Mahalliy

Namangan urbanizatsiyasida zichlik va samaradorlik

Maqolada Namangan shahri misolida ixcham va vertikal shahar rivojlanishining iqtisodiy afzalliklari tahlil qilinib, yer resurslari, infratuzilma va shahar makonidan samarali foydalanish imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.

**Namangan urbanizatsiyasida zichlik va samaradorlik: Shahar taraqqiyotining yangi bosqichi**

Zamonaviy shahar taraqqiyoti faqatgina binolar va yoʻllarning kengayishi bilan emas, balki aholining oʻzaro yaqinligi, gʻoyalar almashinuvi va resurslardan oqilona foydalanish bilan oʻlchanadi. Shahar — bu masofalarni qisqartiruvchi va insoniyatning intellektual salohiyatini birlashtiruvchi makondir.

Bugungi kunda Namangan shahri oʻz taraqqiyotining yangi, transformatsion bosqichiga qadam qoʻymoqda. Uzoq yillar davomida shahar asosan gorizontal kengayib, past qavatli uylar hisobiga hudud zichligi ortib bordi. Biroq, zamonaviy iqtisodiy talablar nafaqat miqyosga, balki samaradorlikka ham eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda. Shaharning markaziy qismi vertikal rivojlanish va iqtisodiy faol markazga aylanish uchun katta salohiyatga ega boʻlsa-da, bu imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotgani kuzatilmoqda.

Ushbu maqolada zamonaviy shaharsozlikning iqtisodiy va ijtimoiy samaradorligini oshirish tamoyillari Namangan shahri misolida tadqiq etiladi. Tadqiqotning asosiy eʼtibori shaharning markaziy qismidagi mavjud gorizontal joylashuv strukturasi hamda uning infratuzilmaviy yuklamasiga qaratilgan. Muallif urbanizatsiya jarayonida shunchaki hududiy kengayish emas, balki sifat va zichlik miqyosining muhimligini asoslab beradi. Maqolada Davlatobod tumanida barpo etilayotgan "Yangi Namangan Siti" loyihasi misolida vertikal oʻsish va ixcham shahar modelining afzalliklari tahlil qilingan. Xulosa qismida Namanganning kelgusi taraqqiyoti uchun resurslarni tejovchi va iqtisodiyotni ragʻbatlantiruvchi baʼzi tavsiyalar beriladi.

**Shaharlashuvning global ahamiyati va Namangan misoli**

Global iqtisodiyotda shaharlashuv jarayoni barqaror rivojlanishning asosiy omillaridan biri boʻlib, mamlakat iqtisodiyotini industrial va postindustrial bosqichga olib chiqadi. Iqtisodchi va urbanist Edvard Gleyzer taʼbiri bilan aytganda, “Shaharlar insoniyatning eng buyuk ixtirosi boʻlib, ular taraqqiyotning dunyoga kelish markazidir. Ular bizni boyroq, aqlliroq, sogʻlomroq, baxtliroq va hatto yashilroq qiladi.” Shaharlarda insonlar bir joyda jismonan toʻplanadi, iqtisodiy munosabatlar amalga oshiradi va natijada ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishga turtki boʻladi. Shu bilan birga, butun iqtisodiyot va davlat siyosatining asosiy maqsadi boʻlgan aholi farovonligi oshirilib, ushbu tendentsiyaning davom etishi taʼminlanadi. Har bir jarayon yoki faoliyatning ijobiy va salbiy tomonlari boʻlganidek, shaharlashuvning ham oʻziga xos afzalliklari va kamchiliklari mavjud. Lekin, shaharlashuv natijasi farovonlikni oshirar ekan, yaʼni uning ijobiy afzalliklari tufayli salbiy tomonlariga koʻz yumish mumkin ekan, koʻzda tutilgan shaharsozlik qanday amalga oshadi?

