Iqtisodiyot

Namangan, Samarqand va Navoiydagi tibbiyot muassasalarida fuqarolardan 125 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ undirilgani aniqlandi

Namangan, Samarqand va Navoiydagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar narxini oshirib belgilash orqali fuqarolardan 125 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ undirilgani aniqlandi. Uch muassasaga mablag‘ni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Namangan, Samarqand va Navoiydagi tibbiyot muassasalarida fuqarolardan qariyb 125 mln so‘m ortiqcha mablag‘ undirilgani ma’lum bo‘ldi

Raqobat qo‘mitasi Namangan, Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi uchta tibbiyot muassasasida pulli xizmatlar narxlarini belgilashda qonunchilik talablari buzilganini aniqladi.

O‘rganishlar davomida fuqarolardan qariyb 125 mln so‘m mablag‘ asossiz undirilgani qayd etildi.

Jumladan, Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 2026-yil fevral, mart va aprel oylarida UZI xizmati uchun 416 nafar iste’molchidan jami 34,3 mln so‘m asossiz olingani aniqlandi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu mablag‘lar navbatdagi qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan holda undirilgan.

“Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 10-moddasiga muvofiq, bir xil hajm va sifatdagi ishlar hamda xizmatlar uchun turli narxlar belgilash, jumladan ularni sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish taqiqlanadi.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani sog‘liqni saqlash bo‘limida o‘tkazilgan o‘rganishda 2024−2025-yillarda pulli tibbiy xizmatlar narxlarini belgilangan tartiblarga rioya qilmagan holda oshirish oqibatida bemorlardan 55,7 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingani aniqlandi.

Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati filialida 2023−2025-yillarda pulli tibbiy xizmatlar narxlarini belgilangan talablarga rioya qilmagan holda oshirish holati aniqlangan. Natijada bemorlardan 35 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ undirilgan.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan, Samarqand va Navoiy viloyatlari hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan ushbu uchta tibbiyot muassasasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan.

Muassasalarga tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish, narxlarni maqbullashtirish hamda qariyb 125 mln so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi 8 ta tibbiyot muassasasida narxlar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, 127 mingdan ortiq bemordan 285,4 mln so‘m ortiqcha pul undirilganini aniqlagan edi.

Idora oltita shifoxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atgan va xizmatlar narxlarining o‘rtacha 5−10 foizga arzonlashishini ta’minlagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.