Sport

Nakamura: “Javohir Sindorovga qarshi bahsda jamoam pand berdi”

Nakamura: "Javohir Sindorovga qarshi bahsda jamoam pand berdi"

Amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamura Da’vogarlar turniri doirasida o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorovga qarshi kechgan partiyadagi tayyorgarlik jarayonida yuz bergan voqealar haqida so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu bahsda unga o‘z jamoasi pand bergan.

"Kontent yaratishdagi muvaffaqiyatimning asosiy sabablaridan biri — atrofimdagi kuchli jamoamdir. Men odatda jarayonlarga ko‘p aralashavermayman va o‘z odamlarimga to‘liq ishonaman.

Da’vogarlar turniridagi tayyorgarlikning katta qismida ham shunday bo‘ldi — nazoratni biroz susaytirdim. Barcha ishlarni tahlilchilarga topshirgandim. Balki, hammasini o‘zim qayta tekshirib chiqishim kerak edimi... Ammo ushbu vaziyatda ko‘proq jamoamdan ranjidim.

Partiya vaqtida xato kimdan o‘tganiga yuz foiz amin emasdim. Lekin xolisona aytganda, jamoa meni uyaltirib qo‘ydi. Bahs yakunlanishi bilanoq yordamchim Kris Littljondan: 'Faylda rokirovka bormidi?' — deb so‘radim. U esa: 'Yo‘q, faylda yo‘q edi, bu bizning xatomiz', — deya javob berdi", deydi grossmeyster.

Ma’lumot o‘rnida, 28-martdan 16-aprelga qadar Kiprning Pafos shahrida bo‘lib o‘tgan Da’vogarlar turnirida o‘zbekistonlik Javohir Sindorov g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Shaxmatchilar o‘rtasidagi ilk bahsda Sindorov g‘alaba qozongan, ikkinchi davra o‘yinida esa durang qayd etilgan. E’tiborlisi shundaki, Nakamura Javohirga qarshi birinchi partiyada bitta yurishni amalga oshirish uchun naq 67 daqiqa o‘ylanib qolgan. Amerikalik grossmeyster o‘zining boy tajribasiga qaramay, yosh raqibi tomonidan qo‘yilgan tuzoqdan chiqish yo‘lini topa olmagan. Yakunda u xatoga yo‘l qo‘yib, mag‘lubiyatga uchragan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.