Aytish joizki, shahar – bu shunchaki yoʻl va binolar uyumi emas, avvalo u odamlardir. Yaʼni shaharlar odamlar uchun quriladi, yoki odamlarning bir joyda zich toʻplanib yashashi shaharni tashkil etadi.

**Zichlik va innovatsiyalar: Nima uchun yirik kompaniyalar bir joyda joylashgan?**

Texnologiya asrida yashasak-da, nega Apple, Google, Meta kabi eng yirik kompaniyalar hamon bir hududda, bir-biriga juda yaqin joylashgan? Chunki, insonlarning bir-biriga yaqin yashashi muloqot, munosabat va meʼyorlarni shakllantiribgina qolmay, ularda fikrlar, gʻoyalar va tajribalar almashinuvini hosil qiladi. Bu esa taraqqiyotga olib boruvchi ilmiy sohaning paydo boʻlishiga va ommalashishiga olib keladi. Shuning uchun ham sogʻlom institutsional tizimli davlatda aholining koʻproq zich boʻlishi tezroq yangiliklar va innovatsiyalar dunyoga kelishiga turtki boʻladi. Hududdagi aholining oʻzi esa oʻsha mahsulot yoki xizmatlarning isteʼmolchisi boʻlib, iqtisodiyotda tsikl hosil qiladi. Bu tsikl har aylanganda hudud iqtisodiyoti kattalashib, yangi imkoniyatlarga yoʻl ochiladi. Endi yuqoridagi “Nega Apple, Google, Meta kabi eng yirik kompaniyalar hamon bir hududda, bir-biriga juda yaqin joylashgan?” - degan savolga javob bersak: muhandislar yoki boshqa mutaxassislar ishdan keyin kafelarga borishadi yoki sport zallarida uchrashishadi. Tasodifiy suhbatlar davomida baʼzi kompaniyadagi muammolar yechiladi, gʻoyalar almashiniladi va yangi startaplar dunyoga keladi.

Shu yoʻsinda, odamlar va ularning bir hududga toʻplanishi nafaqat ishchi kuchi, balki ular yalpi talabni vujudga keltiradigan isteʼmolchilar guruhini tashkil etadi. Bu esa oʻz navbatida talabga munosib taklif taqdim etuvchi ishlab chiqaruvchilarni paydo qiladi, hududning potentsialidan foydalanish istagidagi investorlar oqimining oshishiga sabab boʻladi va ishlab chiqaruvchilar oʻsish zanjirini hosil qiladi. Aholi va korxonalar bir hududda toʻplanganda aglomeratsiya jarayoni shakllanadi va rivojlanib boradi. Shu bilan birga, ushbu jarayon transport yoʻllari, energiya tarmoqlari, aloqa tizimlari va suv taʼminoti kabi tadbirkorlik uchun muhim hisoblangan infratuzilma xarajatlarini jon boshiga sezilarli darajada kamaytiradi. Chunki, markazlashgan tizimlar tarqoq joylashgan aholi punktlariga xizmat koʻrsatishga qaraganda ancha arzon va samarali ishlaydi. Shaharning logistik afzalligi iqtisodiy subʼyektlar oʻrtasidagi hududiy yaqinlikni taʼminlab, yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar oʻrtasidagi aloqalarni samaraliroq tashkil etishga xizmat qiladi. Natijada transport xarajatlari qisqaradi, resurslardan foydalanish samaradorligi ortadi hamda korxonalar umumiy kommunal va texnik infratuzilmadan foydalanish orqali miqyos iqtisodiyotidan qoʻshimcha foyda olish imkoniyatiga ega boʻladi. Pirovardida, aholining daromadi asosiy qismi operativ xarajatlarga emas, balki isteʼmolga, isteʼmol esa hududdagi ishlab chiqaruvchilarning kengayishiga olib keladi. Shuningdek, toʻgʻri rejalashtirilgan shaharsozlik hukumatning ham xarajatlarini keskin kamaytiradi.

