Mahalliy

Mustaqil Oʻzbekiston ulkan oʻzgarishlar davrida

Material Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yili davomida amalga oshirilgan muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlarga, ayniqsa, 2016–2026 yillardagi keng koʻlamli islohotlar va Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayoniga bagʻishlangan.

Mustaqil Oʻzbekiston: Ulkan oʻzgarishlar davri

Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi davomida mamlakatda chuqur siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Ajdodlar orzu qilgan jamiyat barpo etilib, Oʻzbekiston jahon xaritasida suveren, demokratik va huquqiy davlat sifatida oʻz oʻrni va ovoziga ega boʻldi.

Mustaqillikdan Yangi Oʻzbekiston sari

1991-2016 yillarda davlat mustaqilligini mustahkamlash, milliy davlatchilik asoslarini yaratish va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlat ramzlari, milliy valyuta (soʻm) va Bosh qomus – Konstitutsiya qabul qilindi. Mamlakat xavfsizligini taʼminlashga qodir zamonaviy milliy armiya tashkil etildi. Mintaqadagi nizolar va ichki tahdidlarga qaramay, tinchlik va millatlararo totuvlik saqlab qolindi.

Shoʻrolardan qolgan mustamlaka iqtisodiyoti tugatilib, mustaqil iqtisodiyot barpo etildi. Maʼmuriy-buyruqbozlikka asoslangan rejali iqtisodiyotdan voz kechilib, bozor iqtisodiyotiga oʻtish va mulkchilikning barcha shakllari, jumladan, xususiy mulkning qonuniy asoslari yaratildi. Iqtisodiy tanglikdan chiqilib, iqtisodiyot barqarorlashdi, gʻalla va energiya mustaqilligi taʼminlandi.

1992–2016 yillarda Oʻzbekistonda sanoat tarmoqlari, xususan, yoqilgʻi-energetika, mashinasozlik, kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati jadal rivojlantirildi. Mashinasozlik va metallni qayta ishlash, kimyo va neft-kimyo sanoatini yangilash va modernizatsiya qilish boʻyicha ishlar amalga oshirildi. Avtomobilsozlik (GM Uzbekistan), neft-kimyo sanoati (Shoʻrtan va Ustyurt gaz-kimyo majmualari) kabi yangi sohalar paydo boʻldi.

Qishloq xoʻjaligi xomashyosini (paxta va gʻalla) mahalliy korxonalarda qayta ishlab, tayyor mahsulot chiqarishga qaratilgan tarmoqlar kengaytirildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, jumladan, xizmat koʻrsatish va kichik ishlab chiqarish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Qamchiq dovoni orqali temir yoʻl va tunnel, shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi ishga tushirildi.

Islohotlar strategiyasi va taraqqiyotning yangi modeli

2016 yildan boshlab mamlakat tarixida Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga asos solgan chuqur oʻzgarishlar davri boshlandi. Bu davr yurtimiz tarixiga tub burilish, yangilanish va jadal modernizatsiya davri sifatida muhrlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan keng koʻlamli islohotlar mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy qiyofasini tubdan oʻzgartirdi.

Bu davrda “Inson qadri uchun” tamoyili davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish va xalqaro maydonda Oʻzbekiston nufuzini mustahkamlashda misli koʻrilmagan natijalarga erishildi.

Yangi iqtisodiy siyosat puxta oʻylangan, ilmiy asoslangan va strategik maqsadlarga tayangan dasturlar asosida amalga oshirila boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahbarligida uchta yirik strategiya ishlab chiqildi va izchillik bilan hayotga tatbiq etildi: “2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”, “Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026 yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi” va “Oʻzbekiston - 2030” strategiyasi. Ular mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqdi.

Bu dasturlar mantiqiy jihatdan bir-birini toʻldirib, Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy va strategik asos yaratdi.

“2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi” mamlakat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan dastlabki ulkan qadam boʻldi. Uning doirasida tasdiqlangan 2017 yil uchun “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili ostida davlat va jamiyat boshqaruvini tubdan isloh qildi. Aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa qilish tizimini yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi.

Iqtisodiyotda uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni hal etish, ayniqsa, milliy valyutaning erkin konvertatsiyasini joriy qilish va tashqi savdodagi toʻsiqlarni olib tashlash aynan shu davrda amalga oshirildi. Bu islohotlar xorijiy investorlar uchun Oʻzbekiston bozorini ochib berdi.

