuzasidan 12 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 31 ta ma’muriy ish sudlarga yuborilgan, yana 3 ta holat bo‘yicha tekshiruv davom etmoqda.
Xususan, qo‘shni davlatlarda 5–8 ming so‘m atrofida bo‘lgan mahsulotlarning O‘zbekistonda 13–15 ming so‘mdan sotilishi noqonuniy oqimning saqlanib qolishiga asosiy sabab ekani ta’kidlandi.
Tezkor tadbirlar davomida yirik qonunbuzarliklar ham aniqlangan. Masalan, mart oyida o‘tkazilgan reydlarda Namangan shahrida Lacetti mashinasidan hujjatlashtirilmagan 10,5 ming quti, shuningdek, Chust tumani chegarasida aylanma yo‘llar orqali olib o‘tilayotgan 30 ming quti tamaki mahsuloti ushlab qolingan.
Davra suhbati doirasida tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasi bo‘yicha vaziyatga doir ma’lumotlar ham taqdim etildi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tadqiqoti ma’lumotlariga ko‘ra, Farg‘ona vodiysida bu ko‘rsatkich 16,5 foizni, Namanagan shahrida esa 28,5 foizni tashkil etadi.
Noqonuniy tamaki mahsulotlari asosan qo‘shni Qirg‘izistondan chegaraning zaif hududlari orqali kirib kelishi va Farg‘ona vodiysi, shuningdek, Yangiqo‘rg‘on, Chortoq va Uychi tumanlaridagi noqonuniy savdo kanallari orqali tarqatilishi qayd etildi.
Shuningdek, kontrabandaga qarshi kurashda davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va noqonuniy savdo zanjirining turli bosqichlariga ta’sir qiluvchi mexanizmlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida musodara qilingan kontrabanda tamaki mahsulotlari belgilangan tartibda yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi. Boshqarma huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda nazorat tadbirlarini davom ettirmoqda.