**Toʻgʻri rejalashtirilgan shaharsozlik: Vertikal oʻsishning afzalliklari**

Tabiiyki, “toʻgʻri rejalashtirilgan shaharsozlik” oʻzi qanday boʻladi? – degan savol tugʻiladi. Toʻgʻri rejalashtirilgan shaharsozlik – bu shunchaki shahar gorizontal kengayib, hududda aholi zichligi ortishi, maʼlum darajada iqtisodiy va aglomeratsion samaraga yetish bilan cheklanibgina qolmay, shaharning vertikal oʻsishini talab qiladi. Shaharning vertikal oʻsishi - bu koʻp qavatli binolarning qurilishi, shahar oʻziga koʻproq aholi va katta iqtisodiyotni sigʻdirib kengayganda, osmonga qarab oʻsishidir. Bu esa aholiga ham iqtisodiy, ham ijtimoiy va hatto ekologik afzalliklar beradi. Ushbu jihatlarni navbatma-navbat koʻrib chiqadigan boʻlsak, iqtisodiy nuqtai nazardan vertikal rivojlanish shaharlar oʻsishi natijasida yuzaga keladigan yer resurslari cheklanganligi muammosiga samarali yechim boʻlib xizmat qilishi mumkin. Aholi soni va iqtisodiy faollikning ortishi uy-joy hamda tadbirkorlik subʼyektlari uchun joylarga boʻlgan talabni oshiradi. Natijada yer va koʻchmas mulk narxlari, xususan ijara toʻlovlari sezilarli darajada koʻtariladi. Vertikal rivojlanish esa mavjud yer maydonidan yanada unumli foydalanish imkonini berib, ortib borayotgan talabni qondirish va uzoq muddatda narxlar bosimini yumshatishga xizmat qiladi. Shaharda osmonooʻpar binolar va koʻp qavatli uy-joy qurilishi davlat sektorining qoʻshimcha yoʻllar, koʻpriklar va boshqa inshootlarga kamroq mablagʻ sarf qilinishiga sabab boʻladi. Natijada, ushbu holat aholining isteʼmolini qisqartiruvchi soliqlar va umumiy soliq yukining kamayishiga, ixcham shahar boʻylab esa jamoat transportlarining qamrovi va sifati oshishiga olib keladi.

Shaharlarda asosiy aholi tarkibi oʻrta sinf vakillari hisoblanib, ular haftaning 5-6 kuni ish joylariga qatnab hayot kechiradi va odatda ishdan keyingi vaqtlarda esa hordiq uchun koʻngil ochar joylarga boradi. Vertikal shahar pirovardi hisoblangan shaharning ixchamligi aholining ishga, oziq-ovqat doʻkonlari va boshqa kundalik joylarga borishini osonlashtirib, ularning vaqt resurslarini tejaydi. Bu nafaqat shahar jozibadorligini oshiradi, balki koʻproq vaqtni oila davrasida oʻtkazib, mamlakatda oila institutlarining mustahkam boʻlishini taʼminlaydi deyilsa mubolagʻa boʻlmaydi. Hozirda Daniya va Niderlandiya kabi rivojlangan mamlakatlarda amalga oshirilayotgan “15 daqiqalik shahar” yoki “20 daqiqalik shahar” yaʼni 15 yoki 20 daqiqada shahar rezidenti oʻziga kerakli kundalik joylarni piyoda topa olish imkoniyatlariga qaratilgan ushbu loyihalar aynan yuqoridagi ijtimoiy va boshqa ekologik afzalliklarga erishish uchun amalga oshirilmoqda.