“2022–2026 yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi” uning mantiqiy davomi boʻlib, mamlakatda inson huquqlari va qadr-qimmatini ulugʻlash, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va milliy iqtisodiyotni innovatsiyalar asosida yuksaltirishni maqsad qildi. Unda yalpi ichki mahsulot hajmini keskin oshirish, kambagʻallikni jiddiy qisqartirish va tadbirkorlik uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish ustuvor vazifa etib belgilandi. Bu strategiyalar doirasida qabul qilingan yil dasturlari davlat byudjetining katta qismini ijtimoiy sohaga, taʼlim, tibbiyot va infratuzilmani yaxshilashga yoʻnaltirilishini taʼminladi.

Avvalgi strategiyalarning davomi sifatida qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning oʻrta va uzoq muddatli istiqboldagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy rivojlanish yoʻnalishlarini belgilab beruvchi, inson manfaatlarini bosh oʻringa qoʻygan bosh dasturiy hujjat hisoblanadi. Uning Prezidentning 2026 yil 16 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan yangilangan varianti esa jahondagi iqtisodiy va texnologik oʻzgarishlar, real sharoitlar hamda keng jamoatchilik takliflari asosida islohotlarni yanada aniq, oʻlchanadigan va raqamlashtirilgan tizimga oʻtkazishga xizmat qiladi.

Strategiya taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish; barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun yalpi ichki mahsuloti hajmini va aholi jon boshiga daromadlarni sezilarli oshirish; suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va "yashil iqtisodiyot"ga oʻtish; xalq xizmatidagi davlat apparatini yaratish, korruptsiyaga qarshi kurashish va sud tizimi mustaqilligini taʼminlash; ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosatni davom ettirish, xavfsizlikni mustahkamlash yoʻnalishlarini qamrab olgan.

Uning yangilangan variantida YAIM hajmi avval belgilangan 160 milliard dollardan 240 milliard dollarga, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad esa ilk variantdagi 4 000 dollardan 5 800 dollarga oshirildi.

Iqtisodiyot va tadbirkorlik

2016-2026 yillarda Oʻzbekiston makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolgan holda, yuqori oʻsish surʼatlarini namoyish etdi. Jumladan, 2025 yilda YAIM hajmi 7,7 foizga oʻsdi va 147 milliard dollarga yetdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 25 avgust kuni mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yangi obʼyektlarni ishga tushirish marosimida taʼkidlaganidek, “Soʻnggi oʻn yil mamlakatimiz tarixida yangi Uygʻonish davri – Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi”.

Bu davrda iqtisodiyot hajmi 2,5 baravardan ziyod oshdi. Iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirildi, qariyb 6 million nafar aholi doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.

Iqtisodiyot shiddatli ravishda oʻsmoqda. Har oyda yangi zavod-fabrikalar qurib bitkazilmoqda. Masalan, 25 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev bir kunning oʻzida 163 ta yangi obʼyektni ishga tushirdi.

Mamlakat iqtisodiyotiga jalb etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi ham bir necha baravarga ortdi. Xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, valyuta bozorining erkinligi va mulk huquqining kafolatlanishi natijasida Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda investitsiyaviy jozibadorlik markaziga aylandi. Sanoat sohasida anʼanaviy xomashyo eksport qiluvchi davlatdan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mamlakatga aylanish sari katta qadamlar tashlandi. Toʻqimachilik, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va elektrotexnika tarmoqlari iqtisodiy oʻsishning lokomotivlariga aylandi.

Tashqi savdo aylanmasi ham sezilarli darajada kengaydi. Oʻzbekiston jahonning 160 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini oʻrnatdi. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi ortdi, "Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlar jahon bozorlaridan munosib oʻrin egalladi. Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayoni tezlashtirildi, bu esa milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun yangi ufqlarni ochmoqda.

Bu davrda aholi real daromadlarining sezilarli oʻsishi va kambagʻallik darajasining keskin kamayishi taʼminlandi. Xususan, 2016 yildan 2025 yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekistonda aholining real umumiy daromadlari qariyb 2 baravarga oshdi, kambagʻallik darajasi esa 2021 yildagi 17 foizdan 2025 yil yakuniga kelib 5,8 foizgacha pasaydi.

