Namangan shahriga Xitoydan 12 ta avtobus olib kelindi
Namangan shahriga Xitoyda ishlab chiqarilgan 12 ta Yutong avtobuslari olib kelindi. Shu bilan shaharda 2023-yildagi prezident qarori doirasida olib kelingan zamonaviy avtobuslar soni 130 taga yetgan. Navbatdagi avtobuslar “Firdavs trans servis” MCHJ tomonidan keltirilib, 25 tadan ortiq ish o‘rni yaratilgan.

Namangan shahriga Xitoydan 12 ta avtobus olib kelindi
Namangan shahrida jamoat transportini yangilash doirasida Xitoyda ishlab chiqarilgan 12 ta Yutong rusumli avtobus olib kelindi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Navbatdagi 12 ta avtobusni “Firdavs trans servis” MCHJ olib kelgan. Yangi transport vositalari ishga tushirilishi bilan 25 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.
Yangi avtobuslar taqdimotida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, huquq-tartibot idoralari rahbarlari va mas’ullar ishtirok etgan. Tadbir davomida avtobuslarning texnik imkoniyatlari, yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklari hamda ulardan shahar yo‘nalishlarida foydalanish masalalari muhokama qilingan.
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, shu bilan shaharda 2023-yil 16-fevraldagi prezident qarori doirasida olib kelingan zamonaviy avtobuslar soni 130 taga yetgan. Tadbirkorlar tomonidan avvalroq Namangan shahri uchun xorijdan 108 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, ular 10 ta yo‘nalishda brutto shartnoma asosida qatnovlarga chiqarilgan.
Bundan avval iyul oyida Namangan shahriga Xitoydan 12 ta Ankai rusumidagi avtobus keltirilgan edi.
Shuningdek, sentabrda Namanganga Xitoyda ishlab chiqarilgan 10 ta Zhongtong elektrobusi olib kelindi.
Ular “Otchopar — Chorsu” yo‘nalishida brutto shartnoma asosida yo‘lga chiqariladi.