Ekologiya va yashillik nafaqat har bir insonning salomatligi uchun muhim, balki u shahar jozibadorligini ham oshiruvchi muhim jihat hisoblanadi. Yaqin chorak asrdan buyon kun mavzusi boʻlib kelayotgan ekologiya masalasi rakursidan tahlil qilinganda, shahar vertikal shakllangan sari, uning sarhadlari kengaymay turib ham, shaharning aholisi miqdori va iqtisodiyoti kattalashib borishi mumkin. Bu holatda, aholi ehtiyojidagi xizmatlar ularga yaqinroq boʻladi va rezidentlar oʻz ish joylariga va boshqa nuqtalarga nafaqat jamoat transportida, balki piyoda ham bora olish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa shaxsiy avtomobillarga qaramlikni kamaytirib, ulardan chiqadigan turli zaharli gazlarning kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, misol uchun, agar 1000 kishi bitta koʻp qavatli binoda yashasa, ular bitta lift va umumiy isitish tizimidan foydalanadi va shahar gorizontal sekinroq kengayadi. Lekin, ular shahar chekkasida kottejlarda yashashni tanlaganda, bir kishining “oʻrmon chetidagi yoki tabiatga yaqin joylashgan uyi” uchun nafaqat daraxt kesiladi, balki u yerga yoʻl oʻtkaziladi, elektr va gaz liniyalari tortiladi. Bunda yovvoyi tabiatning yaxlitligi buzilib, hayvonlarning migratsiya yoʻllari kesiladi. Shu bilan birga, shahar markazidagi koʻp qavatli uylarda devorlar umumiy boʻlgani sababli havo harorati yaxshi saqlanadi, ammo alohida hovli uylarni isitish yoki sovitish uchun bir necha baravar koʻp energiya sarflanadi. Millionlab odamlar “tabiatga yaqinroq” yashashga qaror qilganda, shahar chegaralari kengayib borib, qishloq xoʻjaligi yerlari va oʻrmonlarning “betonlanishiga” olib keladi.

Toʻgʻri rejalashtirilgan shaharsozlik va urbanizatsiya sinergetik va boshqa yuqorida keltirilgan afzalliklarni beribgina qolmay, u sogʻlom institutlar sharoitida doimiy sayqallanib boradigan inson kapitali bilan ham taʼminlaydi. Shahar — bu insonlarning oʻz mahoratlarini eng samarali tarzda bir-biriga “ulanishi” uchun yaratilgan “platforma”dek. Zichlik qanchalik yuqori boʻlsa, iqtisodiy zanjir shunchalik mustahkam boʻladi yaʼni shaharda aholi zichligi inson kapitali taklifini oshiradi va ish beruvchi oʻziga mos mutaxassisni, ishchi esa oʻz mahoratiga mos ishni shunchalik tez topadi. Bu iqtisodiy moslashish jarayonini tezlashtiradi.

**Namangandagi urbanizatsiya jarayonlari va muammolar**

Ushbu shaharsozlik masalalarini muhokama qilishdan maqsad faqatgina shahar qanday boʻlishi kerakligi haqidagi nazariy tasavvurlarni ilgari surish emas, balki amalda davom etayotgan shahar qurilishi va rivojlanish jarayonlariga nazariy baho berishdan iboratdir. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda kuzatilayotgan jadal urbanizatsiya va qurilish ishlari fonida shaharsozlik masalalari tobora dolzarb mavzuga aylanib bormoqda. Bu jarayon, ayniqsa, yirik shaharlar misolida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Xususan, aholi soni boʻyicha poytaxt Toshkent shahridan keyin ikkinchi eng gavjum shahar hisoblangan Namanganda ham soʻnggi yillarda keng koʻlamli islohotlar, maʼmuriy-hududiy oʻzgarishlar va yirik shaharsozlik loyihalari amalga oshirilmoqda. Namangan shahri 2026 yil 1 yanvar holatiga koʻra, 728 000 aholini oʻz ichiga oladi.[1] 2017 yilda hukumat oʻzgarishi bilan Respublika miqyosida yangicha qarashlar bilan koʻplab islohotlar amalga oshirilib, shu oʻzgarishlar doirasida Namangan viloyati, hamda Namangan shahrida ham obod mahalla, obod qishloq va boshqa loyihalar amalga oshirildi. Shuningdek, 2021 yil 18-19 fevral kunlari davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan shahri hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida shahar tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish taklifini ilgari surildi, maʼmuriy-hududiy oʻzgarishlar va shu bilan bogʻliq islohotlar jadallashdi. Shu yoʻsinda, 2021 yil 24 aprelda Senatorlar SQ-283-IV sonli qaror bilan Yangi Namangan tumanini tashkil etishni maʼqulladi[2] va Yangi Namangan tumani Namangan shahri boʻlagi sifatida tashkil etildi. Maʼlumot sifatida, qayta tashkil etilgan Davlatobod tumani, Yangi Namangan tumani va Namangan shahrining qolgan qismi (aytish joiz boʻlsa, markaziy - maʼmuriy qismi) hududi birlashib, 149,3 km² maydonni egallaydi.[3] Shunday qilib, mamlakatimizda boʻlayotgan islohotlar fonida, Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzining 2022 yil 20 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi”[4] va 2023 yil 28 fevraldagi “2022 — 2026 yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini «insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida[5] ham Namangan va Samarqand shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish va ularni alohida maʼmuriy-hududiy birlik sifatida respublika boʻysunuviga oʻtkazish taklifini ham ilgari surdi. Bu kutilayotgan oʻzgarish hududda yuz berayotgan islohot ishlari muhimlik darajasini oshirdi.