Yangi Oʻzbekistonda sanoat sohasida texnologik inqilob amalga oshirildi. Kimyo va gaz-kimyo sanoatida Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining kengaytirilishi, yangi metallurgiya zavodlarining qurilishi, toʻqimachilik sohasida paxta xomashyosini toʻliq mamlakat ichida qayta ishlash tizimiga oʻtilishi tarixiy voqea boʻldi. Ilgari paxtani arzon narxda xomashyo sifatida eksport qilgan Oʻzbekiston, bugungi kunga kelib tayyor kiyim-kechak va yuqori sifatli iplar eksport qiluvchi yetakchi davlatga aylandi. Bu sohada klaster tizimining joriy etilishi qishloq xoʻjaligida yangi davrni boshlab berdi.

Qishloq xoʻjaligida majburiy mehnatga, jumladan, bolalar mehnatiga butunlay chek qoʻyildi. Bu islohot Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻsini yuksaltirdi va "Cotton Campaign” koalitsiyasining oʻzbek paxtasiga boykotini bekor qilishiga olib keldi. Yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish, tomchilatib sugʻorish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish davlat tomonidan subsidiyalandi. Bu chora-tadbirlar global iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligi sharoitida ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini barqaror saqlash va oshirish imkonini berdi.

Tadbirkorlik sohasida ham tub oʻzgarishlar yuz berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Agar xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi” degan gʻoyasi asosida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng yoʻl ochildi. Ular faoliyatini asossiz tekshirishlar taqiqlandi, litsenziyalash va ruxsat berish tartiblari soddalashtirildi. Soliq islohotlari natijasida qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) stavkasi 20 foizdan 12 foizga tushirildi, bu esa biznes vakillari ixtiyorida trillionlab mablagʻlar qolishini taʼminladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YAIMdagi ulushi 50 foizdan oshdi va u aholini ish bilan taʼminlaydigan oʻta muhim sohaga aylandi. Har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha imtiyozli kreditlash dasturlari yoʻlga qoʻyildi. Bu choralar tufayli yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratildi, aholining tadbirkorlik tashabbuslari davlat tomonidan moliyaviy ragʻbatlantirildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari orqali chekka qishloqlardagi minglab oilalar barqaror daromad manbaiga ega boʻldi.

Bu davrda mamlakatimiz qiyofasi tubdan oʻzgartirildi. Yoʻl-transport, energetika va kommunal sohalarda keng koʻlamli qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borildi. Minglab kilometrlik ichki yoʻllar asfaltlandi, xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari rekonstruktsiya qilindi. Temir yoʻl transporti tizimida elektrlashtirish ishlari jadallashib, tezyurar "Afrosiyob” poyezdlari qatnovi yangi hududlarni, jumladan Xiva va Buxoroni qamrab oldi.

Energetika sohasida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga - quyosh va shamol energetikasiga oʻtish boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchilik pozitsiyasi egallandi. Saudiya Arabistonining "ACWA Power”, БААнинг "Masdar” va boshqa yirik xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda Samarqand, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida yirik quyosh va shamol elektr stantsiyalari ishga tushirildi. Bu yashil energetika loyihalari mamlakatning ekologik barqarorligini taʼminlash va elektr energiyasi taqchilligini bartaraf etishda muhim qadam boʻldi.

Urbanizatsiya jarayonlari ham yangi bosqichga chiqdi. "Obod qishloq” va "Obod mahalla” dasturlari doirasida yuzlab chekka hududlar zamonaviy qiyofaga ega boʻldi, ichimlik suvi va tabiiy gaz tarmoqlari tortildi. Shaharlarda aholi uchun arzon va shinam koʻp qavatli uy-joylar qurilishi surʼati keskin oshdi. Yangi Toshkent shahri loyihasi kabi mega-loyihalar boshlandi, bu esa mamlakatning iqtisodiy qudrati va arxitekturaviy salohiyatini namoyish etadi.

