Namangan va Farg‘onada fuqarolarni xorijga ishga yuborish hamda umraga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi

Namangan va Farg‘onada fuqarolarni xorijga ishga yuborish hamda umraga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi
Namangan va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni xorijga ishga yuborish hamda Umra ziyoratiga jo‘natishni va’da qilib, pul olgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Namangan shahrida yashovchi, 2004-yilda tug‘ilgan shaxs To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi ikki fuqaroni tanishlari orqali Xorvatiyaga ishga yuborishni va’da qilib, buning evaziga 3 600 dollar so‘ragan. DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 1 000 dollarni oldindan olayotgan paytda ushlandi.
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida esa 1969-yilda tug‘ilgan shaxs tegishli vakolatga ega bo‘lmagan holda ikki fuqaroni Umra ziyoratiga Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan. U buning evaziga 2 200 dollar olayotgan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan ushlandi.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