Aytish joizki, Namanganda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar mamlakat miqyosida ham yirik va muhim. Viloyat “Millionlik shahar” nomiga faqatgina aholi soni meʼyorlarini bajaribgina emas, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan shu nomga munosib boʻladigan koʻrinish olmoqda. Ayniqsa, Davlatobod tumanida “Yangi Namangan shaharchasi” loyihasi doirasida koʻp qavatli turar joy binolari qurilmoqda. Jumladan, “Yashil makon rezidentsiyasi” turar joy majmuasida ham qurilish ishlari jadal suratda olib borilmoqda. Majmua doirasida 9, 12 va 21 qavatli turar joylar, mehmonxona, restoranlar, savdo va xizmat koʻrsatish obʼyektlari qurilmoqda. Loyiha asosida zamonaviy infratuzilma va yoʻl-transport tarmoqlari izchil shakllantirilmoqda.

Asl masala shundaki, Namangan shahrining zich joylashuviga qaramay “Sardoba”, “Chorsu” va “Jahon bozori” bozorlari atroflari hisoblangan Namangan shahrining markaziy qismi anchagina gorizontal qurilgan boʻlib, aholining asosiy qismi xalq tilida “hovli” deb ataluvchi kottejlarda yashaydi. Hududda esa koʻp qavatli uylar va binolar juda kam miqdorda, va asosan yoʻl boʻylarida ikki qator joylashgan. Bu esa yuqorida aytib oʻtilgan “toʻgʻri rejalashtirilgan shaharsozlik” va uning samaradorlik tamoyillariga toʻgʻri kelmasligi koʻrinadi va undan olinadigan qoʻshimcha afzalliklarga erishish imkoniyatlaridan mahrum boʻlayotganimizni bildiradi.