Inson kapitali

2016-2026 yillarda ijtimoiy siyosat davlat faoliyatining eng markaziy yoʻnalishi boʻldi. Uzoq yillar davomida yashirib kelingan kambagʻallik muammosi tan olindi va uni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar boshlandi. Mahallabay ishlash tizimi joriy etilib, "Temir daftar”, "Ayollar daftari” va "Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manzilli qoʻllab-quvvatlandi. Ular keyinchalik yagona elektron platformaga birlashtirildi. Mahallalarda "hokim yordamchilari” va "yoshlar yetakchilari” lavozimlari joriy etilgani muammolarni joyida hal etish samaradorligini oshirdi.

Taʼlim tizimini rivojlantirish sohasida tub burilish yasaldi. Maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 2016 yildagi 27 foizdan 2026 yilga kelib 74 foizdan oshdi. Oliy taʼlim sohasida ham katta islohotlar amalga oshirildi: oliy oʻquv yurtlari soni 60 tadan 210 dan ziyodga yetkazildi, qamrov darajasi esa 9 foizdan 43 foizdan yuqori koʻrsatkichga koʻtarildi. Mamlakatda nufuzli xalqaro xorijiy universitetlarning filiallari ochildi, oliy taʼlim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi. Maktab taʼlimi tizimida Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi yaratildi, bu esa iqtidorli yoshlarni tarbiyalashda muhim omil boʻldi.

Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, tibbiyotni raqamlashtirish va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni hududlarga yaqinlashtirish borasida ulkan ishlar bajarildi. Tez tibbiy yordam tizimi zamonaviy avtotransport vositalari va aloqa tizimlari bilan toʻliq yangilandi. Kam taʼminlangan oilalarga bepul tibbiy xizmat koʻrsatish hajmi kengaytirildi, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etila boshlandi.

Dunyoga ochilish

Bir paytlar yopiqlik siyosati bilan yashagan mamlakat 2016 yildan boshlab tashqi siyosatda ochiqlik, pragmatizm va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga oʻtdi. Markaziy Osiyo mintaqasi davlat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi. Koʻp yillar davomida hal etilmay kelinayotgan chegara muammolari, suv-energetika masalalari va transport koridorlari boʻyicha qoʻshni davlatlar - Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Buning natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi - ishonch va hamkorlik muhiti shakllandi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalardagi faolligi sezilarli darajada ortdi. Mamlakat tomonidan ilgari surilgan global va mintaqaviy tashabbuslar, jumladan, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi BMT rezolyutsiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi. Oʻzbekiston jahon siyosatida faol kuch, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikning kafolati sifatida tan olindi.

Taraqqiyotning yangi bosqichi

Muxtasar aytganda, 1992-2026 yillarda Oʻzbekiston tom maʼnoda haqiqiy mustaqil, bozor iqtisodiyotiga asoslangan, iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan davlatga aylandi. Ayniqsa, 2016–2026 yillar Oʻzbekiston uchun nafaqat yuksak makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish davri, balki jamiyatning dunyoqarashi oʻzgargan, xalqning davlatga va kelajakka boʻlgan ishonchi mustahkamlangan tarixiy bosqich boʻldi. Harakatlar strategiyasidan boshlanib, Taraqqiyot strategiyasi va "Oʻzbekiston - 2030” strategiyasi bilan davom etayotgan izchil islohotlar mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlamoqda.

Bugungi Yangi Oʻzbekiston - iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan, aholining real turmush darajasi tobora oshib borayotgan, tadbirkorlik qoʻllab-quvvatlanayotgan, taʼlim va ilm-fanga yuksak eʼtibor qaratilayotgan, xalqaro maydonda oʻz soʻziga ega boʻlgan qudratli davlatdir.

Shu kunga qadar bosib oʻtilgan zafarli yoʻl mamlakatning toʻgʻri strategik yoʻnalishda ketayotganini isbotladi, Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessans asoslarini barpo etish uchun mustahkam zamin yaratdi. Aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning tinch, munosib va farovon hayotini taʼminlash amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishi boʻlib qolmoqda.

Taʼkidlash lozimki, erishilgan natijalar Yangi Oʻzbekistonning kelajagini belgilab beradigan kelgusi rivojlanish va vazifalarni hal etish uchun asos barpo etdi. Bu davr jamiyat hayotining barcha jabhalari butunlay oʻzgartirilgan va jadal rivojlanayotgan zamonaviy mamlakatga aylangan davlat tarixining oʻta muhim va tub burilish bosqichi sifatida zarhal harflar bilan yoziladi!

Odil Olimjonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.