Dunyo

Musulmonlarni qirgan general. Haaga qamogʻida oʻlgan Ratko Mladich kim edi?

Bir necha kun oldin 1995-yil Bosniyaning Srebrenitsa shahrida asosan musulmonlardan iborat 8 mingga yaqin tinch aholini qatliom qilishga buyruq bergan Ratko Mladich Haagada vafot etdi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng Yevropada sodir etilgan eng ommaviy qirgʻindan soʻng Ratko Mladich «bosniyalik qassob» laqabini olgandi. Keyinchalik qoʻlga olinib, Haagada adolat hukmiga topshirilgan jinoyatchi umrbod qamoq jazosi olgandi.

Musulmonlarni qirgʻin qilgan general: Gaaga qamoqxonasida vafot etgan Ratko Mladich kim edi?

XX asrning soʻnggi oʻn yilligi turli voqealarga boy boʻldi. Tarix sahnida 68 yil yashagan va Ikkinchi jahon urushidan soʻng "dunyoning ikkinchi qutbi" sifatida maydonga chiqqan SSSR parchalanib ketdi. Shuningdek, chexlar va slovaklardan iborat Chexoslovakiya tinch yoʻl bilan boʻlinib ketdi. Oltita ittifoqdosh respublikadan tashkil topgan Yugoslaviyaning taqdiri esa biroz murakkab kechdi. Ittifoqdosh respublikalarning mustaqillik eʼlon qilishi hukmron serblarga yoqmadi va urush boshlandi.

Ana shu urush davomida serblar bosniyalik va kosovalik musulmonlarga, shuningdek, xorvatlarga nisbatan ayovsiz munosabatda boʻlib, ularni qirgʻin qildi. Bu qirgʻinlar tepasida bir qator harbiylar, xususan, Bosniya serblari armiyasi qoʻmondoni general Ratko Mladich ham bor edi.

"Bosniyalik qassob"

1943-yilda Bosniyada tugʻilgan Mladich yoshligidan harbiy yoʻnalishda oʻqib, shu yoʻldan ketdi. SSSR parchalangach, Yugoslaviyadagi ittifoqdosh respublikalar ham birin-ketin oʻz mustaqilligini eʼlon qila boshladi. Bu ish Yugoslaviyada asosiy hukmdor boʻlgan Serbiya respublikasi va mamlakatni boshqarayotgan serb rahbarlarga yoqmadi. Belgrad qoʻl ostidagi hududlarni yoʻqotishni istamay, mustaqillik eʼlon qilgan respublikalarning tanobini tortib qoʻyish uchun harbiy harakatlar boshladi. Shu tariqa keng miqyosda qurolli mojarolar boshlandi.

Garchi davlat parchalanib ketgan boʻlsa-da, oʻzini hanuz Yugoslaviya deb atashda davom etayotgan Serbiya harbiylari bir vaqtning oʻzida Bosniya, Xorvatiya va Sloveniyaga bostirib kirdi. Ular safiga mahalliy serblar ham qoʻshildi. Bosniyada vaziyat ayniqsa ogʻir edi, mahalliy serblar Yugoslaviya tarkibida qolishni istar, Bosniya aholisining katta qismini tashkil etuvchi musulmon serblar (boshnoqlar) esa mustaqillik tarafdori edi. Oqibatda mustaqillikni yoqlayotgan musulmonlarga qarshi xunrezliklar boshlandi.

Bosniya serblari armiyasiga general Ratko Mladich qoʻmondonlik qildi, bir qancha qirgʻinlar aynan uning buyrugʻi bilan amalga oshirildi, Srebrenitsadagi dahshatli qatliom ham...

Srebrenitsa qirgʻini

1992-yil boshida Srebrenitsa shahri va uning atrofidagi hududlar Ratko Mladich boshchiligidagi serb armiyasi tomonidan bosib olindi. 1992-yil may oyida Nosir Orich boshchiligidagi Bosniya musulmonlari armiyasi hududni qaytarib oldi. 1993-yil martda hudud yana serblar tomonidan egallandi va Srebrenitsa oʻrab olindi.

Musulmonlarga yordam berishi mumkin boʻlgan Bosniya armiyasi ancha uzoqda edi. Taʼminot yetkazib berishning iloji boʻlmagani uchun Srebrenitsaning musulmon aholisi oziq-ovqat, dori-darmon va yonilgʻisiz qoldi. Shu tariqa, shahar 1995-yilgacha qamalda qolib ketdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.