Avvalroq hududdagi Furqat va Guliston mahallalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Namangan siti” loyihasi ushbu holatga ijobiy taʼsir qilishi, markaziy hududdagi vertikal qurilish qayta jonlanishi kutilgan edi. Lekin, bu loyiha 2020 yil 27 sentyabr kuni aholi bilan oʻtkazilgan muloqotda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzaqov Namangan shahridagi ushbu mahallalari oʻrnida qurilishi rejalashtirilgan yangi shahar qarori — “Namangan City” loyihasi bekor qilinganini maʼlum qildi. Yangi shahar qurilishi, yaʼni “Smart City” — “Aqlli Shahar” loyihasi Namangan shahriga tumanlardan qoʻshib berilgan 3686 gektar yerlarda barpo etiladi.[6] Qayd etib oʻtilganidek, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari tashkil etilishida Toʻraqoʻrgʻon va Kosonsoy tumanlaridan ham yer maydonlari qoʻshib berildi. Qolaversa, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hozirgi va shu paytgacha qilinayotgan islohotlar, qurilayotgan bino va inshootlar asosan sugʻoriladigan yerlarda amalga oshirilmoqda. Bu yuqorida aytib oʻtilgan “Toʻgʻri rejalashtirilgan shaharsozlik”ning shahar markaziy qismi hisoblangan joylar vertikal rivojlanishi zarurligi haqidagi gʻoyamizga nafaqat teskari jarayon, balki u yerda jahon talabidagi osmonooʻpar binolar qurilayotgan boʻlsa-da, shahar tabiatga qarab kengayib borayotganini ham koʻrish mumkin. Bu holat iqtisodiyotning sinergetik samarasini kechiktiribgina qolmay, sugʻoriladigan yer resurslarimizni qisqarayotganini namoyon etmoqda va tabiatning bir qismi boʻlishi kerak boʻlgan maydon betonlashmoqda.

**Namangan markazini modernizatsiya qilish: Strategik qadamlar**

Namangan shahri markazidagi hovli uylarni bosqichma-bosqich zamonaviy koʻp qavatli bino va uy-joy majmualariga aylantirish — shaharning iqtisodiy salohiyatini oshirish va urbanizatsiya jarayonini jadallashtirish uchun eng toʻgʻri strategik qadamlardan biridir. Shahar markazida yer resurslari cheklangan bir sharoitda, keng maydonni egallab yotgan bir qavatli hovlilarni vertikal oʻstirish orqali yer samaradorligini oʻn barobargacha oshirish mumkin. Bu jarayon nafaqat aholini zamonaviy va energiya tejamkor uy-joy bilan taʼminlaydi, balki markazdagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini (elektr, gaz, suv va oqova tizimlari) yangilashga va xavfsizlik jihatdan yaxshilanishga turtki beradi.

Shu bilan birga, hovli uylar oʻrnida koʻp qavatli turar joylarning barpo etilishi birinchi qavatlarda xizmat koʻrsatish obʼyektlari, doʻkonlar va ofislar ochilishiga imkon yaratadi, bu esa markazda yuqori qiymatli tadbirkorlik muhitini yanada koʻpaytiradi va yangi ish oʻrinlari yaratadi. Biroq, bu transformatsiya jarayonida shaharsozlikning oltin qoidalariga rioya qilish darkor: aholi zichligi ortishi bilan birga transport infratuzilmasi ham parallel ravishda kengayishi, markaziy koʻchalarda tirbandlik kelib chiqmasligi uchun yerosti avtoturargohlari qurilishi majburiy etib belgilanishi lozim. Eng muhimi, “Aqlli Shahar” kontseptsiyasiga tayanib, qurilishlar orasida yashil maydonlar, ekologik xiyobonlar va ijtimoiy obʼyektlar balansini saqlash, shuningdek, mahalliy aholining mulkiy huquqlarini kompensatsiya va uylarni adolatli baholash orqali toʻliq himoya qilish loyihaning ijtimoiy barqarorligini taʼminlash kerak. Xulosa qilib aytganda, Namangan markazini modernizatsiya qilish — shunchaki eski uylarni buzib, yangisini qurish emas, balki shaharning investitsiyaviy jozibadorligini oshiruvchi va uni yirik iqtisodiy markazga aylantiruvchi kompleks ijtimoiy-iqtisodiy dastur boʻlishi kerak.

Bu yondashuv hududda boʻlayotgan islohotlarni salbiy holatda baholash, ushbu ishlarga ishonchsizlik bilan qarash emas, balki dunyo tajribasida boʻlib kelayotgan va sayqallanib borayotgan ilm-fan yutuqlaridan foydalanish, mavjud resurslardan maksimal samara olish va biz bu amaliyot oʻrniga samarali yoʻllardan foydalansak qanday muqobil foydaga erisha olishimiz mumkinligini koʻrsatish uchun amalga oshirildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.